Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Xodimga boshqa bo‘sh lavozimni yuklatish uchun mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish kerakmi?


Xodimga boshqa bo‘sh lavozimni yuklatish uchun mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish kerakmi?

 

Xodim bir necha lavozimda ishlaganda, ya’ni unga boshqa bo‘sh lavozim vaqtincha yuklatilganda, mehnat shartnomasiga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritish haqida kelishuv qilinadimi?

Gap shundaki, amaldagi Mehnat kodeksida mehnat shartlarini o‘zgartirish boshqa (6) bobda, bir necha lavozimda ishlash boshqa bir (9) bobda keltirilgan. Kodeksning 6-bobidagi mehnat shartlarini o‘zgartirishga doir 88-96-moddalarida bir necha lavozimda ishlash masalasi haqida aytilmagan, aytishga ham hojat yo‘q edi aslida. Chunki, xodim bir nechta lavozimda ishlaganda, baribir uning asosiy, ya’ni mehnat shartnomasida belgilangan asosiy lavozimiga doir shartlari o‘zgarmaydi va asosiysi, u boshqa ishga o‘tkazilmaydi. Amaldagi kodeksning 160-moddasida (qizig‘i, bir necha lavozimda ishlash amaldagi MKning faqat shu moddasida keltirilgan holos) bir necha lavozimda ishlaganlik uchun xodimlarning mehnat haqi miqdori mehnat shartnomasi taraflari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanishi qayd etilgan. E’tibor beryapsizmi, shu yerida haqiqatdan ham “kelishuv” haqida gap ketmoqda. Ba’zilar buni “mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi kelishuv” deb tushunishadi. Biroq, yaxshilab qarasangiz, 160-moddada ish xajmi ortishi hisobiga xodimga to‘lanadigan qo‘shimcha ish haqi miqdorini belgilash haqidagi kelishuv nazarda tutilmoqda. Mehnat shartlarini o‘zgartirish haqida emas.

Ikkinchi tomondan bu kelishuvni alohida “kelishuv” deb nomlangan hujjat shaklida tuzish ham shart emas, buni oddiy ish muomalasi odatiga aylangan shaklda ham qilsa bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga qaraymiz. Nizomning 22-bandida mazkur nizomning 20-bandida nazarda tutilgan qo‘shimcha ish (jumladan, bir nechta lavozimdagi ish)ni bajaradigan muddat, uning mazmuni va hajmi ish beruvchi tomonidan, xodimning yozma roziligi bo‘yicha belgilanishi qayd etilgan. Ya’ni, biz xodimga qo‘shimcha vazifa yuklatish uchun, deylik unga boshqa bo‘sh lavozimni yuklatish uchun avval undan rasman rozilik arizasi olamiz, to‘g‘rimi? Demak, xodim ana shu rozilik arizasini yozib berayotganda, arizaning ikkinchi abzasi sifatida “shu munosabat bilan menga 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ish haqi belgilashingizni so‘rayman” deb yozadi. Ish beruvchi esa, bu arizaga o‘zining rozilik munosabatini bildirib viza qo‘yadi va shu bilan kelishuvga erishilgan bo‘ladi.

Yana bir jihati, 297-sonli nizomning 24-bandida bir necha lavozimda ishlaganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lash agar jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatda belgilanmagan bo‘lsa, tomonlarning kelishuvi bilan belgilanishi ko‘rsatilgan. Ya’ni, agar korxonaning jamoa shartnomasi (yoki boshqa lokal hujjati)da aniq qilib belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, bir nechta lavozimda ishlagandagi qo‘shimcha haqni belgilash uchun alohida kelishuv ham shart emas degan mazmun bor bu yerda.

Xullas, xodimga boshqa bo‘sh lavozimni va boshqa vazifani vaqtincha yuklatish uchun o‘sha xodimning rozilik arizasi va ish beruvchining buyrug‘i yetarli deb hisoblaymiz.

 

Yangiyo`l tumani adliya bo`limi

yuridik xizmat ko`rsatish markazi

bosh yuristkonsulti

S.Mamatqulov