Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

«Oila a'zolari» tushunchasining huquqiy ta'rifi


«Oila a'zolari» tushunchasining huquqiy ta'rifi

 

Oila jamiyatning bir bo‘lagi sifatida har qanday mamlakatda alohida o‘rin egallaydi. Oilani qo‘llab-quvvatlash, uning barqarorligini ta'minlash har bir mamlakatning doimiy e'tiborida bo‘ladigan ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Binobarin, oilalarning tinch-totuvligi mamlakat rivoji va istiqbolini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida «Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi» deb belgilab qo‘yilgan.

Oilaga doir prinsiplar ko‘plab xorijiy mamlakatlar qonunchiligida ham ifodalangan. Masalan, Gretsiya Konstitutsiyasida millatni saqlovchi va rivojlantiruvchi asos sifatida qayd etilgan1.

Yuridik adabiyotlarda oila, oilaviy munosabat sub'ektlari, nikoh, oila a'zolarining aliment majburiyatlariga e'tibor qaratilgan. Ammo oila a'zosi tushunchasi alohida nazarda tutilmagan. Huquqiy nuqtai nazardan oilaning asosiy belgilaridan biri oila a'zolarining birgalikda yashashidir. Shu sababli, oilaning hamma masalalarini er-xotin o‘zaro rozilik asosida birgalikda hal qilishadi.

Oila kodeksining 5-moddasida «Oila to‘g‘risidagi qonunchilik nikoh tuzish, nikohning tugatilishi va uni haqiqiy emas deb topish shartlari va tartibini belgilaydi, oila a'zolari: er-xotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) o‘rtasidagi, oila to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va doirada esa qarindoshlar hamda o‘zga shaxslar o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soladi, shuningdek ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga olish shakl va qoidalarini, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini belgilaydi» deb mustahkamlangan.

Demak, er-xotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) oila a'zosi hisoblanadi. Kodeksning 57-moddasida qarindoshlikni to‘g‘ri shajara hamda yon shajara bo‘yicha farqlash belgilangan.

L.Pchelinsevaning fikricha, oila tushunchasining Oila kodeksiga kiritilishi va unda oila a'zolari doirasiga kiruvchi shaxslarning aniqlashtirilishi ularning huquqlari buzilishiga va asossiz ravishda oila a'zolari doirasining kengayishiga olib keladi2. Ushbu fikrni muayyan darajada to‘g‘ri deyish mumkin. Chunki u yoki bu tushunchani belgilashdagi haddan ziyod e'tibor turlicha yondashuvlarni paydo qilib, tushuncha doirasining asossiz ravishda kengayishiga ham olib kelishi mumkin.

Bu borada Jinoyat kodeksi yanada ilgarilab ketgan. Unda yaqin qarindoshlar sifatida qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka, opa-singillar ham nazarda tutiladi. Bu o‘rinda turli korrupsion jinoyatlarning oldini olish maqsadida oila a'zolari doirasi nihoyatda kengaytirib
yuborilgan. Vaholanki, jinoyat sodir etilishi faqatgina qarindoshlik yoki oila a'zolari doirasi bilan qat'iy bog‘liq emas.

Fikrimizcha, oila va jinoyat qonunchiligida belgilangan qarindoshlik darajalari farq qilmasligi lozim. Avvalo, Oila kodeksining bu boradagi o‘rni va roli, prinsipial masalalarni hal qilishda ustunligi e'tibordan chetda qolmasligi kerak. Xususan, qarindoshlik darajasini, oila a'zolari doirasini belgilash Oila kodeksining predmeti doirasidagi masala ekanini nazarda tutish lozim.

Uy-joy kodeksining 32-moddasi ikkinchi qismida turar-joyda yashovchi oila a'zolariga ta'rif berilgan. Unga ko‘ra, turar joy mulkdorining oila a'zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a'zolari deb tan olinishi mumkin.

Bundan tashqari, uy-joy qonunchiligi mehnatga qobiliyatsiz boqimandalar, shuningdek, mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan fuqarolar, agar ular mulkdor bilan umumiy xo‘jalik yuritayotgan va uning turar joyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsalar, uning oila a'zosi deb topilishlari mumkinligini nazarda tutadi (Uy-joy kodeksining 32-moddasi uchinchi qismi).

Mehnatga layoqatsiz boqimandalar (doimiy tirikchilik manbaiga ega bo‘lmagan shaxslar, voyaga yetmagan bolalar, voyaga yetgan bolalar, voyaga yetgan nogironlar, 55 yoshdan oshgan ayollar, 60 yoshda oshgan erkaklar), shuningdek, mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan fuqarolar, agar ular mulkdor bilan umumiy xo‘jalik yuritayotgan (umumiy yagona ro‘zg‘or – ovqatlanishi, tomorqada ishlashi, o‘z moddiy mablag‘lari, sa'y-harakatlari bilan umumiy ehtiyojlarini ta'minlashda ishtirok etishi, o‘z talablarini qanoatlantirishi, bir-birlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi va h.k.) bo‘lsalar va uning turar joyida doimiy yashashga ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsalar, uning oila a'zosi deb topilishlari mumkin (masalan, sud tomonidan)3.

Yuqoridagi normalardan ko‘rinadiki, oila a'zolari faqat turar joyda yashash huquqi nuqtai nazaridan aniqlanadi, uning doirasi qonun normasida belgilash bilan bir qa_torda taraflar kelishuvi asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Bu o‘rinda faqat oila a'zolarining turar joydan foydalanishi asosida oila a'zolari tushunchasi belgilanadi.

I.Kuznetsovaning fikricha, oila (yuridik ma'noda) deganda, nikoh, qarindoshlik, farzandlikka olish va bolani boshqa shaklda oi laga tarbiyaga olishdan kelib chiquvchi, shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquq va majburiyatlar bilan bog‘langan shaxslar doirasi tushuniladi4. Bu o‘rinda muallif aynan oilani yuridik ma'noda tushunishga doir fikrni bildiradi. Lekin, oila a'zolari doirasini aniqlashtirmaydi.

Fikrimizcha, «oila a'zosi» tushunchasining mavjud emasligi mulkdor tomonidan turli
huquqiy vaziyatlarga, nizolarga nisbatan turlicha yondashishga sabab bo‘ladi. Bu esa tabiiyki, nafaqat oila a'zolarining, balki turli sabablarga ko‘ra, mulkdor bilan birga yashovchi shaxslarning ham huquq va qonuniy manfaatlariga ta'sir ko‘rsatadi.

Qonunchilikda oila a'zolarining muayyan huquqlarga egaligi va ular huquqlarining sud orqali himoya qilinishi nazarda tutilgan. Uy-joy kodeksining 32-moddasiga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a'zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a'zolarini esa uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a'zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tarti_bi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Rossiya Federatsiyasining «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunida sudyaning oila a'zosi sifatida faqat turmush o‘rtog‘i – er yoki xotini, otaonasi va farzandlari hamda u bilan umumiy ro‘zg‘or yurituvchi shaxslar tushuniladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonunida sudya, uning oila a'zolari va ularning mol-mulki davlatning alohida himoyasida bo‘lishi (63-modda), sudyalarni va ularning oila a'zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari (84-modda) belgilangan bo‘lsa-da, qonunda oila a'zolari tushunchasiga izoh berilmagan. Vaholanki, 84-moddaning 5-qismida «Sudyaning o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan unga tegishli mol-mulkni yo‘q qilish yoki shikastlash oqibatida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni sudyaga yoki uning oila a'zolariga to‘laligicha qoplanadi» deb keltirilgan.

Aksariyat hollarda sudlarga turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotganlik haqida da'vo arizalari taqdim qilinadi. Bunda notarial tartibda tuzilgan uy-joy shartnomasida sotuvchi va uning oila a'zolarining turar-joy ro‘yxatidan chiqib ketish muddati ko‘rsatilgan bo‘lsa, shu muddat tugagan kundan, muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa shartnoma tuzilgan kundan e'tiboran ular turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan hisoblanadi.

Uy-joyga nisbatan mulk huquqi va oila a'zolarining undan foydalanish huquqi bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmaydi. Aksincha, mulkdorga hamda oila a'zolariga muayyan huquqlar berilishi bilan birga mas'uliyat ham belgilaydi. Sivilistikada bu borada cheklangan ashyoviy huquq konstruksiyalari (uzufrukt, superfitsiy, servitut) keng doirada qo‘llanilgan va uzoq davr mobaynida amal qilib kelmoqda. Bunday huquqiy konstruksiyalarning yevropa mamlakatlari fuqarolik qonunchiligida ham belgilangani mazkur yo‘nalishdagi huquqiy normalar taqqoslash, tahlil qilish, qo‘llanishiga doir tadqiqotlarni yanada dolzarb qilib qo‘yadi.

Har bir soha qonunchiligi o‘zi tartibga soladigan munosabatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda «oila a'zolari» tushunchasini ta'riflagan. Ammo «oila a'zosi» doirasini belgilashda ustuvorlik prezumpsiyasi aynan oila qonunchiligida bo‘lishi lozim.

«Oila a'zosi» tushunchasi hamda oila a'zolari doirasiga kimlar kiritilishiga aniqlik kiritish zarur. Bu borada ommaviy-huquqiy sohalardagi yondashuv (jinoyat qonunchiligi) hamda xususiy huquqiy sohadagi o‘ziga xosliklar (uy-joy, oila qonunchiligi) inobatga olinishi maqsadga muvofiq.

Quyi Chirchiq tuman adliya

bo‘limi bosh maslahatchisi

Z.R.Jumonov