Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar islohatlarda.


Xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar islohatlarda.

 

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jamiyatdagi ularning mavqeini mustahkamlash, ilgʻor gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martda “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4235-son qarori ushbu sohadagi islohotlarni yangi pogʻonaga koʻtardi.

Mazkur hujjat mamlakatimizda ayollarning oila hamda jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash borasida, jumladan, mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning huquqiy asosi boʻlib xizmat qilishi ahamiyatli hisoblanadi.

Mazkur Qarorga koʻra, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida, 2019-yil 1-maydan quyidagilar belgilanadi:

- ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinadi;

- tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanadi;

- bola parvarishlash taʼtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili beriladi;

- ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;

- ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi;

- erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari ushbu qarorda nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega boʻlgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni tashkil etish va ularning asosiy vazifalari belgilangan.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar faol, tashabbuskor, fidoyi ayollar safining kengayishiga, eng muhimi, xotin-qizlarning oiladagi, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi oʻrnini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Shuningdek, ayollar huquqlarini taʼminlashda davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi saʼy-harakatlarini birlashtirish, ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha aholining huquqiy madaniyatini oshirish ularning huquq va manfaatlarini taʼminlanishida muhim ahamiyatli jarayon hisoblanadi.

 

Parkent tumani adliya boʻlimi yuridik

hizmat koʻrsatish markazi boshligʻi                              S.R.Xasanboyev