Янгиликлар
Yangi Mehnat kodeksida erkaklar uchun nazarda tutilgan kafolatlar
Yangi Mehnat kodeksida erkaklar uchun nazarda tutilgan kafolatlar
Yangi Mehnat kodeksi 397-moddasiga ko’ra, 3 yoshga to‘lmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.
Amaldagi Mehnat kodeksi 228-1-moddasiga ko’ra esa, bu kafolat budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ayollargagina taqdim qilinadi.
Shuningdek, yangi Mehnat kodeksi 407-moddasiga ko’ra, 2 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq nafar farzandi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi.
Amaldagi Mehnat kodeksi 236-moddasiga ko’ra, bu kafolat ayollarga taqdim qilingan edi. Faqatgina onasiz bolalarni (ona vafot etgan, onalik huquqlaridan mahrum etilgan, uzoq vaqt davolash muassasalarida bo‘lgan va bolalari to‘g‘risida ona sifatida g‘amxo‘rlik qilmagan boshqa hollarda) tarbiyalayotgan otalarga, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning vasiylariga (homiylariga) ham tatbiq etiladi.
Yangi Mehnat kodeksiga ko’ra otalar ham bemalol bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslardan foydalanishlari mumkin bo’ladi. Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar faqat ota-onadan biri bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lmagan va bunday tanaffuslardan foydalanmayotgan taqdirda beriladi.
Bundan tashqari, Yangi Mehnat kodeksi 407-moddasiga ko’ra, ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida o‘z xohishiga ko‘ra yillik mehnat ta’tili:
birinchi ish yili uchun – ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar;
keyingi yillarda – ta’tillar berish jadvalidan qat’i nazar beriladi.
To’g’ri amaldagi Mehnat kodeksi 144-moddasi 4-qismida ham, ishlayotgan erkaklarga yillik ta’til ularning xohishlariga binoan xotinlarining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi deyilgan. Lekin bu kafolat 6 oy ishlangandan keyin beriladi.
Yangi Mehnat kodeksida bu kafolat ishlagan vaqtidan qat’i nazar taqdim qilinadi.
Nurafshon shahar adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi B.Fozilbekov