Янгиликлар
Mehnat shartnomasini tuzishda muddatlarni belgilash tartibi
Mehnat shartnomasini tuzishda muddatlarni belgilash tartibi
Ish beruvchi bilan xodim o’rtasida mehnat munosabatlarini tartibga solishda mehnat shartnomasi asosiy hujjat hisoblanadi. Mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim bo‘yicha ishni ichki mehnat tartibiga bo‘ysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir.
Mehnat shartnomasining mazmuni taraflar kelishuvi bo‘yicha, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan quyidagilar belgilanadi:
ish joyi (korxona yoki uning bo‘linmasi);
xodimning mehnat vazifasi — mutaxassisligi, malakasi, u ishlaydigan lavozim;
ishning boshlanish kuni;
mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilganda uning amal qilish muddati;
mehnat haqi miqdori va mehnatning boshqa shartlari.
Mehnat shartnomasini tuzish paytida xodimlarning qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan mehnat huquqlari va kafolatlari darajasi pasaytirilishi mumkin emas.
Afsuski, Ish beruvchi xodimni ishga qabul qilishda mehnat shartnomasini muddatini o’z talabi bo’yicha belgilashi holatlari amaliyotda uchramoqda. Tashkilotga yangi ishga qabul qilinayotgan xodimni ko’pincha bir yil muddat bilan ishga qabul qiladi.
Bu noto’g’ri!
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 75-moddasida mehnat shartnomalarini tuzish muddatlari belgilangan bo’lib, unga ko’ra, shartnoma muddatlari:
nomuayyan muddatga;
besh yildan ortiq bo‘lmagan muayyan muddatga;
muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab qayta tuzilishi mumkin emas.
Shuningdek, mazkur kodeksning 76-moddasida muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin bo’lgan holatlar belgilangan bo’lib, unga ko’ra, muddatli mehnat shartnomalari:
bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda;
korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi xodim bilan;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.
Shuni ta’kidlash lozimki, mehnat shartnomasi muayyan muddatga mo’ljallab tuzilgan bo’lsada, muddat tugagandan keyin ham mehnatga oid munosabatlar davom etaversa va taraflardan birortasi bir hafta davomida uning bekor qilinishini talab qilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi. (O’zR MK 105-moddasi).
Xulosa qilib aytganda, taraflar mehnat shartnomasini imzolashda kelishuvga asosan uning muddatini qonuniy asosda belgilab olishlari orqali kelgusida mehnat munosabatlarida muddatlar yuzasidan nizolarni kelib chiqishini oldini olgan bo’ladilar.
Olmaliq shahar YUXKM
bosh yuriskonsulti Matluba Ashurova