Янгиликлар
Pensiya tayinlashdagi oʻzgarishlar
Pensiya tayinlashdagi oʻzgarishlar
Vazirlar Mahkamasining 14.10.2022-yildagi “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 592-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan sohaga oid atamalar kengaytirilib, ularga aniqlik kiritilmoqda. Masalan, endilikda mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar, 2021-yil 1-iyundan keyingi davr uchun turmush oʻrtogʻining mehnatga haq toʻlash tarzidagi oʻz daromadidan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq toʻlangan jismoniy shaxs, qonunchilik hujjatlariga asosan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ham “band shaxs” deb tushuniladi.
Yangi tartibga koʻra:
tashkilot maʻmuriyati toʻplangan barcha hujjatlar asosida pensiya tayinlash uchun taqdimnomani rasmiylashtiradi va Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi oʻrinlarda - “YaMMT”) orqali pensioner yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga yuboradi;
shaxs pensiya tayinlash toʻgʻrisida Pensiya jamgʻarmasining boʻlimiga bevosita tashrif buyurgan holda va/yoki elektron pochta orqali murojaat qilish huquqiga ega;
agarda “YaMMT”da tegishli maʻlumotlar mavjud boʻlsa (ish staji, oylik haqida maʻlumot va h.k.) arizaga tegishli hujjatlarni ilova qilish talab etilmaydi;
arizaga kerakli hujjatlar ilova qilinmagan taqdirda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi 5 kun ichida tashkilot maʻmuriyatiga (yozma) yoki arizachiga (yozma yoki sms-xabar orqali) qoʻshimcha hujjatlarni ilova qilish lozimligi haqida xabar beradi.
Shuningdek, pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur boʻlgan maʻlumotlar:
jamgʻarib boriladigan pensiya tizimidan;
Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestridan;
fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestridan;
“YaMMT” va boshqa vazirlik idoralarning axborot tizimlaridan olinganida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya tayinlash uchun mavjud maʻlumotlarni tekshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashda shaxsning vafot etganligi toʻgʻrisidagi, pensiya tayinlanayotgan shaxsni vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlari toʻgʻrisidagi (nikohda ekanligi, nikoh bekor qilinganiligi), pensiya tayinlanayotgan shaxsning yoshi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan Adliya vazirligining “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan elektron soʻrov yuborish orqali olinadi va pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsdan ushbu faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar yoki maʻlumotnomalar qabul qilinmaydi.
Vafot etgan boquvchining 18-23 yoshdagi oila aʻzosi Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʻlim tashkilotining oʻquvchisi yoki talabasi ekanligi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligining axborot tizimidan olingan elektron soʻrovi orqali aniqlanadi.
Qo`ziyev Shohruhmirzo Olim o`g'li
O`rta Chirchiq tumani adliya bo`limi
yetakchi maslahatchisi