Янгиликлар
Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bogʻcha puli toʻlash tartibini bilasizmi?
Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bogʻcha puli toʻlash tartibini bilasizmi?
Oila mustahkamligini taʼminlovchi omillardan biri farzandlardir. Turmush qurishdan asosiy maqsad ham nasl davomiyligini taʼminlash, zurriyot qoldirish va uning kamolini koʻrishdan iborat. Oilada ulgʻayadigan bolaning qanday inson boʻlib shakllanishi birinchi navbatda ota-onaga bogʻliq. Ular esa ishni, avvalo, bolaga chiroyli tarbiya berishdan boshlamoqlari darkor. Zero, tarbiya barcha hikmatlarning avvalidir.
Farzand tarbiyasiga befarq qaramaydigan oila bolasini bogʻchaga berib, alohida shugʻullanishdan boshlaydi.
Farzandingizni bogʻchaga bermoqchisiz, bogʻcha toʻlovi yaʼni ota-onalar badali qancha, qay tartibda amalga oshirilishini bilasizmi?
Bogʻchada toʻlovning bir kunlik qiymati bir oylik toʻlov miqdori shu oy mobaynidagi ish kunlari soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
2022-yil 1-apreldan boshlab boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlarning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga toʻlanadigan ota-onalar badalidan ozod qilingan.
Shuningdek, 3 yoshgacha boʻlgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga Davlat byudjetidan subsidiyalar belgilangan tartibda ajratiladi.
Agar bitta oiladan 2 va undan ortiq bolalar turli bogʻchalarga qatnasa, ota-onalar bir farzandi boradigan bogʻchaga ikkinchi farzandi boradigan bogʻchadan uning qatnashi toʻgʻrisida maʼlumotnomani taqdim etishi lozim.
Bundan tashqari, bogʻchalarda toʻlovlar har oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan toʻlanadi. Oyning 15-sanasidan keyin kelgan bolalar taʼminoti uchun toʻlovlar esa, bola kelgan kundan boshlab 3 kun ichida toʻlanadi. Bunda toʻlovlar bolaning shu oyda bogʻchaga qatnaydigan kunlarga mutanosib ravishda toʻlanadi.
Bogʻchalarda toʻlovlar banklar (jamgʻarma kassalar) orqali naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda (bank plastik kartochkalari orqali va pul oʻtkazish yoʻli bilan) toʻlanadi. Bunda toʻlovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi bogʻchaga taqdim etiladi.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
Yetakchi maslahatchisi N. Anarqulova