Янгиликлар
So‘ragan edingiz? Attestatsiyadan o‘ta olmagan xodim bilan mehnat shartnomasi qay tartibda bekor qilinadi?
So‘ragan edingiz? Attestatsiyadan o‘ta olmagan xodim bilan mehnat shartnomasi qay tartibda bekor qilinadi?
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 44-bandiga ko‘ra, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
Bunday holatda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 2-bandi bilan (malakasi yetarli bo‘lmaganligi uchun) bekor qilinadi.
Bunda bir qator talablarga rioya qilinishi shart. Jumladan:
1. Xodim uning mehnat shartnomasi bekor qilinayotganligi haqida Mehnat kodeksining 102-moddasiga muvofiq 2 hafta oldin yozma ravishda ogohlantirilishi kerak.
2. Ogohlantirish muddati tugagach xodimni ishdan bo‘shatish haqida kasaba uyushmasining roziligini olish talab etiladi (MK 101-moddasi). Maktablarda kasaba uyushmasining roziligini olish kerakligi ularning jamoa shartnomasida belgilab berilgan (Ped kengashning roziligi emas).
3. Kasaba uyushmasining ijobiy xulosasi olingan taqdirda, direktor Mehnat kodeksining 107-moddasiga muvofiq buyruq chiqarishi shart. Bu buyruqning bir nusxasi xodimga tilxat olingan holda topshiriladi.
4. Buyruqning bir nusxasi va Mehnat kodeksining 108-moddasiga muvofiq unga mehnat daftarchasi xodimga ishdan bo‘shatilgan kunning o‘zida topshiriladi yoki topshirish chorasi ko‘riladi.
5. Xodimga uning o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi, xodim o‘zining mehnat vazifalarini bajarmaganligi sababli shartnomaning bekor qilinish hollari bundan mustasno
(MK 109-moddasi).
6. Yuqoridagi kodeks 110-moddasiga muvofiq mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodimga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa:
1) mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar ishlayotgan xodimga, — mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni;
2) mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamayotgan xodimga, — u hisob-kitob qilishni talab etgan kuni to‘lanishi kerak.
Agar yuqoridagi talablardan birortasi buzilgan holda xodim ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa, unda xodim g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan deb topiladi va fuqarolik sudi orqali ishga tiklanadi.
Yuqori Chirchiq tuman
adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi Zokirov Jahongir