Янгиликлар
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA GERMANIYA KONSTITUTSIYAVIY ODIL SUDLOVI: QIYOSIY-HUQUQIY TAHLIL
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA GERMANIYA KONSTITUTSIYAVIY ODIL SUDLOVI: QIYOSIY-HUQUQIY TAHLIL
Mamlakatimizda huquq tizimini modernizatsiya qilish jarayonida Konstitutusiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, bugungi kunda har qanday mamlakatning huquqni himoya qilish mexanizmining samarali elementlaridan biri bu konstitutsiyaviy nazorat hisoblanadi. Bu esa o’z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirishda eng avalo xorijiy davlatlar tajribasini o’rganish va tahlil etishni taqazo etadi.
Germaniya Respublikasining konstitutsiyaviy sud faoliyatini qiyosiy huquqiy tahlil qilish natijasida o’ziga xos umumiy va farqli jihatlarga ega ekanligiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudi tashkiliy jihatdan mukammal va nihoyatda keng vakolatlarga ega bo’lgan organ hisoblanadi. O’zbekiston va Germaniya Konstitutsiyaviy odil sudlovi Yevropa modeli parametrlari asosida faoliyat yuritadi. Yevropa modelida konstitutsiyaviy odil sudlov umumiy odil sudlovdan farqlanadi: konstitutsiyaviy ishlar ixtisoslashgan organlar, xususan konstitutsiyaviy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Germaniya Federativ Respublikasi (keyingi o‘rinlarda GFR deb yuritiladi) konstitutsiyaviy sudlarning ikki bosqichli tizimiga ega:
- Federatsiya darajasida: Federal Konstitutsiyaviy sud;
- federal Landlar darajasida: Landlarning konstitutsiyaviy sudlari.
Federal Konstitutsiyaviy sud avtonom va boshqa barcha konstitutsiyaviy organlardan mustaqil bo'lgan federal suddir.[1]
Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudidan farqli o’laroq, o’ziga xos xusiyatga ega bo’lgan keng vakolatlarga ega bo’lgan organ sanaladi. Uni “egizak sud” deb ham atash mumkin. Chunki, u bir vaqtning o’zida ham konstitutsiyaviy sud, ham konstitutsiyaviy organ hisoblanadi. Mazkur konstitutsiyaviy sud har biri sakkiz sudyadan iborat ikkita Senatdan tashkil topgan. Birinchi Senat birinchi navbatda fuqarolarning asosiy huquqlariga oid konstitutsiyaviy shikoyatlar bilan shug'ullansa, ikkinchi Senat esa konstitutsiyaviy organlar (masalan, federal hukumat va parlament o'rtasidagi) o'rtasidagi nizolarni ko'rib chiqadi. Ikkinchi Senat parlament a'zolari va siyosiy partiyalarning huquqlari, shuningdek, ba'zi asosiy huquqlar masalalari bo'yicha qaror ham qabul qiladi. Birinchi Senatga Prezident, ikkinchi Senatga esa Vitse-prezident rahbarlik qiladi.Har bir Senatdagi sudyalarning yarmi Bundestag tomonidan, qolgan yarmi esa Bundesrat tomonidan saylanadi. Har bir Senatning kamida uchta a'zosi oliy federal sudlardan, xususan Federal Adliya sudi, Federal Ma’muriy sud, Federal Moliya Sudi, Federal Mehnat Sudi va Federal Ijtimoiy Sudidan saylanishi shart. O’zbekiston Respublikasida esa O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radigan doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi hisoblanadi.
Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudida har bir sudyaga oddiy sudlarda, davlat organlarida, yuridik firmalarda yoki universitetlarda tegishli kasbiy tajribaga ega bo‘lgan to‘rt nafar sudya kotibi yordam beradi.
Qirq yoshga to'lgan, Bundestagga saylanish huquqiga ega bo'lgan va Federal Konstitutsiyaviy sud a'zosi bo'lishga tayyorligini yozma ravishda e'lon qilgan shaxs Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudi Sudyasi bo’lishi mumkin.[2] Bundan farqli ravishda, O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra esa Siyosat va huquq sohasi mutaxassisi bo‘lgan, yuksak ma’naviy fazilatlarga va zarur malakaga ega bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin.
Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudi Sudyalarining vakolat muddati
12 yilni tashkil etadi. 68 yoshga to’lgach nafaqa chiqadi va vakolat muddati tugaydi. O’zbekistonda esa Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddati birinchi marta saylanganida besh yilni, navbatdagi saylanganida o‘n yilni tashkil etadi.
Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudiga har qanday shaxs asosiy huquqlarini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Konstitutsiyaviy shikoyatlar hozirgacha Federal Konstitutsiyaviy sud tomonidan hal qilinadigan ishlarning eng keng tarqalgan turi hisoblanadi. “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to’g’risida”gi Qonunning
27-moddasiga asosan agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir.[3]
Germaniya Fedaral konstitutsiyaviy sudining ish yuklamasi O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy sudi ish yuklamasidan ancha yuqori bo’lib, unga har yili 6000 dan ortiq konstitutsiyaviy shikoyatlar kelib tushadi. Kelib tushgan murojaatlarni hal qilish uchun uchtadan a’zodan tashkil topgan tarkibda Palatalar tuziladi. Odatda ushbu palatalar umumiy konstitutsiyaviy ahamiyatga ega bo'lmagan ishlarni hal qiladi, bu esa barcha sud ishlarining taxminan 99 foizini tashkil qiladi.
Germaniyaning barcha uchta davlat hokimiyatining, xususan sud, ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyatlarning suveren hujjatlari ustidan konstitutsiyaviy shikoyat qilinishi mumkin. Federal Konstitutsiyaviy sud e'tiroz bildirilgan hujjatlarning Konstitutsiyaga mos keladigan qonunlarga asoslanganmi yoki asoslanmaganligini va ushbu qonunlarni qo'llashda shikoyatchilarning asosiy huquqlari hurmat qilinganligini tekshiradi. Shikoyatlar individual, hozirgi va to’g’ridan to’g’ri ta’sir qiladigan bo’lishi kerak. Konstitutsiyaviy shikoyatni asoslovchi sabablarga qat'iy talablar qo'yiladi. Ular yozma ravishda topshirilishi kerak. Ular faks orqali yuborilishi mumkin, lekin elektron pochta orqali emas.
Umuman olganda, konstitutsiyaviy shikoyat oddiy sudlar oldida barcha huquqiy himoya vositalari tugatilgan taqdirdagina qabul qilinadi. Bundan tashqari, e'tiroz bildirilayotgan Konstitutsiya buzilishini bartaraf etish yoki oldini olish uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanilgan bo'lishi kerak.
Germaniya Federal Sudiga alohida hollarda qonunlar, farmoyishlar yoki qonunosti hujjatlari ustidan konstitutsiyaviy shikoyat bilan shikoyat qilinishi mumkin. Biroq, umuman olganda, qonun hujjatlari, agar u davlat organlari yoki sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar orqali ijro etilgan bo'lsa, shikoyat qilinishi mumkin; Bunday qarorlardan jabrlangan shaxslar avvalo vakolatli sudlar oldida barcha huquqiy himoya vositalarini ishlatishlari kerak. Bunday hollarda konstitutsiyaviy shikoyat, odatda, oxirgi instantsiya sudi qaror chiqargandan keyingina qabul qilinadi.
Federal Konstitutsiyaviy sud o'zini o'zi boshqarish huquqi qonun bilan buzilganligi to'g'risidagi munitsipalitetlar va munitsipal birlashmalarining konstitutsiyaviy shikoyatlari bo'yicha qaror qabul qiladi. Munitsipalitetlar tomonidan berilgan konstitutsiyaviy shikoyatlarning o'ziga xos xususiyati shundaki, munitsipalitetlar va munitsipal birlashmalarning o'zlari davlat hokimiyati vakolatiga ega. Shunday qilib, ular printsipial jihatdan asosiy huquqlar bilan bog'langan, ammo o'zlari asosiy huquqlarning egasi emaslar. Biroq, ular o'z-o'zini boshqarish huquqiga ega
Germaniya Asosiy qonuni sudga demokratik tartibda qabul qilingan qonunlarni Konstitutsiyaga zid deb topsa, ularni bekor qilish huquqini beradi. Umuman olganda, Federal Konstitutsiyaviy sud uchta hokimiyatning muvozanatini ta'minlash uchun mo'ljallangan: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud.
Bundan tashqari, u Germani parlament hujjatlarini haqiqiy emas deb e'lon qilishi mumkin bo'lgan yagona suddir. Uning qarorlari Germaniyada shikoyat qilinishi mumkin emas va boshqa barcha davlat organlari uchun majburiydir.
Oddiy sudlardan farqli o'laroq, Germaniya Fedaral Konstitutsiyaviy sudi vazirlik tomonidan nazorat qilinmaydi hamda uni boshqarish va tashkil etish bilan bog'liq masalalarni mustaqil ravishda hal qiladi. Mazkur Sudning o'z byudjeti mavjud bo’lib, uni Bundestag tasdiqlaydi.
Huquqiy pozitivizmning asosiy nazoratchilaridan biri G.Kelzen Konstitutsiyaviy sudni “Konstitutsiya qo’riqchisi” deb hisoblaydi. Xususan uning fikricha, Konstitutsiyaviy sud normativ nazoratni amalga oshirish orqali normalar ierarxiyasini va konstitutsiyaning qonundan ustunligini ta’minlash vositasi shuningdek, qonun normasini bekor qilish huquqiga ega bo'lgan maxsus sud organi ekanligini ta’kidlaydi. Shunday qilib, Konstitutsiyaviy sud "salbiy qonun chiqaruvchi" (negativer Gesetzgeber) sifatida harakat qilishi va uning qarori qonun darajasida qo’yilishi mumkin. G. Kelsen fikricha, Konstitutsiyaviy sud qarori o’zida ham huquqiy, ham siyosiy xususiyatlarni birlashtiradi.[4]
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, Germaniya Federal Konstitutsiyaviy Sudi konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirishda keng vakolatlarga ega bo’lgan organdir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytish mumkinki, O’zbekiston konstitutsiyaviy sudining vakolatlar doirasini kengaytirish konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish mexanizmini yanada takomillashtirishga o’z hissasini qo’shgan bo’lardi.
Toshkent tumani adliya bo’limi xodimi Abdurashidova Zarina Turg’un qizi
[1] Act on the Federal Constitutional Court -12 March 1951
[2]Act on the Federal Constitutional Court -12 March 1951
[3] https://lex.uz/docs/-5391934
[4] Kelsen H. Wer soll der Huter der Verfassung sein... Tubingen: Mohr (Siebeck), 2008. S. 72 f.