Янгиликлар
Dehqon xo‘jaligini hisobga qo‘yish yoki dehqon xo‘jaligini yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini bilasizmi?.
Dehqon xo‘jaligini hisobga qo‘yish yoki dehqon xo‘jaligini yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini bilasizmi?.
Dehqon xo‘jaligi dehqon xo‘jaligi boshlig‘ining davlat xizmatlari markazlariga shaxsan tashrifi vositasida yoki O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatlarining Yagona interaktiv portali orqali hisobga qo‘yiladi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Dehqon xo‘jaligini hisobga qo‘yish uchun dehqon xo‘jaligining boshlig‘i dehqon xo‘jaligi a’zolarining tarkibi to‘g‘risidagi axborotni (qarindoshlik darajasini ko‘rsatgan holda) va dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, dehqon xo‘jaligi yuridik shaxs tashkil etgan holda tuzilgan taqdirda esa — dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berilganligini tasdiqlovchi hujjatni va ta’sis hujjatlarini taqdim etadi.
Hisobga qo‘yilganidan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin dehqon xo‘jaligi boshlig‘iga Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirma beriladi.
Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmada dehqon xo‘jaligining boshlig‘i va a’zolari, dehqon xo‘jaligining ixtisoslashuvi, dehqon xo‘jaligi hisobga qo‘yilgan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana, dehqon xo‘jaligining tashkiliy-huquqiy (yuridik shaxs tashkil etgan holdagi yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi) shakli to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasining ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasi muddati ko‘rsatiladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan (meros bo‘yicha o‘tgan) yer uchastkalariga nisbatan Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmada yer uchastkasiga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi hujjatda mavjud bo‘lgan axborot ko‘rsatiladi.
Dehqon xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik, dehqon xo‘jaliklarini hisobga qo‘yganlik yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik hamda Dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmalar berganlik uchun davlat boji va yig‘im undirilmaydi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasining 02.04.2021 yildagi “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-680-sonli Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Parkent tumani adliya
bo‘limi bosh maslahatchisi A.Xamdamov