Янгиликлар
Attestatsiyadan oʻta olmagan xodimlarga qanday huquq va kafolatlar berilgan?
Attestatsiyadan oʻta olmagan xodimlarga qanday huquq va kafolatlar berilgan?
Xodim attestatsiyadan oʻta olmasa, mehnat shartnomasini 100-modda 2-qism 2 bandi yaʼni xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi tufayli bekor qilish shart degani emas. Chunki 100-modda yaʼni mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish bu ish beruvchining huquqidir. Yaʼni aytaylik xodimning malakasi yetarli emas. Ish beruvchi istasa u bilan shartnomani bekor qiladi, istasa xodimga imkon berishi mumkin.
Aytaylik, ish beruvchi malakasi yetarli boʻlmagan xodimni ishlatmoqchi emas? Bunda nima boʻladi? Xodim qanday huquq va kafolatlarga ega?
1. Agar xodim malakasi yetarli boʻlmaganligi uchun bajarayotgan ishiga noloyiq deb topilganligi sababli MK 100-moddasi 2-qismining 2-bandiga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan boʻlsa, unga mutaxassisligi boʻyicha kamroq malakali ish taklif etilishi, u ham mavjud boʻlmasa, korxonada mavjud boʻlgan kamroq malakali boshqa ish taklif etilishi shart. Asos: MK 92-moddasi.
2. Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Asos:MK 100-moddasi.
3. Ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi munosabati bilan shartnomani bekor qilganda xodimni kamida 2 hafta oldin ogohlantirishi shart. Asos: MK 102-moddasi.
4. Xodimni ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qoʻshilmaydi. Asos:MK 102-moddasi.
5. Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra 2 haftalik ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin. Asos:MK 102-moddasi.
6. Mehnat shartnomasi MK 100-moddasi 2-qismining 2-bandi asosida bekor qilinishida ish beruvchi ushbu asoslarga koʻra mehnat shartnomalarini bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirishning butun muddati davomida xodimni ishga joylashtirish choralarini koʻrishi shart Asos:MK 102-moddasi.
7. Xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida 1 kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi. Asos:MK 102-moddasi.
8. Xodimga oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanishi shart. Asos: MK 109-moddasi.
9. Ish qidirish davrida ikki oydan ortiq boʻlmagan davr mobaynida xodimlarning oʻrtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga toʻlangan bir oylik ishdan boʻshatish nafaqasi ham qoʻshib hisobga olinadi. Asos:MK 67-moddasi.
10. Xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtsa, mahalliy mehnat organi bergan maʼlumotnomaga binoan 3-oy uchun ham oldingi ish joylaridan oʻrtacha ish haqi olish huquqiga ega boʻladi. Asos: MK 67-moddasi.
11. Xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab, xodim 1 oy ichida sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish huquqi bor.
Nurafshon shahar adliya bo’limi boshlig’i I.Xatamov