Янгиликлар
Intellektual mulk huquqi.
Intellektual mulk huquqi.
Bugungi texnologik taraqqiyotda intellektual mulk har bir davlat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilishga katta e’tibor berilmoqda.
Intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar Asosiy qonunimizdan ham o‘rin olgan. Xususan, amaldagi Konstitutsiyamizning 36-moddasida “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi” deb belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ushbu moddasiga “Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa ega” degan norma kiritilmoqda.
Bosh qomusimizning avvalgi tahririda moddiy mulk nazarda tutilgan bo‘lsa, taklif etilayotgan tahrirda moddiy mulk bilan bir qatorda intellektual mulk ham nazarda tutilyapti.
Albatta, yurtimizda “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham bor. Ushbu qonunning ishlash mexanizmlarini tashkil etuvchi hukumat qarorlari ishlab chiqilgan va imzolangan.
Endi qonunlarda aks etayotgan intellektual mulk masalasi Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlanmoqdaki, bu birinchidan, intellektual mulkning yaratuvchisi bo‘lgan olimlar, ixtirochi va ijodkorlarning haq-huquqlarining himoyasi bo‘lsa, ikkinchidan, ular yaratgan intellektual mulkka bo‘lgan adolatli munosabatdir.
Zero, dunyo bo‘yicha eng qimmatbaho mulk – bu intellektual mulkdir. Zamonaviy dunyoda intellektual mulk himoyasini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Nomoddiy aktivlar ulushi 1975 yilda 17 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 90 foizga ko‘tarilib, ularning taxminiy qiymati 21 trillion AQSh dollarini tashkil etadi.
Hozirgi kunda intellektual mulk Yevropada YaIMning 45 foizini, Xitoyda 12 foiz, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. Lekin O‘zbekistonda intellektual mulkni tijoratlashtirish darajasi juda past. Ushbu huquqni Konstitutsiyaviy darajada e’tirofini amalga oshirmasdan turib, samarali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash qiyin.
Kelajakda biz uchun eng ko‘p foyda keltiradigan jihat ham ayni shudir. Sababi kelgusida bizning intellektual mahsulotlarimiz, ixtirolarimiz dunyo bozorlarini egallashi kerak. Agar olimlarimiz tomonidan yaratiladigan ixtirolar jahon ilmiy maydonlarining markazidan joy egallasa va butun jahon ulardan ilmiy-texnik taraqqiyot yo‘lida foydalansa, mamlakatimiz uchun bu narsa oddiy obro‘-e’tibor emas, balki ulkan darajada manfaat keltiradi.
Umuman olganda, bugungi zamonaviy dunyoda intellektual mulk himoyasini ta’minlash g‘oyat muhim. Konstitutsiyamizdagi ushbu o‘zgarish kelgusida intellektual mulk ob’ektlarini (ixtirolar, asarlar) ko‘proq yaratishga zamin yaratadi.
Chinoz tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti A.Teshaboyev.