Янгиликлар
AXBOROT ERKINLIGI KAFOLATLARI
AXBOROT ERKINLIGI KAFOLATLARI
«Xalqimiz ommaviy axborot vositalaridan mamlakatimiz va xorijda sodir bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida xolis va tezkor axborotlar olishni, shu bilan birga, birinchi navbatda hokimiyat organlari va boshqaruv tuzilmalari faoliyati haqidagi tanqidiy fikrlarni, islohotlar va yangilanishlar yo‘lidan ilgari borishimizga to‘siq bo‘lib turgan nuqsonlar, hayotdagi dolzarb muammolar xususida oshkora, professional tahliliy materiallarni kutadi,» degan edi Prezidentimiz Islom Karimov. Jurnalistlarning ushbu talab darajasida ishlashlari uchun mamlakatimizda zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunda ko‘zda tutilganidek, OAV xodimlari axborotni izlash, olish va tarqatish, fuqarolar esa OAVda chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon qilish huquqini tasarruf etishmoqda.
Mamlakatimizda amal qilayotgan OAV to‘g‘risidagi qonunlar tahririyatlar, jurnalistlarning huquq va majburiyatlarini belgilab berdi. Jumladan, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 8-moddasida axborot olish erkinligi kafolatlari bayon etilgan. Chunonchi, davlat, jamiyat va boshqaruv organlari, mahalliy fuqarolar yig‘inlari, jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mansabdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda fuqarolarga qonuniy manfaatlariga daxldor axborotlarni havola etishlari shart.
Kasb-kor taqozosiga ko‘ra jurnalist bevosita axborotlar bilan ish yuritadi. Axborotlarni olib, tahlil qiladi. Axborot olish huquqi davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, mansabdorlar zimmasiga jurnalistning og‘zaki yoki yozma murojaati bo‘yicha axborotlarni taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Jurnalist davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotlardan foydalanib, maqolalar tayyorlaydi. Shu bilan birga tahririyatlar va jurnalistlar konstitutsion tuzumga qarshi, shuningdek, irqiy, milliy adovatni uyg‘otuvchi, kishi shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni tarqatganliklari uchun qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan.
«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunda OAV xodimining bevosita ishiga taalluqli, ish jarayonida vujudga keladigan munosabatlar tartibga solingan. Davlat jurnalistga axborotni erkin olish va tarqatishni kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishda uning himoya qilinishini ta’minlaydi.
Bugun OAV xodimlari ushbu qonun talablariga muvofiq tayyorlayotgan maqolalari uchun zarur ma’lumotlarni, axborotlarni aksariyat joylarda beistisno olishayapti. Biroq, tajribada mazkur qonunlardan bexabar mansabdor shaxslar asossiz ravishda ma’lumot berishdan bosh tortgan holatlar ham uchraydi. Bunday vaziyatlarda, qonunda ko‘zda tutilgan sir saqlanadiganlardan tashqari, jurnalist axborotlarni talab qilib olishga haqlidir.
Qonunda kafolatlangan erkin axborot olish va tarqatish huquqi voqelikni xolisona yoritishdan tashqari, jurnalist zimmasiga davlat, jamiyat, fuqarolar huquq va manfaatlariga xilof ish tutmaslik majburiyatini yuklaydi. Qonunda axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. («Axborot erkinliklari prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasi). Fuqaro huquq va manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazadigan axborotlarni berish rad etilishi mumkin. (10-modda). Ayrim fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor etish, maqolalarda kishi shaxsiyatiga tegadigan jumla va iboralarni qo‘llash g‘ayriqonuniy bo‘lish bilan birga jurnalistika etikasiga ham ziddir.
Axborot asri nomini olgan XXI asrda OAVning o‘rni beqiyos. Bu jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, fuqarolarning voqea-hodisalarga nisbatan muayyan nuqtai nazarlarini ifodalovchi OAV xodimlari, jurnalistlarning axborotga chanqoqlikni qondirish, voqea, hodisa va jarayonlarni o‘quvchilarga xolis, haqqoniy yetkazish borasidagi mas’uliyatini yanada oshiradi.
Bugungi kun jurnalisti amaldagi hamda yangi qabul qilinayotgan barcha qonunlar mazmun-mohiyatini o‘zlashtirib borsagina, davr bilan hamnafas ijod qila oladi.
Yuqori Chirchiq tuman
adliya bo`limi boshlig`i Oybek Buriyev