Янгиликлар
Ogohlantirish muddati davomida mehnat taʻtili olish
Ogohlantirish muddati davomida mehnat taʻtili olish
Savol: 2 oylik ogohlantirish muddati davomida xodim mehnat taʼtili olishi mumkinmi?
Javob: Ha olishi mumkin, cheklov yoʻq.
Faqatgina mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari tufayli bekor qilinganda (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari) yillik asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtilidan asli holida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Demak, xodim 2 oylik ogohlantirish muddati davomida taʼtil olishi mumkin.
Xoʻsh, taʼtil davrida ogohlantirish muddati tugasa, shartnoma bekor qilinadimi?
Mehnat kodeksining 100-moddasi 3-qismiga koʻra xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.
Diqqat! Taʼtil muddati ogohlantirish muddatiga qoʻshiladi. Lekin, xodim taʼtilda boʻlgan davrida ish beruvchining tashabbusi bilan shartnomani bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Xodim taʼtildan qaytgachgina shartnoma bekor qilinadi.
Diqqat! Mehnat kodeksining 102-moddasi 6-qismiga koʻra, xodimni ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qoʻshilmaydi, mehnatga oid munosabatlarning korxona tugatilganligi natijasida bekor qilinishi bundan mustasno.
Eʼtibor bering, ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qoʻshilmaydi deyilmoqda. Demak, taʼtil vaqti ogohlantirish muddatiga kiradi. Lekin, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, xodim taʼtilda boʻlgan davrida ish beruvchining tashabbusi bilan shartnomani bekor qilib boʻlmaydi, shuning uchun xodim taʼtildan qaytgach shartnoma bekor qilinadi.
Nurafshon shahar adliya boʻlimi yetakchi maslahatchsi B.Fozilbekov