Янгиликлар
TA’LIM OLISH HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI
TA’LIM OLISH HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI
Davlat va jamiyat rivojlanishi, bugungi kun holatini shakillanishida insoniyatning bilim olishiga intilishi va kundan-kun rivojlanayotgan ta’limning o‘rni va ahamiyati yuqori xisoblanadi. Har bir davlat o‘z faoliyati davomida ta’lim olishga katta e’tibor qaratadi. Shuningdek bu holat bizning jamiyatimizda ham ustivor yo‘nalishlardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Konsitutsiyasining 41-moddasida:
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir, deb qonuniy asoslar bilan belgilab qo‘yilgan. Insonlarning ta’lim olishini bosh qomusimizda qonuniy kafolatlanishi, davlatimizning sohaga bo‘lgan e’tibor va uni rivojlantirishga bo‘lgan say-harakatlarini yaqqol misolidir.
Har qanday qonun va boshqa huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lmasligi kerak, unga mos bo‘lishi shart. Qonun va boshqa hujjatlar Konstitutsiya normalarining amalda bo‘lishini ta’minlaydi. Masalan, Konstitutsiyaning 41-moddadagi “Bilim olish huquqi”ni “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida”gi Qonunlar ta’minlaydi. Bu qonunlar Konstitutsiyaning tegishli qoidalarini, ya’ni fuqarolar huquqlarini ta’minlashni nazarda tutadi.
Bundan tashqari sohadagi bugingi o‘zgarishlar taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinishiga va avval qabul qilingan qonunlarni yanada takomillashtirishga olib keldi. So‘ngi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish va modernizasiya qilish bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonuni 2020-yil 23-sentyabr kuni qabul qilingan bo‘lib, uning maqsadi taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonunga asosan taʼlim sohasidagi asosiy printsiplar, taʼlim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qo‘yildi, unda belgilangan masofaviy taʼlim haqidagi qoidalar o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga muvofiq taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda masofadan turib olishga qaratilgan.
Shuningdek, Qonunga ko‘ra, davlat oliy taʼlim, o‘rta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladigan bo‘ldi. Nodavlat taʼlim muassasalarini tashkil etish ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan beriladigan bo‘ldi.
Qonunda dual taʼlimga oid qoidalar belgilanib, u taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarni olishga qaratilgan bo‘lib, ularning nazariy qismi taʼlim tashkiloti negizida, amaliy qismi esa taʼlim oluvchining ish joyida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, qonunga inklyuziv taʼlim to‘g‘risidagi qoidalar kiritilib, unga binoan, inklyuziv taʼlim alohida taʼlim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha taʼlim oluvchilar uchun taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishga bo‘lgan teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlimni tashkil etadi.
Mazkur qonun jahon standartlari talablaridan kelib chiqqan holda taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning qamrovi kengligi va o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligi bilan 1997-yil 29-avgust kuni qabul qilingan “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonundan tubdan farq qiladi. Qonunga asosan ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplar, ta’lim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qo‘yildi.
Ushub Qonun bilan 1997-yil 29-avgustdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi.
Qonunning qabul qilinishi hamda amaliyotga joriy etilishi ta’lim sohasida qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi deyishimiz mumkin.
Bizga ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda har bir sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, mazkur islohotlarning salmoqli qismini ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tashkil etmoqda. So‘nggi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ta’lim tizimidagi islohotlar va amaliy chora-tadbirlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilmoqda:
1) maktabgacha ta’lim sohasida;
2) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
3) oliy ta’lim;
4) oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
5) kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
Xulosa o‘rnida, taʼlim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.
Ta’lim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir. Tan olish kerakki bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda ta’lim sohasi yuqori darajada rivojlanib bormoqda. Aytish joizki bugungi kun talabi ham shuni taqazo etmoqda. Rivojlanib borayotgan sohalar, axborot komunikatsiya sohasi, yangi paydo bo‘layotgan sohalar, glabollashuv jarayonida xorijiy tillarga bo‘lgan talabni oshishi, ilmiy sohalardagi ixtiro va kashfiyotlar rivojlanib borayotgan davlatimizdan va xalqimizdan yanada ko‘proq masuliyat va mehnatni talab qilmoqda.
Ohangaron tumani Adliya bo’limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi Bosh yuriskonsuli
Abduraxmonov G’anisher Shavkat o’g’li