Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

Oila qonunchiligida ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari va xorij tajribasi


Oila qonunchiligida ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari va xorij tajribasi

Ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari har doim davlat va jamiyat ehtiyojida bo‘lib kelgan. Bu holat muayyan davlatda shakllangan urf-odatlar, kishilarning dunyoqarashi va jamiyatdagi diniy-dunyoviy aqidalarning ta'sirida turlicha bo‘lishi mumkin. Biroq hamma holatlarda ham davlatlar ayollar huquqlarini himoya qilishda, ularga nisbatan bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli tayziq va tajovuzlar uchun keskin va qa'iy choralarni ko‘rishga harakat qiladilar.

Ayollar huquqlarini himoya qilish sohasidagi amalga oshirilgan mazkur islohotlar silsilasida ushbu munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Shu bois ayollar huquqlarini himoya qilishning oilaviy-huquqiy masalalari va O‘zbekiston Respublikasining oila qonunchiligida belgilangan ayollar huquqlarini himoya qilish  mexanizmlarini izohlash dolzarbdir.

Oila kodeksida ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab huquqiy kafolatlar belgilangan. OKning 2-moddasi oilaviy munosabatlarda ayol va erkakning teng huquqliligiga bag‘ishlanadi. Ushbu moddaga ko‘ra bunday tenglik quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:

1) erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi; 2) er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi; 3) ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi; 4) oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish; 5) voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a'zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi.

Mazkur tamoyillar oilaviy munosabatlarda ayollarning huquqlar erkaklar bilan teng ekanligi, ichki oilaviy masalalarni hal qilishda ularning fikri bilan hisoblashish lozimligi kabi o‘ta muhim prinitsipal qoidalarni ifodalaydi.

Oila kodeksining 4-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, ona va bola manfaatlarini muhofaza qilish ayollarning mehnati va sog‘lig‘ini saqlashga doir maxsus tadbirlar ko‘rish, mehnatni onalik bilan bog‘lab qo‘shib olib borish uchun ayollarga sharoit yaratish, onalik va bolalikni huquqiy himoya qilish, moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ta'minlanadi.

Oilada ayollar huquqlari haqidagi gap ketganda onalik va bolalikning muhofazasi masalalariga to‘xtalib o‘tmaslikning iloji yo‘q, albatta. Oilada ona va bolaning manfaatlarini himoya qilishning ko‘plab mexanizmlari belgilangan. Ko‘p hollarda ona va bolaning manfaatlari bir-biriga muvofiq ko‘riladi va ularni alohida holda talqin etish mumkin emas. Xususan, homiladorlik davrida va bola hayotining dastlabki davrlarining uning manfaatlarini ona ifoda etadi va insofli ona uchun bolaning manfaatlarini ustuvor tus kasb etadi.

Bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish kelin nikoh yoshiga yetmasidan nikoh qayd etilishi uchun asoslardan biri sanaladi (Oila kodeksining 15-moddasi), shuningdek homiladorlik va tug‘ish nikohlanuvchilar nikohni qayd etish uchun belgilangan bir oylik muddat o‘tmasidan oldin ham nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish imkonin beradi (Oila kodeksining 13-moddasi). Mazkur normalar ayolning qonuniy nikohda farzandli bo‘lishi hamda bolaning yuridik rasmiylashtirilgan oilada tug‘ilishi va o‘sishi uchun sharoitlarni mustahkamlovchi normalar hisoblanadi.

Ayolning oilaviy munosabatlardagi huquqlarini himoya qilish mexanizmlari bevosita er-xotining shaxsiy-nomulkiy va mulkiy huquqlarni amalga oshirishdagi tengligida ham namoyon bo‘ladi. Masalan, er-xotinning bolalar tarbiyasi va oila turmush masalalari hal etishdagi tengligi (Oila kodeksining 21-moddasi),  er-xotining nikoh davomida orttirilgan mol-mulki ularning umumiy mulki hisoblanishi (Oila kodeksining 23-moddasi), umumiy mulkni tasarruf etishda er-xotining huquqlari tengligi (Oila kodeksining 24-modda) oilada ayollarning huquqlari yuridik jihatdan teng va ular ushbu masalalarni birgalikda kelishib hal etishlari belgilangan.

Nikoh oilaning vujudga kelishidan birdan-bir  asos,  omil bo‘lib xizmat qiladi. Nikoh munosabatlari qanchali sof, erkin, ixtiyoriy, shuningdek, davlat tomonidan qo‘yilgan talablarga monand ravishda tuzilsa, albatta, shu oilaning mavqyei, obro‘i, shuningdek, ushbu oilada voyaga yetib kelayotgan farzandlar ham komil inson bo‘lib yetishadilar.

Shu ma'noda, nikoh tuzish shartlaridan biri bo‘lib, uning ixtiyoriy ekanligi hisoblanishini ta'kidlash zarur. Nikoh tuzayotgan shaxslarni irodasi, mustaqil va to‘siqsiz, ruhiy va jismoniy zo‘ravonliksiz ifoda etilishi lozim; o‘z irodasini ifoda etishda cheklash ta'qiqlangan. Shu bilan birga har qanday davlatni huquq nikoh tuzish uchun zarur bo‘lgan shartlarni va nikoh tuzishga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni belgilaydi. Mazkur holat zamonaviy jahon hamjamiyatining muhim g‘alabasidir. Insoniyat tarixida nikoh tuzayotgan ikkala taraf yoki bir tarafni, odatda ayolning irodasiga qarshi yoki kelin va kuyov balog‘atga  yetmasdan ularning oilalari o‘rtasida nikoh bitimlari tuzilgan davrlar bo‘lgan. Mazkur  muammoni yana bir jabhasi, nikohlanayotgan shaxsda ruhiy kasallik yoki aqlan zaiflik mavjudligidir, bunga bog‘liq ravishda mazkur shaxs o‘z xarakatlari va ularning oqibatlarini muvofiq ravishda baholay olmasligi turli mamlakatlarning qonunchiligida bu masalani hal qilishda yagona fikr mavjud emas.

Oila kodeksining 14-moddasida bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi hamda nikoh tuzishga majbur qilishni taqiqlash kabi qoidalarning kiritilishi oilani mustahkamlashga qaratilgan huquqiy me'yor bo‘lib xizmat qiladi.

Nikoh tuzishning ixtiyoriyligining buzilishi va bu harakatlarda taraflarning aybdor bo‘lishi aniqlansa, sud Jinoyat kodeksining 136-moddasida ko‘rsatilganidek: “Ayolni erga tegishga yoki nikohda yashashni davom ettirishga majbur qilish yoxud ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda bo‘lish uchun o‘g‘irlash, shuningdek, ayolning erga tegishga to‘sqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlik berilgan.

Nikoh tuzish shartlaridan biri bo‘lib hisoblangan nikoh tuzuvchilarning erkiga xilof ravishda qilingan har kanday xatti-xarakatlar inson manfaatlariga nisbatan zid hisoblanadi. Nikohni o‘zaro kelishuv-rozilik asosida tuzilishi, bu o‘z navbatida bo‘lajak er-xotinning oilasini tenglik asosida qurilganligini bildirsa, boshqa tomondan oilaning barqaror va mustahkam bo‘lishini ham ta'minlashga qaratilgan tadbirdir.

Nikohdan ajralish masalalarida ham ayollar huquqlarini himoya qilishga oid maxsus mexanizmlar belgilangan. Jumladan, OKning 39-moddasiga ko‘ra, xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er-xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas.

Bolalarning nasl-nasabini belgilashda ayollarning huquqlarini himoya qilishga oid qoidalar nazarda tutilgan. Xususan, Oila kodeksining 60-moddasiga ko‘ra, Bolaning shu onadan tug‘ilganligi (onalik) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan tibbiy muassasaning hujjatlariga ko‘ra, bola tibbiy muassasada tug‘ilmagan holda esa, boshqa dalillarga asosan belgilanadi.

Oila qonunchiligiga ko‘ra, onalikni belgilash – otalikni belgilashga qaraganda yengilroq taomil hisoblanadi. Bu, eng avvalo, bola tug‘ilishining tashqi tomoni – ayolning homilani ko‘tarib yurish yukidan xalos bo‘lishi bilan bog‘liq. Shuningdek, qonun bolaning onasi uni tuqqan ayol ekanligi tamoyilidan kelib chiqadi va shu yo‘l bilan onalik va ayni paytda surrogat ona – embrionni homilani ko‘tarib yurish maqsadida implantatsiya qilingan ayol huquqlarini himoya qiladi. Bu holat bolaning onasi sifatida e'tiro etilish surrogat onaga tegishli hisoblanadi. Mazkur qoida OKning 207-moddasi uchinchi qismida belgilangan bo‘lib, unga binoan o‘zaro nikohda bo‘lgan va boshqa ayolga homilani rivojlantirish maqsadida embrionni ko‘chirishga yozma rozilik bergan shaxslar bolani tuqqan ayolning (qondosh onaning) roziligi bilangina bolaning ota-onasi deb yozilishi mumkin.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ayolning nikoh tuzilgandan keyin yoki erining o‘limi, nikohdan ajratilganligi yoxud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugaganidan so‘ng uch yuz kun ichida tug‘ilgan bolasi nikohda tug‘ilgan bola hisoblanadi.

Agar nikoh tugaganidan keyin uch yuz kun ichida bola tug‘ilsa va bu davrda ayol yangi nikohga kirgan bo‘lsa, bola yangi nikohda tug‘ilgan hisoblanadi. Bunday hollarda sobiq er yoki uning ota-onasi bolaning nasl-nasabi xususida nizolashish huquqiga ega.

Otalikni belgilash munosabatlarida ham ayollar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra, bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan shaxsning otaligi o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi (OKning 61-moddasi).

Ayollar huquqlarini himoya qilishning navbatdagi mexanizmi aliment munosabatlarida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, oila qonunchiligi er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shartligi belgilangan bo‘lib, mazkur qoida ayollar huquqlarini himoyalash kafolati sifatida muhim ahamiyatga ega. Ushbu qoidaning amal qilish mexanizmi sifatida OKning 117-moddasi xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida, o‘rtadagi nogiron bola o‘n sakkiz yoshga to‘lguncha yoki bolalikdan I guruh nogironi bo‘lgan o‘rtadagi bolaga qaragan yordamga muhtoj xotin yordam berishga qodir bo‘lgan erdan sud tartibida ta'minot (aliment) olish huquqiga ega ekanligi sifatida mustahkamlangan.

Shuningdek, aliment munosabatlarida ham oila qonunchiligi ayollar manfaatlarini ta'minlash, ayolga sobiq eri tomonidan ta'minot berishga oid normalarni mustahkamlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida aliment huquq va majburiyatlarining quyidagi, ya'ni:

ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari;

ota-onaning voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari;

ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari;

bolalar muassasalariga joylashtirilgan bolalarga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari;

voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari;

muomalaga layoqatsiz, yordamga muhtoj er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning bir-birlariga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari;

qarindoshlar va boshqa shaxslarning bir-birlariga nisbatan aliment huquq va majburiyatlari kabi turlari mavjudligi belgilangan.

Oilaviy-huquqiy munosabatlarda ayollar huquqlarini himoya qilish muammolaridan biri oiladagi er-xotin huquqlarining tengligi va oilaviy masalalarni o‘zaro kelishib hal etish tamoyillarining buzilishi bilan bog‘liq. Bunda er yoki xotindan biriga nisbatan oila boshlig‘i iborasining qo‘llanilishi ayollar huquqlarining buzilishiga olib kelishi mumkin. Ma'lumki, o‘zbek oilasida erning o‘rni, uning jamiyatda va oilada tutgan mavq'e hamda diniy nuqtai nazardan erkak oila boshlig‘i sifatida ko‘riladi va oilaning tashqi munosabatlarida u oila boshlig‘i sifatida ko‘riladi. Bu holat milliy mentalitetdan kelib chiqadi, albatta. Oilada ayolarning mulkiy huquqlarini kafolatlar bilan bog‘liq muammolar bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etadi. Bu holat er-xotining nikohdan ajralishi va ayollarning ko‘p hollarda moddiy ta'minotsiz qolishi bilan bog‘liq.

Xorij tajribasi

Bu borada ayrim xorijiy davlatlar qiyosiy tahlil etilganda xorijiy huquq sohasida nikoh tuzishda ixtiyoriylik majburiy shart qilib belgilangan. Ba'zi bir mamlakatlarda mazkur holat konstitutsiyaviy prinsip maqoliga ega. Masalan, Ispaniya Konstitutsiyasining 32- moddasi 1- bandida “ayol kishi va erkak kishi to‘liq xududiy teng huquqlik asosida nikoh tuzish huquqiga ega”, deb qayd etilgan. Xuddi shunday analogik me'yor Portugaliya Konstitutsiyasining 36- moddasida ham mavjud. Fransiyada “rozilik bo‘lmasa, nikoh yo‘q” degan qoida amalda (Fransiya FK 146-moddasi). German fuqarolik qoidalari nikohlanayotganlarni nikoh tuzish haqida shaxsiy arizani nazarda tutadi, shart ostida nikoh tuzish mumkin emas (1311, 1312- bb) Latviya Respublikasida shunday qoida o‘rnatilganki, unga muvofiq fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish bo‘limi boshlig‘i kelin va kuyovdan nikoh tuzishga roziligini so‘raydi. Agarda ikkala tomon xohishini ifoda etsa, boshliq mazkur rozilik va qonun asosida nikoh tuzilgan hisoblanadi (Latviya FK 57-moddasi). Gruziya qonunchiligi nikoh tuzayotgan shaxslarni roziligini nikoh tuzishni zaruriy sharti deb belgilaydi. (Gruziya FK 1107-moddasi) Belarus Respublikasining nikoh va oila haqidagi kodeksi nikoh tuzish shartlarini zaruri sifatida nikohlanayotgan shaxslarni o‘zaro roziligini ko‘rsatadi (17-modda). Ukraina oilaviy huquqida nikoh tuzishda ixtiyoriylik hamda ayolni yoki erkakni nikohga majburlash mumkin emasligini kafolatlovchi me'yor mavjud (Ukraina OK 24- moddasi).

Xitoy qonunchiligi bo‘yicha nikoh, nafaqat erkin yoki ixtiyoriy, balki erkak va ayolni teng huquqli va o‘zaro ittifoqi ekanligi normalanadi. Erkinlik (ixtiyoriylik) va teng huquqlar (o‘zarolik) nikohlanayotgan erkak va ayol uchun asosiy shartdir, bunday shart 1950 yilda XXR “nikoh haqida” qonuni bilan kiritilgan. Ushbu shart amaldagi qonunchilikda 1981 yildagi “Nikoh haqida” qonunida ham (2001 yil tahriri) mavjud. Erkinlik degani nikoh tuzishga xohish kimningdir ta'siridan holi ravishda shakllanadi, nikoh rishtalari bilan bog‘lanib, oila tuzishni mustaqil anglangan tayyorlikdir. Nikohni tuzishga majburlash nikohlanayotganni biridan yoki qarindosh va boshqa shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunda nikoh erkinligiga aralashuv jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik shaklida bo‘lishi mumkin. Asrlar mobaynida Xitoyda nikohlar oilalar, odatda nikohlanayotganlarni otalari o‘rtasidagi kelishuv asosida tuzilgan.

Shunday qilib, nikoh tuzishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Rossiyada nikohlanayotganlarning shaxsan  o‘zlari bo‘lganidagina nikoh tuzish mumkin  (RF OK 11-moddasi 1-bandi). Nikoh tuzayotganlar nikoh, tuzishga o‘zaro ixtiyoriy roziligini hamda mazkur aktni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni tasdiqlaydilar. RF ning amaldagi  JKsi ma'lum holatlarda insonni o‘g‘irlashni jinoyat deb kvalifikatsiyalaydi (126-modda). Qonunchilik nikoh tuzishga majburlashga nisbatan maxsus tarkibni o‘rnatishini bunday jinoyatlar soni ahamiyatsiz bo‘lganligi sabab maqsadga muvofiq deb topgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, oila qonunchiligida ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari to‘la o‘z aksini topgan.

Quyi Chirchiq tuman adliya

bo‘limi boshlig‘i

J.I.Badalov