Янгиликлар
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi tashkil etildi.
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.06.2021-yildagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan, markaz faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlarning faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlash;
yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlarga sifatli va malakali yuridik yordam koʻrsatish;
yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish;
yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlarning mulkiy hamda boshqa huquq va qonuniy manfaatlari oʻz vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini taʼminlash;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli boʻlishini taʼminlash.
Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari bizga nima beradi?
Davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlar qonun ustivorligini taʼminlash maqsadida 1993-yilda tashkil etilgan edi.
2017-yilga kelib, ularga alohida maqom berildi: tashkilotda yurist shtatini qisqartirish taqiqlandi, ularga martaba darajasi berish joriy qilindi, har bir shartnoma, buyruq, yuridik hujjatlar yuriskonsultdan oʻtishi majburiyligi belgilandi va hokazo.
Ammo bugungi kunga kelib tuman darajasidagi davlat organlari yuridik xizmatlarning ish koʻlami va sifati tahlil qilinganda, ularning faoliyati kutilgan samarani bermayotganligi maʼlum boʻldi.
Yuridik xizmatlarning qonuniylik va qonun ustivorligini taʼminlash borasidagi faoliyati ularning mustaqil emasligi, rahbar xodimlarning ularga bevosita yoki bilvosita taʼsiri ostida yetarlicha samara bermayapti, bu esa oʻz navbatida, davlat organlari va tashkilotlarida noqonuniy ishlarning avj olishiga imkon yaratishi shubhasiz.
Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari esa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga buysinmaydi, ularning taʼsiri ostida boʻlmaydi, yaʼni ular toʻla mustaqil faoliyat olib boradi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustivorligini taʼminlash sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtariladi.
Ikkinchidan, yuridik xizmat koʻrsatish sifati oshadi.
Taʼkidlab oʻtish kerakki, tuman darajasidagi yuridik xizmat xodimi tomonidan qonunchilikda ularga yuklangan 39 ta funksiyalardan 30 tasi bajarilishi lozim boʻlsa-da, biroq amaliyotda ushbu yuridik xizmat xodimining tashkilotdagi vazifasi bor-yoʻgʻi buyruqlar va shartnomalarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish (asosan viza qoʻyish), zaruratga qarab sud majlislarida ishtirok etishdan iborat boʻlgan.
Uchinchidan, ortiqcha oʻrganishlar, tekshirishlar oldi olinadi.
Yuridik xizmatlar tashkilotlarda qonun ustivorligini va qonuniylikni taʼminlay olmaganligi sababli, tashkilotdagi qonunbuzulishlar adliya boʻlimlari tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlardan keyingina bartarf etilmoqda.
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari adliya boʻlimlari huzurida tashkil qilinganligi sababli, tuman darajasidagi yuridik xizmatlar faoliyatini oʻrganish, tekshirish zarurati qolmaydi, bevosita nazorat vujudga keladi. Bu ham adliya xodimlari mehnat unumdorligi oshishiga, fuqarolarga xizmat oʻrsatishi uchun koʻproq vaqt ajratilishiga zamin yaratadi.
Toʻrtinchidan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi.
Tuman darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining sust ekanligi yuridik xizmat xodimlari tomonidan hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Tuman, shahar darajasidagi davlat organlarida yuridik tusdagi barcha hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari elektron shaklga oʻtkazildi va “E-huquqchunos” elektron tizimini chetlab oʻtgan holda qabul qilingan buyruq va shartnomalar yuridik kuchga ega boʻlmasligi, shuningdek, ular hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning qabul qilinishi tuman, shahar darajasidagi davlat organlari va tashkilotlariga yuqori darajadali yuridik xizmat koʻrsatilishi, ularning faoliyatida qonuniylik va qonun ustivorligini yanada mustahkamlash, bugungi kunda yuridik taʼminotga ega boʻlmagan irrigatsiya, qurilish, veterinariya, byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi kabi tashkilotlarga yuridik xizmat koʻrsatish, ortiqcha qogʻozbozlik va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish imkoniyatlarini yaratib berdi.
Parkent tuman yuridik xizmat
koʻrsatish markazi boshligʻi S.R.Xasanboyev