Янгиликлар
Otalikni belgilash haqida
Otalikni belgilash haqida
Oilaviy nizolarga nikohdan ajratish, nikohni haqiqiy emas deb topish, aliment undirish, ota-ona taʼminoti uchun farzandidan pul undirish, bola yashash joyini yoki bola bilan koʻrishib turish tartibini belgilash, bolani tarbiyaga olish, otalikni belgilash, ota-onalik huquqidan maxrum qilish, otalikka eʼtiroz bildirish, shuningdek oila nizolari bilan bogʻliq boshqa nizolar kiradi.
Shu nizolar ichida otalikni belgilash va aliment undirish nizolariga eʼtibor qattiq qaratiladi. Otalikni belgilash nizosi kelib chiqishiga er-xotinning oila qonunchiligiga rioya qilmasligi, nikohlarini FXDYO boʻlimlarida qayd qildirmasdan farzandli boʻlishlari, er tarafning otalikni belgilash haqida FXDYO boʻlimiga ariza berishga bormasligi sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 13-moddasiga koʻra, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega boʻlmaydi.
Yil yakunlari boʻyicha tahlillar, umumlashtiruvlar shuni koʻrsatayaptiki, fuqarolarning diniy rasm-rusumlar, yaʼni shaʼriy nikoh asosida oila qurishlari holati hamon uchrab turibdi. Shuningdek, otalikni belgilatish haqidagi daʼvo talablari sudlarda birmuncha oshganligi tashvishlidir.
Nikohning qonuniy rasmiylashtirilmasligi bolanining otasi deb hisoblanayotgan otaning FXDYO organiga borib, otalikni belgilatish haqida ariza bermasligi, baʼzi hollarda bunga shaxsini tasdiqlaydigan hujjati yoʻqligini vaj qilishi yoki bolani tan olmasligi bu toifadagi ishlarning sudlargacha yetib kelishiga sabab boʻladi.
Oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onadan bola tugʻilgan taqdirda, otalik ota-onaning birgalikdagi FXDYO organiga bergan arizasi asosida, agar ota FXDYO organiga ariza bermasa, otalik onaning oʻzining arizasiga asosan sud tartibida belgilanadi.
Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadpn birining yoki bolpning vasiysi(homiysi)ning yoxud bola kimning qaramogʻida boʻlsa, shu shaxsning arizasiga, shuninngdek bola voyaga yetganidan keyin uning oʻzi bergan arizaga asosan ham amalga oshiriladi.
Sharʼiy nikohdan oʻtishning oqibatlari boshqa nizolarni, xususan aliment undirish, baʼzi hollarda esa mol-mulkni undirish nizolarini ham keltirib chiqaradi.
Otalikni belgilash bola taʼminoti bilan uzviy bogʻliqligi uchun bu toifadagi ishlar sudlarda qisqa muddatlarda koʻrib chiqiladi.
Otalikni belgilash nizolarini koʻrishda sud daʼvogar va javobgarning bola tugʻilgunga qadar umumiy roʻzgʻor asosida oila yuritgan-yuritmaganligiga, bolani birgalikda tarbiyalaganliklariga, otalikni tan olganligiga, bolaga va uning onasiga moddiy va maʼnaviy yordam berilganligi va boshqa dalillar mavjudligiga huquqiy baho berib qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim.
Javobgar otalikni tan olmaganligida va daʼvoni qanoatlantirish uchun asoslar yetarli boʻlmaganida odam DNKsi boʻyicha sud-biologik ekspertizasi tayinlash amaliyotda koʻp uchraydi.
Otalikni belgilash haqida daʼvo berish huquqiga ega shaxs sudga bergan daʼvo arizasiga bolaning otaligi belgilanmaganligini tasdiqlaydigan tugʻilganlik guvohnomasi nusxasini taqdim qilishi shart.
Sudning hal qiluv qarori bilan otalik belgilanganida qabul qilingan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach FXDYO boʻlimiga dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritish uchun yuboriladi.Hal qiluv qaroriga asosan FXDYO organi bolaga yangi tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma beradi.
Otalikni belgilash va aliment undirish daʼvolari boʻyicha daʼvogar davlat bojidan ozod qilingan.Biroq, daʼvo qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan undirilishini qonunchilik istisno qilmaydi.
Shuningdek, otalikni belgilash daʼvolari boʻyicha qonunchilikda daʼvo muddati qoʻllanmasligi belgilab qoʻyilgan. Yaʼni, daʼvogarlar bu mazmundagi daʼvo bilan istalgan paytda murojaat qilishga haqli.
Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan, lekin oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.
Bunday holatda sudda ish daʼvo yuritish tartibida emas, balki manfaatdor shaxsning arizasiga asosan alohida ish yuritish, yaʼni yuridik faktni belgilash tartibida koʻrib chiqiladi.
Otalikni belgilash bilan bogʻliq nizolarning koʻpayganligi fuqarolarning huquqiy bilimi yetarli emasligini, bu borada fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari, mahalla profilaktika inspektorlari olib borayotgan ishlar, shuningdek, bunga masʼul shaxslarning sud bilan hamkorligi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligini koʻrsatmoqda.
Chinoz tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti J.Muhammadiyev.