Янгиликлар
Shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida mablagʻlarning shakllantirilishi
Shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida mablagʻlarning shakllantirilishi
Jismoniy shaxslarning qonunchilikka muvofiq hisoblab chiqarilgan daromad soligʻining tegishlicha kamaytirilgan summasi hisobiga jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallarini ish beruvchi har oyda toʻlab boradi. Jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallarining miqdori xodimlarning, shu jumladan ishlayotgan pensionerlarning ish haqi va boshqa daromadi summasi asosida hisoblab chiqariladi hamda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan navbatdagi yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirish vaqtida belgilanadi. Ish beruvchiga oʻzining mablagʻlari hisobidan oʻz xodimlarining shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qoʻshimcha badallar toʻlash huquqi beriladi. Qoʻshimcha badallarning miqdori va ularni kiritish muddatlari jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Ish beruvchining jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallarini toʻlashi uchinchi shaxslarning foydasiga amalga oshirilishi mumkin emas.
Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolar oʻz shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga, shuningdek uchinchi shaxslar foydasiga oʻzlari mustaqil ravishda belgilaydigan miqdorlar va muddatlarda qoʻshimcha badallar kiritishga haqli. Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etuvchi fuqarolar oʻz shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga, shu jumladan uchinchi shaxslar foydasiga kiritiladigan badallar miqdori va muddatlarini oʻzlari mustaqil ravishda belgilaydilar. Xalq banki shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlarga pul qadrsizlanishiga nisbatan yuqori surʼatlardagi stavkalar boʻyicha foizlarni qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblab qoʻshadi. Foiz stavkasi Xalq banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishib, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining mablagʻlarini joylashtirishdan olingan daromadlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Ohangaron shahar adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi O.Annakulov