Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

BEZORILIKKA OID IShLARNING BIR-BIRIDAN FARQI


BEZORILIKKA OID IShLARNING BIR-BIRIDAN FARQI

Sudlarda bezorilik jinoyati bilan ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanadigan mayda bezorilikni bir-biridan farqlash bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha turli huquqshunoslar tomonidan muntazam ravishda xilma xil fikrlar bildirilib kelinmoqda. Bu sudlar tomonidan bezorilik jinoyati va ma'muriy huquqbuzarlikni bir-biridan farqlash uchun har bir ma'muriy yoki jinoiy holatning tarkiblariga sinchkovlik bilan yondoshib, chuqur tahlil qilishni va to‘plangan hujjatlarni qo‘shimcha dalillar bilan taqqoslagan holda har bir holat bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelishni taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2002 yil 14 iyundagi 9-sonli Qarorida bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o‘zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog‘liq holda sodir etiladi. Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun yuqorida ko‘rsatilgan oqibatlarning barchasi bir vaqtda mavjud bo‘lishi talab etilmaydi deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deganda, normativ-huquqiy hujjatlar, odob va axloq normalari, urf-odat, an'analar bilan belgilangan jamoat tartibini (odamlararo munosabatlar, yurish-turish qoidalari, shakllangan ijtimoiy turmush tarzini) qo‘pol tarzda buzish tushuniladi. Qonun mazmuniga ko‘ra huquqbuzar o‘zining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi lozim. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan jamoat tartibini buzish o‘rtasida sababiy bog‘lanish bo‘lishi shart. Sababiy bog‘lanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat deb baholanishi lozim.

Mayda bezorilik tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida berilgan bo‘lib, uning mazmuniga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so‘zlar aytish, behayo qiliqlar ko‘rsatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini boshqacha tarzda buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslikda ifodalanadi. Bunda Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud bo‘lmasligi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, basharti, huquqbuzarlarning harakatida Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi alomatlari bo‘lmasa, Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining «b» bandi bilan kvalifikatsiya qilish mumkin emas.

Agarda huquqbuzar o‘zining mayda bezorilik harakatlarini davom etib, huquqbuzarning keyingi harakatlari shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan bo‘lsa, shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ushbu holatda ham huquqbuzarning ushbu harakatlarni sodir etish jarayonida uning sub'ektiv tomoni ya'ni maqsadiga alohida e'tibor berish lozim bo‘ladi.

Huquqshunos olim L.I.Aitstova bezorilik jinoyatining ob'ektiv tomoni quyidagi holatlarda namoyon bo‘lshini ko‘rsatgan:

-jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish;

-jamiyatga nisbatan aniq hurmatsizlikni ifodalash;

-fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish yoki zo‘ravonlik ishlatish bilan qo‘rqitish, shuningdek mol-mulkini nobud qilish;

Jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish deganda, odamlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan axloq-odob qoidalarini qo‘pol ravishda buzish, fuqarrolarning huquqlari, mol-mulkiga zarar yetkazish, huquqbuzarning harakatlari transport vositalarining vaqtincha to‘htatilishiga sabab bo‘lishi kabilarda namoyon bo‘ladi deb ta'kidlab o‘tgan.

Jamoat tartibi jinoiy-huquqiy himoya ob'ekti sifatida ijtimoiy munosabatlarning umumiyligi, jamoat tinchligi, jamoat axloq me'yorlariga rioya qilish, shu jumladan, fuqarolarning qonunlarga bo‘ysunadigan barqaror xatti-harkatlari jamoat joylarida transport vositalarining uzluksiz harakati, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning uzluksiz faoliyat olib borishi tushuniladi.9

Jamoat tartibiga – xavfsizlik va fuqarolarning tinchligi, o‘zgalar mulkini saqlashni, jmoat va davlat tashkilotlari, korxornalar, muassassalar, tashkilotlarning bir me'yorda ishlab. turishini ta'minlashga yo‘naltirilgan odamlar o‘rtasidagi axloq va huquq normalariga asoslangan munosabatlar tartibi. Mazkur munosabatlarga rioya qilinmasligi oqibatida bezorilik jinoyati vujudga keladi. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik mo‘ljallanmagan joylarda spirtli ichimliklar iste'mol qilish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish, uyatli so‘zlar bilan sukinish, jamoat joylarida ochiqchasiga hojat chiqarish, yalong‘och holda bo‘lish, hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, o‘simliklarga zarar yetkazish ukabi umum e'tirof etilgan odob-ahloq qoidalariga mensimaslikda ifodalanadi. Qonun mazmuniga ko‘ra, aybdor o‘zining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglab yetishi lozim. Mazkur holatda huquqbuzarning ushbu xatti-harakatlari bilan jamoat tartibini buzish o‘rtasida sababiy bog‘lanish bo‘lishi shart. Sababiy bog‘lanish bo‘lmagan holatda qilmish shaxsga yoki mulkka qaratilgan huquqbuzarlik yoki jinoyat deb malakalanadi.

JKning 277-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan va urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan bezorilik urish-do‘pposlash yoki badangan yengil shikast yetkazish amalga oshirilgan paytdan tugallangan hisoblanadi. O‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoki nobud qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik ancha miqdorda zarar yetkazish tarzidagi oqibat yuz bergan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.

Sub'ektiv tomondan bezorilik to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Aybdor jamoat tartibini buzayotgani, do‘pposlayotgani, badanga shikast yetkazayotgani yoki o‘zganing mulkini nobud qilayotgani yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi va bu harakatlarni amalga oshirishni istaydi.

Ushbu holatda o‘zganing mulkiga shikast yetkazish va nobud qilish tushunchalarining bir-biridan mazmun jihatdan farq qilishini holatga to‘g‘ri huquqiy baho berish uchun bilish kerak. Ya'ni mulkka shikat yetkazish–qisman yaroqsiz holga keltirilgan mulkni muayyan sarf-harajatlar evaziga tiklash imkoniyatining mavjudligini, mulkni nobud qilish deganda, uni batamom yaroqsiz holga, ya'ni mulkdan ko‘zlangan maqsadda foydalanib bo‘lmaydigan holga keltirilishini tushunish lozim10.

Bezorilik jinoyatining motivi bezorilik, ya'ni jamiyatga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik motovi bo‘lib, u o‘zining atrofdagilarga g‘ayriqonuniy qarshi qo‘yish, o‘zining alohida shaxsiyatini namoyon qilishda, dag‘al kuchni namoyish etishda aks etadi. Bunda jinoiy harakat qanday predmetga qaratilganligi va u qaysi ijtimoiy munosabatlar tizimida amalga oshirilayotganligi ahamiyatga ega emas.

Jamiyatga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik deganda, umum e'tirof etilgan, axloq, hukmron odatlar, an'analar bilan mustahkamlangan xulq-atvor qoidalari va me'yorlarini namoyishkorona mensimaslikni tushunish lozim. Bezorilik niyati jinoiy qilmishning o‘zi, jamoat tartibini buzish sub'ektga lazzat bahsh etishini anglatadi. Bezorilikning maqsadi zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan jabrlanuvchini esankiratib qo‘yish, uning irodasini sindirish, uni o‘z hukmiga bo‘ysundirishda namoyon bo‘ladi.

O‘n olti yoshga to‘lgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs JKning 277-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan bezorilikning sub'ekti hisoblanadi, ushbu moddaning 2- va 3- qismlari bo‘yicha esa 14 yoshga to‘lgan shaxslar sub'ekt hisoblanadi.

Mayda bezorilik ko‘pincha jamoat joylarida amalga oshiriladi, ya'ni ommaning qabul qilish idrokiga tayaniladi. Biroq jamoatga yoki inson sha'niga nisbatan mensimaslik munosabati (uyatli so‘zlar yozish, maysazor, gulpushta, gulzorlarni buzish va hokazolar) ma'lum bo‘lib qolishini e'tiborga olib, huquqbuzarlik yashirincha bajarilgan bo‘lishi mumkin.

Mayda bezorilik sub'ektiv tomondan qasddan va ko‘pincha oshkora amalga oshirilishi bilan tavsiflanadi. Aybdor qonunga qarshi xatti-harakat qilayotganini tushunadi va shuning natijasida yomon oqibatga olib kelishiga — jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligi buzilishiga yo‘l qo‘yadi. Mayda bezorilik onda-sonda egri niyat bilan amalga oshiriladi. 11.

Yuqorida keltirib o‘tilgan tahlillardan shu narsa ma'lum bo‘ladiki, bezorilik jinoyati bilan mayda bezorilik huquqbuzarligining bir-biridan asosiy farqi, ularning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda huquqbuzarlik ob'ekti, ob'ektiv tomoni va sub'ektiv tomoniga alohida e'tibor bergan holda farqlanadi.

Quyi Chirchiq tuman adliya

bo‘limi yetakchi maslahatchisi

A.Kazimbaev