Янгиликлар
Aholining ayrim toifalari uchun ishga joylashishdagi qo‘shimcha kafolatlar
Aholining ayrim toifalari uchun ishga joylashishdagi qo‘shimcha kafolatlar
Davlat:
ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz otaga yoki onaga, shuningdek ko‘p bolali oilalarning ota-onalariga;
o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek kasb-hunar ta’limi muassasalarining va oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilariga;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga;
odam savdosidan jabrlanganlarga qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.
Qo‘shimcha kafolatlar qo‘shimcha ish joylari, ixtisoslashtirilgan korxonalar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qiladigan korxonalar barpo etish, maxsus o‘quv dasturlarini tashkil etish, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlar orqali ta’minlanadi.
Harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) xodim rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqanidan keyin, basharti, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shinlaridan bo‘shatilgan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch oy ichida ishga joylashish masalasida ish beruvchiga murojaat etgan bo‘lsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga egadir.
Harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan), lekin keyinchalik rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan xodim, agar uning harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) kunidan boshlab uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytib kelish huquqiga ega.
Korxona qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni uning huquqiy vorisi, korxona tugatilganda esa — mahalliy mehnat organi amalga oshiradi.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
Ro‘ziyev Baxtiyor