Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot(aliment) berish majburiyati


Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot(aliment) berish majburiyati

 

  Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.

    Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.

      Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.

       Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak

Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:

bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi;

ikki bola uchun — uchdan bir qismi;

uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.

Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shartdir. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona o‘rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.Ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi.

   Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to‘lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin. Aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo‘lmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo‘lmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin. Aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi. Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi bo‘yicha so‘mlarda hisoblanadi.

 

 

 

 

 

       Ohangaron shahar adliya bo‘limi

       bosh maslahatchisi                                                         O. Annakulov