Янгиликлар
Fuqarolarning huquq hamda muomala layoqati.
Fuqarolarning huquq hamda muomala layoqati.
Bizga ma’lumki, Fuqarolik Kodeksining 17 va 22-moddalari talablariga muvofiq, barcha fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega bo’lish layoqati (huquq layoqati) teng ravishda e’tirof etiladi.
Fuqaroning huquq layoqati u tug’ilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.
Fuqaroning o’z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo’lish va ularni amalga oshirish, o’zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni o’n sakkiz yoshga to’lgach to’la hajmda vujudga keladi.
Voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan o’tgan fuqaro nikohdan o’tgan vaqtdan e’tiboran to’la hajmda muomala layoqatiga ega bo’ladi. Nikoh tuzish natijasida ega bo’lingan muomala layoqati o’n sakkiz yoshga to’lmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham to’la saqlanib qoladi.
Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er (xotin) sud belgilagan paytdan boshlab to’la muomala layoqatini yo’qotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Ushbu qonunning 30-moddasiga muvofiq, Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o’z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uni vasiyi amalga oshiradi. Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab bo’lgan asoslar bekor bo’lsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va unga belgilangan vasiylikni bekor qiladi
Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
Ro‘ziyev Baxtiyor