Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tartibi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tartibi belgilandi.
Davlat fuqarolik xizmati tizimi davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan tarzda tanlab olish, hisobga olish, joy-joyiga qo‘yish, ularning mehnatiga haq to‘lash, kasbiy kompetensiyasini oshirish va xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish mexanizmlarining yagona tashkiliy-huquqiy majmuidir.
Belgilangan malaka talablariga muvofiq bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga davlat fuqarolik xizmatiga kirish uchun teng imkoniyatlar kafolatlanadi.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun kasbiy kompetensiyasini shakllantirish davlat fuqarolik xizmatchisini qayta tayyorlashni, uning malakasini oshirishni, ta’lim olishini tashkil etish hisobidan ta’minlanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisini tegishli ravishda rag‘batlantirish va xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarish uning kasbiy kompetensiyalarini hamda alohida xizmatlarini xolisona va adolatli baholash asosida ta’minlanadi.
Shuningdek, qonunning 22-moddasida davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri to‘g‘risida norma mavjud:
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri davlat organi darajasidan (milliy, respublika, hududiy va tuman) kelib chiqqan holda, malaka talablariga muvofiq birxillashtirilgan va tasniflangan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari hamda toifalaridan, shuningdek davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalaridan iborat bo‘ladi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi hamda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri, shuningdek unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari siyosiy, boshqaruv va yordamchi lavozim guruhlaridan iboratdir. Bunda mazkur guruhlarga tegishli lavozimlarning toifalari Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrida belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi alohida qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va yordamchi guruhlariga taalluqli davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlov asosida tayinlanadi hamda davlat organi rahbari tomonidan lavozimidan ozod qilinadi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasining 08.08.2022 yildagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-sonli Qonuni.
Parkent tumani adliya
bo‘limi bosh maslahatchisi A.Xamdamov