Янгиликлар
BARKAMOL AVLOD VATANNING BAXTI, YURT KELAJAGI
BARKAMOL AVLOD VATANNING BAXTI, YURT KELAJAGI
Yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalashda oilaning roli beqiyos. Chunki, xoh kattalar o‘rtasida, xoh o‘smirlar o‘rtasida sodir etilgan bo‘lsin, jinoyatchilikning ildizi oilaga borib taqaladi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlaridek, bola ilk qadamlaridan boshlab o‘zi ko‘rayotgan, idrok etayotgan narsalarga ergashadi, taqlid qiladi. Bu dunyo yaxshi narsalar va ezguliklar bilan birga talaygina illatlarga ham to‘la ekanligini anglamaydi. Hamma narsaga bola ko‘zi bilan qarab, barobar qo‘l cho‘zadi. Shunday ekan, oiladagi nizolarga barham berish, unda sog‘lom muhitni qaror toptirish butun jamoatchilikning ishi. Ammo ayrim hollarda bunga e’tibor kamayib, ba’zi oilalarda bolalar nazoratsiz qolib, jinoyatga qo‘l urishayapti.
Yoshlarda bolalikdan huquqiy madaniyatni shakllantirib borish maqsadga muvofiq. Bunda ijtimoiy nazorat institutlarining sa’y-harakatlari talab etiladi. Chunki, qonunlardan yaxshi xabardor kishi unga amal qiladi va boshqalarni ham shunga da’vat etadi, o‘zining haq-huquqi poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan «Jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish Milliy dasturi»da ko‘zlangan asosiy maqsad siyosiy faol fuqarolarni shakllantirishdir. Yoshlar ongida huquqiy bilim ayni shu fanlar yordamida shakllanishini hisobga olsak, mazkur muammoni tezlikda bartaraf etish lozimligi ayon bo‘ladi.
Umr bahori yoshlik insonning o‘qish, o‘rganish va ishtiyoqqa to‘la davri hisoblanadi. Shu bois aynan ushbu faslda yoshlar o‘z salohiyatini to‘la namoyon eta olishida ularga yaratilgan sharoit muhim ahamiyatga ega. Ana shu jihatlarni e’tiborga olganda bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga, ularning har jihatdan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir.
Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqlarini himoya qilish maqsadida tegishli tashkiliy-huquqiy asoslar, qonuniy negizlar to‘la shakllantirildi. Buning asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aniq belgilab berildi. Konstitutsiyamizning 45-moddasida voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi mustahkamlangan bo‘lsa, uning 64-moddasi bilan ota-onalar o‘z farzandlarining voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari, davlat va jamiyat yetim va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantirishi belgilangan.
Shunday ekan, yoshlar davlat va jamiyat rivojiga ta’sir etibgina qolmay, bu borada hal qiluvchi kuch ham hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning normalariga muvofiq qabul qilingan boshqa qonunlar asosida barcha fuqarolarga berilgan shaxsiy huquq hamda erkinliklar, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar yoshlarga ham tegishlidir.
Yuqori Chirchiq tuman adliya
Bo‘limi bosh maslahatchisi Erkin Eshonboboev