Янгиликлар
Emansipatsiya tushunchasi.
Emansipatsiya tushunchasi.
Ma’lumki Fuqarolik Kodeksining 28-moddasiga muvofiq – Emansipatsiya O’n olti yoshga to’lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo’yicha ishlayotgan bo’lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanayotgan bo’lsa, u to’la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsni to’la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud, bunday rozilik bo’lmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi. Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari bo’yicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo’yicha javobgar bo’lmaydilar.
O’n to’rt yoshga to’lmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin. Bunday bitimlarni tuzishda ota va onaning roziligi talab qilinadi. Vasiylik sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uning vasiysi amalga oshiradi.Vasiylikdagi shaxs nomidan hadya shartnomasi tuzishga yo’l qo’yilmaydi.
O’n to’rt yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga yetmaganlar, bitimlarni o’z ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Bunday bitimlarni tuzishda ota-onaning har ikkisining roziligi talab qilinadi.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
Ro‘ziyev Baxtiyor