Янгиликлар
Mualliflik shartnomasining huquqiy tabiati
Mualliflik shartnomasining huquqiy tabiati
|
Oybek Buriyev Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi boshlig`i |
Jahongir Zokirov Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi |
Bugungi kunda texnologiya kundan-kunga rivojlanib, jamiyatning har bir sohasiga keng ravishda kirib bormoqda. Ayniqsa, interknit tarmog`idan foydalangan holda o`zimizga kerakli ma’lumotlarni qizqa vaqt ichida topishimiz hatto mazkur ma’lumotlardan foydalangan holda daromad qilishimiz ham mumkin. Bu esa o`z-o`zidan qonunda belgilangan tartibdagi intellectual mulk huquqlarini, xususan mualliflik va turdosh huquqlarni buzilishiga olib keladi. Xususan, intellektual mulk obyektlaridan muallif ruxsatisiz foydalanish: plagiat, noqonuniy savdo, kontrafakt mahsulotlarni onlayn ko‘rinishda tirojatlashtirishda aks etmoqda[1]
Bilamizki, muayyan bir ixtironi, foydali modelni yoki adabiy asarlar yoxud musiqa asarlarni yaratishning o`zigina ulardan daromad olish va manfaat ko`rishi uchun yetarli bo`lmaydi. Tabiiyki, sanoat mulki obyektlari patent olinib, davlat ro`yxatidan o`tmas ekan uning muhofaza masalasi so`roq ostida turadi. Mualliflik huquqlariga kelsak, O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni ko`ra, mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmasligi belgilangan[2]. Demak, mualliflik huquqi obyektlarining kim tomonidan va qachon yaratilish fakti mualliflik huquqini yuzaga keltirar ekan. Ta’kidlash joizki, mazkur holat bir necha mamlakatlarda boshqacharoq qo`llaniladi. Masalan, Amerika Qo`shma Shtatlari (AQSH)da mualliflik huquqi obyektlarini ro`yxatdan o`tkazish amalyoti mavjud, biroq bu jarayon majburiy emas, albatta, huquq egasining xohishiga qarab ro`yxatdan o`tkazilishi mumkin[3].
Qolgan davlatlarda, xususan O`zbekistonda ham mualliflik huquqini himoya qilishning bir qator o`ziga xos vositalari bor bo`lib, bu mualliflik shartnomalari hisoblanadi. Endi savol tug`iladi: mualliflik shartnomalari qanday shartnoma turi hamda fuqarolik huquqiy munosabatlardagi shartnomalardan farq qiladimi?
Avvalombor, mualliflik shartnomasi tushunchasiga ta’rif berib olamiz. Mualliflik shartnomasi deyilganida, bir tomondan fan, adabiyot va san'at asarining muallifi yoki uning ish beruvchisi yoxud boshqa mulkiy mualliflik xuquqlarining egasi, boshqa tomondan asardan foydalanuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma tushuniladi. Ushbu shartnomaga binoan muallif foydalanuvchiga haq evaziga, shartlashilgan usulda va belgilangan muddatda asardan foydalanish xuquqini berishni, foydalanuvchi esa asardan o‘ziga berilgan xuquqqa muvofiq foydalanish va haq to‘lash majburiyatini zimmasiga oladi[4].
Demak, mualliflik shartnomasi huquq egasi (muallif, ish beruvchi va boshqa mualliflik huquqlarining egasi)ga tegishli bo`lgan huquqlarni (huquqlar doirasi ko`rsatiladi) muayyan bir maqsadda (tijoratlashtirish bo`lishi mumkin) foydalanuvchi maqomida bo`lgan shaxs bilan tuzilgan shartnoma ekan.
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 38-42-moddalari bevosita mualliflik shartnomalariga bag`ishlangan. Qonunning 38-moddasiga ko`ra, muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga bo‘lgan biron-bir mualliflik huquqining o‘z-o‘zidan boshqa shaxsga o‘tkazilishiga sabab bo‘lmaydi. E’tibor berilsa, moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini shartnoma asosida boshqa shaxsga o`tkazish mualliflik huquqining o`z-o`zidan boshqa shaxsga o`tkazilishini anglatmaydi deyilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mualliflik shartnomalari fuqarolik huquqiy munosabatlaridagi shartnomalardan, hadya, meros, pudrat, haq evaziga xizmat ko`rsatish va boshqalardan farq qiladi.
Endilikda mualliflik shartnomalarining turlariga to`xtalamiz.
Mualliflik shartnomasining keng tarqalgan turi - mualliflik huquqini topshirish shartnomasi bo`lishi mumkin. Bunday holda, mutlaq huquqlar to'liq hajmda foydalanuvchiga o'tkaziladi. Yangi mualliflik huquqi egasi, ya’ni shartnoma asosida mutloq huquqlarni olgan taraf muallifning asaridan o‘z xohishiga ko‘ra, hech qanday cheklovlarsiz foydalanishi mumkin.
Ushbu holat milliy qonunchiligimizda ham belgilangan, ya’ni “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning (keyingi o`rinlarda qonun deb yuritiladi) 38-moddasiga muvofiq muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.
Qolaversa, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1056-moddasiga asosan yuridik va jismoniy shaxslar, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi ko`rsatilgan[5]. Demak, qonunning 19-moddasida qayd etilgan mutlaq huquqlar mualliflik shartnomasi asosida boshqa shaxsga foydalanish uchun topshirilishi yoki o`tkazilishi mumkin ekan.
Ta’kidlash joizki, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomasi mualliflik shartnomasi hisoblanmaydi. Intellektual mulk huquqi kafedrasi dotsenti, y.f.f.d A.Yuldashov ta’kidlaganlaridek, Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar va mualliflar o`rtasidagi huquqiy munosabatlar topshiriq shartnomasi xarakteriga ega hisoblanadi[6].
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 817-moddasiga ko`ra, topshiriq shartnomasi bo‘yicha bir taraf (vakil) ikkinchi taraf (topshiriq beruvchi)ning nomidan va uning hisobidan muayyan yuridik harakatlarni sodir etish majburiyatini oladi. Vakil tuzgan bitim bo‘yicha huquq va majburiyatlar bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi. Topshiriq vakil tomonidan bir yoki bir necha muayyan yuridik harakatlarni sodir etish haqida yoki topshiriq beruvchining ishlarini uning ko‘rsatmalariga muvofiq yuritish haqida berilishi mumkinligi belgilangan[7].
Bundan anglashiladiki, mualliflik shartnomasini huquq egasi va mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar o`rtasida tuziladigan shartnoma bilan adashtirmasligimiz lozim.
Rossiya Federatsiyasi Fuqarolik Kodeksining 1286-moddasida litsenziya shartnomasi ham mualliflik shartnomasi bo`lishi mumkinligi belgilangan. Unga ko`ra, muallif yoki mualliflik huquqi egasi litsenziatga asardan foydalanish uchun muayyan huquqlar beradi. Litsenziya ma'lum muddatga va hajmda tuziladi, mutlaq huquqlardan qaysi hududda foydalanish ham ko`rsatiladi, agar ko`rsatilmasa, u mazkur davlat hududida amal qiladi, xolos. Litsenziyaning amal qilish muddati muallifning belgilangan huquqlari muddatidan oshmasligi kerak, agar ko'rsatilmagan bo'lsa, 5 yil muddatga tuzilgan hisoblanadi. Litsenziat sublitsenziya shartnomasi bo'yicha o'z vakolatlarini uchinchi tuzilmalarga o'tkazish huquqiga ega, lekin belgilangan vakolatlari doirasida.
Ushbu holat ham o`zimizning Fuqarolik kodeksi 1036-moddasida ko`rsatilgan bo`lib, unga binoan litsenziya shartnomasi bo‘yicha intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan taraf (lisenziar) boshqa tarafga (lisenziatga) tegishli intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsatnoma beradi.
Fikrimizcha, bu turdagi shartnomaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, intellektual mulkka bo‘lgan huquqlar litsenziatga cheklangan hajmda beriladi hamda litsenziatga berilgan huquqlar doirasi litsenziya shartnomasining shartlari bilan belgilanadi. Bundan tashqari, litsenziya shartnomasi sanoat mulk obyektlari doirasida ham tuziladi.
Fikrimizcha, mualliflik shartnomasining uchinchi shakli bu – mualliflik huquqiga oid buyurtma shartnomasidir. Bu haqida qonunning 41-moddasida ko`rsatilgan. Unga ko`ra, muallif buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha asarni shartnoma shartlariga muvofiq yaratish va uni buyurtmachiga topshirish majburiyatini oladi hamda shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga tegishli hisolanadi.
Shartnomaning bu turida muallif (jismoniy shaxs) muayyan asar yaratadi va unga bo'lgan (mutloq) huquqlarni buyurtmachiga beradi. Shartnomada uning predmetini yetkazish shartlari va to'lov miqdori va boshqa muhim qoidalar ko'rsatilishi kerak. Buyurtma asosida tuzilgan mualliflik shartnomasining muhim sharti shundaki, asar yaratish uchun imtiyozli davrni belgilash imkoniyati mavjud.
Shu bilan birgalikda, buyurtmaning mualliflik shartnomasi olimlar o`rtasida ancha munozarali hisoblanadi. Masalan, E. P. Gavrilovaning fikricha, mualliflik huquqi umuman asarlar yaratish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solmaydi, balki allaqachon yaratilgan asardan foydalanish bilan bog'liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi[8].
Ya’ni, mualliflik shartnomasi yaratilmoqchi bo`lgan asar uchun emas, aksincha yaratilgan asar uchun tuzilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
S.L.Vladimirovnaning ta’kidlashicha, mualliflik huquqi, birinchi navbatda, allaqachon yaratilgan asardan foydalanish jarayonida va uni yaratishdan oldingi munosabatlarni ham tartibga soladi deb o`z fikrini ilgari suradi[9]. Bizningcha, buyurtmaning mualliflik shartnomasi, agar shartnoma shartlari qonunga zid bo`lmasa, tuzilishi mumkin deb hisobladik. Tassavur qilaylik, chinni idish ishlab chiqaruvchi korxona rassom bilan muayyan turdagi rasm chizib berishi lozimligi yuzasidan kelishdilar. Bunda rassom buyurtmaga asosan belgilangan vaqtda rasim chizib beradi va ularga nisbatan shaxsiy nomulkiy huquqlarini saqlab qoladi.
Shu bilan birga asardan foydalanish usulidan kelib chiqqan holda mualliflik shartnomalari quyidagi turlarga bo`linishi mumkin:
• nashriyot mualliflik shartnomasi;
• ssenariy mualliflik shartnomasi;
• qo‘lyozmani deponentlashtirish mualliflik shartnomasi;
• manzarali-amaliy san'at asarini sanoatda foydalanish mualliflik shartnomasi;
• asarni efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish berishning mualliflik shartnomasi;
• badiy asar buyurtmasining mualliflik shartnomasi;
• namoyishning mualliflik shartnomasi[10]
Endilikda e’tiborimizni, mualliflik shartnomasiga qo`yilgan talablarga qaratamiz. Qonunning 41-moddasiga muvofiq mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi shart:
ü asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladigan konkret huquqlar);
ü asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.
Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin[11].
Asarni yaratuvchi, ya’ni muallif yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs foydalanuvchiga bergan mulkiy huquqlar mualliflik shartnomasining predmeti hisoblanadi. Fikrimizcha, Asarning o'zi mualliflik shartnomasi bo'yicha berilgan huquqlarning obyekti hisoblanadi. Mualliflik huquqi obyektidan, ya'ni intellektual faoliyat natijasidagi har qanday ijod mahsulidan farqli o'laroq, mualliflik shartnomasining obyekti muayyan asar bo'lib, undan foydalanish shartlari shartnoma taraflari tomonidan belgilanadi. Demoqchimizki, o‘tkaziladigan konkret huquqlar shartnomada aniq ko`rsatilishi lozim. Aks holda, boshqa shaxsga o‘tkazilishi mualliflik shartnomasida bevosita nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.
Bu turdagi shartnomalarning muhim shartlaridan biri – shartnomada тфкч (shartnoma bahosi) ko`rsatilishi kerak. Aytmoqchimizki, foydalanuvchi shartnoma bo'yicha asardan foydalanish huquqini qo'lga kiritganligi uchun muallifga to'lashi kerak bo'lgan mualliflik to'lovi foizlarda ko`rsatilishi kerak. Qonun bo`yicha foydalanuvchi to`laydigan haq foizlarda qaytarilishi bejizga emas, fikrimizcha, chunki daromad oshgani sayin, to`lanadigan haq ham oshishi kerak. Bu foydalanuvchining yalpi daromadi yoki foydasi yoxud u ishning nusxalari sotiladigan narxga bog'liq bo'lishi mumkin.
Shu bilan birgalikda, mualliflik shartnomasida muddat ham muhim rol o`ynaydi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqida yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin[12].
Yuqorida nomi qayd etilgan qonunning 42-modasiga asosan mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Mazkur modda talabiga rioya qilmasdan tuzilgan shartnomalar haqiqiy hisoblanmaydi.
Bundan farqli ravishda EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari nusxalarini sotishda mualliflik shartnomasi, agar uning shartlari (dasturdan va ma’lumotlar bazasidan foydalanish shartlari) dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxalarida tegishli tarzda bayon qilingan bo‘lsa, yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.
Shuningdek, texnologiya rivojlanishi natijasida intellekual mulk obyektlari internitda ham tijoratlashtirilmoqda. Masalan, tasviriy san’at asarlarini “NFT” blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda sotishimiz va sotib olishimiz mumkin. Ushbu fikrimizni quyidagi misol bilan asoslaymiz. Britaniyalik qo’shiqchi, musiqachi, prodyuser Imojen Djennifer Xip 2015 yilning oxirida, uzining ―Mycelia‖ musiqiy albomining sinov namunasi sifatida, ―Tiny Human musiqasini yaratgan. Ushbu muallifligidagi qo`shiqdi I.Xip ― Ethereume blokcheyn texnologiyasi orqali muhofazalagan. Ushbu texnologiya orqali muallifga bir qator afzalliklar taqdim etilgan, jumladan, I.Xip o`zining muhlislari bilan to`g`ridan to`g`ri aloqaga kirisha olib, ularga o`zining asarini maqbul narxmda taklif etish. Ethereume blokcheyn texnologiyasi orqali Tiny Human musiqasining savdosi 133.20 AQSH dollarini tashkil etgan[13]. Ethereum blokcheyn texnologiyasi aqlli shartnomalar asosida ishlashini inobatga olsak, fikrimizcha, mualliflik shartnomasining yana bir usuli – bu aqlli shartnomalar (smart contracts)bo`ladi deb hisobladik. Chunki, blokcheyn eng xavfsiz va ishonchli intellektual mulk himoya vositasi hisoblanadi. Chunki, u markazlashmagan tizim asosida ishlaydi, ya’ni uni turli xil kiber hujumlar orqali buzib bo`lmaydi. Yuqoridagi misolda, qo`shiqchi I.Xip o`z qo`shig`ini bitta blokcheynga joylashtiradi. Blokcheyn erkin oldi-sotdi qilinish imkoniyatiga egaligi sababli qo`shiqchi o`z asarini foydalanuvchiga muayyan shartlar asosida sotishi mumkin, ya’ni aqlli shartnomalar yordamida o`z asariga bo`lgan huquq foydalanuvchilarga o`tkazib beriladi.
Yuqoridagi fikr va mulohazalardan kelib chiqib, xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, mualliflik huquqi shartnomalarini amalyotga keng qo`llashni tatbiq qilish kerak, zarur bo`lsa, xalqning bu shartnoma turi haqidagi huquqiy savodxonligini oshirish lozim. Sababi shundaki, aynan mualliflik huquqi natijasida mamlakatning yalpi ichki mahsulotiga juda katta miqdorda daromad olib kelishi mumkin. Shuningdek, mualliflik shartnomalari ijodiy faoliyat natijasida yaratilgan asarlarni himoya qilishning eng qulay vositasi hisbolanadi. Tabiiyki, mazkur amalyot rivojlangan davlatlarnikidek yo`lga qo`yilsa, investorlarni jalb qilishga ham katta turtki bo`ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
1. Bakhramova, Mokhinur. "The principles of Intеrnаtionаl Аrbitrаtiоn."
Барқарорлик ва Етакчи Тадқиқотлар онлайн илмий журнали 1.6 (2021):
124- 133. http://sciencebox.uz/index.php/jars/article/view/428
2. O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni https://lex.uz/ru/docs/-1022944
3. How To Register With The U.S. Copyright Office https://copyrightalliance.org/faqs/registration-process-copyright-office/
4. I.B.Yakubova. Mualliflik huquqi. O‘quv qo‘llanma. – T.: TDYuU nashriyoti, 2020. – 87-b.
5. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y https://lex.uz/docs/-180552
6. Yuldashov A., Shanmuka S. N. RAQAMLI MUHITDA MUALLIFLIK HUQUQI MUHOFAZASI //Central Asian Academic Journal of Scientific Research. – 2022. – Т. 2. – №. 6. – С. 168-181.
7. Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi [National Legislative Database],
21.08.2021-y., 03/21/709/0808-son. [Available at: https://lex.uz/docs/180552]
8. См.: Гаврилов Э. П. Курс гражданского права. Отдельные виды обязательств. М., 1954. С. 356
9. Сорокина Людмила Владимировна АВТОР КАК СТОРОНА АВТОРСКОГО ДОГОВОРА И ДОГОВОРА АВТОРСКОГО ЗАКАЗА //
Вестник Челябинского государственного университета. Серия: Право. 2008. №22 (123). URL: https://cyberleninka.ru/article/n/avtor-kak-storonaavtorskogo-dogovora-i-dogovora-avtorskogo-zakaza-1
10. Intellektual mulk. Darslik. Mas'ul muharrirlar: yu.f.d., prof., O.Oqyulov, yu.f.f.d. (PhD), dosent N.E.Gafurova // Mualliflar jamoasi. –T.: TDYuU nashriyoti , 2019. – 250- bet
11. O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni https://lex.uz/ru/docs/-1022944
12. Intellektual mulk. Darslik. Mas'ul muharrirlar: yu.f.d., prof., O.Oqyulov, yu.f.f.d. (PhD), dosent N.E.Gafurova // Mualliflar jamoasi. –T.: TDYuU nashriyoti , 2019. – 250- bet
13. To‘Raqulova N. MUALLIFLIK HUQUQI OBYEKTLARI
MUHOFAZASINI TA’MINLASHDA BLOKCHEYN TEXNOLOGIYASINING AHAMIYATI //Central Asian Research Journal for Interdisciplinary Studies (CARJIS). – 2022. – Т. 2. – №. 5. – С. 290-300.
[1] Bakhramova, Mokhinur. "The principles of Intеrnаtionаl Аrbitrаtiоn." Барқарорлик ва Етакчи Тадқиқотлар онлайн илмий журнали 1.6 (2021): 124- 133. http://sciencebox.uz/index.php/jars/article/view/428
[2] O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni https://lex.uz/ru/docs/1022944
[3] How To Register With The U.S. Copyright Office https://copyrightalliance.org/faqs/registration-process-copyrightoffice/
[4] I.B.Yakubova. Mualliflik huquqi. O‘quv qo‘llanma. – T.: TDYuU nashriyoti, 2020. – 87-b.
[5] O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y https://lex.uz/docs/-180552
[6] Yuldashov A., Shanmuka S. N. RAQAMLI MUHITDA MUALLIFLIK HUQUQI MUHOFAZASI //Central Asian Academic Journal of Scientific Research. – 2022. – Т. 2. – №. 6. – С. 168-181.
[7] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi [National Legislative Database], 21.08.2021-y., 03/21/709/0808-son.
[Available at: https://lex.uz/docs/-180552]
[8] См.: Гаврилов Э. П. Курс гражданского права. Отдельные виды обязательств. М., 1954. С. 356
[9] Сорокина Людмила Владимировна АВТОР КАК СТОРОНА АВТОРСКОГО ДОГОВОРА И ДОГОВОРА
АВТОРСКОГО ЗАКАЗА // Вестник Челябинского государственного университета. Серия: Право. 2008. №22 (123). URL: https://cyberleninka.ru/article/n/avtor-kak-storona-avtorskogo-dogovora-i-dogovora-avtorskogozakaza-1
[10] Intellektual mulk. Darslik. Mas'ul muharrirlar: yu.f.d., prof., O.Oqyulov, yu.f.f.d. (PhD), dosent N.E.Gafurova // Mualliflar jamoasi. –T.: TDYuU nashriyoti , 2019. – 250- bet
[11] O`zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni https://lex.uz/ru/docs/-1022944
[12] Intellektual mulk. Darslik. Mas'ul muharrirlar: yu.f.d., prof., O.Oqyulov, yu.f.f.d. (PhD), dosent N.E.Gafurova // Mualliflar jamoasi. –T.: TDYuU nashriyoti , 2019. – 250- bet
[13] To‘Raqulova N. MUALLIFLIK HUQUQI OBYEKTLARI MUHOFAZASINI TA’MINLASHDA
BLOKCHEYN TEXNOLOGIYASINING AHAMIYATI //Central Asian Research Journal for
Interdisciplinary Studies (CARJIS). – 2022. – Т. 2. – №. 5. – С. 290-300.