Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Insofsiz raqobat va intellektual mulk huquqlarining buzilishi.


Insofsiz raqobat va intellektual mulk huquqlarining buzilishi.

 

 

Oybek Buriyev

Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi boshlig`i

 

Jahongir Zokirov

Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi yetakchi maslahatchisi

 

 

Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati yurtimizda rivojlanib va qo’llab quvvatlanib kelayotgani bilan xo’jalik subyektlari o’rtasida raqobat ham kuchayib bormoqda. Avvalo raqobat o’zi nima ekanligini huquqiy tomondan aniqlashtirganimizda, raqobat tushunchasiga ta’rif O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” gi qonunning 4-moddasida berilgan: raqobat — xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo‘lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi.[1] Barchamizga ma’lumki, turli shaxslar hamda tadbirkorlik subyektlari o’rtasida sog’lom va vijdonli raqobat bo’lsa, fuqarolik muomalasining samarali faoliyati natijasida bozor sifat jihatdan rivojlanadi. Ammo afsuski, ko’pincha insofsiz raqobatning turli ko’rinishlari aktual muammoga aylangan va intellektual mulk huquqi sohasida ham uchrab turadi.

Insofsiz raqobat o’zi nima? Ushbu tushunchaning ta’rifini milliy qonunchilikdan ko‘rsak, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” gi qonunning 4-moddasida: insofsiz raqobat — xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlari deb belgilab qo‘yilgan.[2]

Bu turdagi raqobat boshqa barcha sohalardagi kabi salbiy harakterga ega nuqtadir. Raqobatchilar nohalol va egri yo‘llar orqali harakat qilib, boshqa birovning intellektual mulk obyektidan foydalangan holda ma’lum daromad olishadi va bu albatta bozorning barqarorligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Turli shaxslarning insofsiz raqobatdagi harakatlari tendensiyasi mamlakatning iqtisodiy salohiyatiga katta zarar yetkazadi va shu bilan uning strategik rivojlanishini susayishiga olib keladi.

 

Bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda insofsiz raqobat holatlari ko‘payib bormoqda va bu o‘z navbatida ishlab chiqaruvchilarga ham, iste’molchilarga ham zarar keltirmoqda. Ko‘rib turganimizdek, kontrafakt mahsulotlar assortimenti faqatgina iste’mol tovarlari bilan cheklanib qolmaydi, ularni O‘zbekiston bozorida kiyim-kechak, oziq-ovqat, chaqaloqlar uchun ozuqalar, dori-darmon va dasturiy ta’minotning mashhur brendlari orasida ham uchratish mumkin.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalasi dolzarb bo‘lib bormoqda. Tovar belgisi egalari ham O‘zbekiston fuqarolari, hamda chet el fuqarolari o‘z mehnatlari natijalarini himoya qilishga faol harakat qilmoqdalar.[3]

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, qonunchiligimizda “Raqobat to‘g‘risida” gi qonunning 13-moddasida insofsiz raqobatni taqiqlashga qaratilgan norma o‘rnatilgan bo’lib, unga ko‘ra:

Insofsiz raqobat, shu jumladan:

boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri taqqoslashlar. Bunda xo‘jalik yurituvchi subyektning tovarini xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsiflarni yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda tovarning ustunligi haqida taassurot hosil qiluvchi so‘zlardan yoki belgilardan foydalanish orqali boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) o‘zga tovari bilan taqqoslash yoxud ko‘rsatilgan so‘zlarni yoki belgilarni o‘z ichiga olgan tasdiqlar yolg‘on, noaniq bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan hollar noto‘g‘ri taqqoslashdir;

yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish, shu jumladan tovarni xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yo‘li bilan, shuningdek ushbu belgidan domen nomida foydalanish orqali qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda realizatsiya qilish;

tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish, xo‘jalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish;

fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni, shu jumladan tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;

tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektning kirishiga to‘siq qo‘yish taqiqlanadi.

Yuridik shaxsni individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga bo‘lgan mutlaq huquqni olish, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarga nisbatan belgi bilan aynan o‘xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi deb belgilangan.[4]

Shu bilan birgalikda,insofsiz raqobatdan qonun doirasida himoyalanishning asosiy usuli bu tovar belgisining egasi o’z tovar belgisini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida ro’yxatdan o’tkazishi yoki xalqaro miqyosda O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq xalqaro ro’yxatdan o’tkazgan taqdirda,huquqiy himoyaga ega bo’lishi nazarda tutiladi.

Insofsiz raqobat yuzasidan milliy huquqshunos olimlarning fikrlariga to‘xtaladigan bo’lsak, O‘zbekistonlik huquqshunos olimlarning fikriga ko‘ra:

Insofsiz raqobatning asosiy jihatlari bo‘lib:

1.Boshqa shaxslarga nisbatan iqtisodiy afzallikga ega bo'lish;

2.Qonun hujjatlari(ish muomalasi odatlari)ga rioya qilmaslik;

3.Raqobatchilarga zarar yetkazish yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni sodir etish hisoblanadi.

Iqtisodiy afzallik deganda bozorni egallash maqsadida (“market power”) narxlarni belgilash va shu kabi boshqa muhim iqtisodiy unsurlar orqali bozorni manipulyatsiya qilish va oqibatda raqobatni cheklash tushuniladi. Buning natijasida shaxslarning tovar bozorida tadbirkorlik subyektlarining ishchanlik obro‘siga putur yetadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 6-moddasida ish muomalasi odatlari deb tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo‘llaniladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat’iy nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. .

Insofsiz raqobat natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibat xususiyatidan kelib chiqqan raqobatchiga insofsiz raqobat natijasida yetkazilgan moddiy zarar hamda nomoddiy zarar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. [5]

Insofsiz raqobat sohasini tartibga solish bo’yicha dunyo miqyosida keng doiradagi ishtirokchilar qatnashgan maxsus xalqaro shartnomalar mavjud emas. Ammo, ulardan faqat bir nechtasidagina buni nazarda tutadigan normalar mavjud, asosan Sanoat mulkini himoya qilish sohasida Parij konvensiyasi insofsiz raqobatni tartibga solishni nazarda tutadi. Parij konvensiyasining 10-bis moddasining 2-bandiga binoan, insofsiz raqobat deb, sanoat va tijorat masalalarida halol amaliyotga zid bo'lgan har qanday harakat insofsiz raqobat harakati deb hisoblanadi. Ushbu moddaning 3-bandida insofsiz raqobat amaliyotlarining ro'yxati keltirilgan. Shunday qilib, quyidagilar taqiqlanadi:

- raqobatchining korxonasi, mahsulotlari yoki sanoat yoki tijorat faoliyati bilan bog'liq har qanday tarzda chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan barcha harakatlar;

- tijorat faoliyati davomida raqobatchining korxonasini, mahsulotini yoki sanoat yoki tijorat faoliyatini obro'sizlantirishi mumkin bo'lgan yolg'on bayonotlar;

- tijorat faoliyatini amalga oshirishda foydalanish tovarlarning tabiati, ishlab chiqarish usuli, xususiyatlari, foydalanishga yaroqliligi yoki sifati to'g'risida jamoatchilikni chalg'itishi mumkin bo'lgan ko'rsatmalar va bayonotlar.[6]

Shuningdek, Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to'g'risidagi bitim, ya’ni TRIPSning 39-moddasiga muvofiq, aʼzo davlatlar Parij konvensiyasining 10-bis moddasida koʻrsatilganidek, oshkor etilmagan maʼlumotlarni insofsiz raqobatdan samarali himoya qilishni taʼminlashi shart. Axborotni qonuniy ravishda nazorat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar o'zlarining roziligisiz adolatli tijorat amaliyotiga zid ravishda bunday ma'lumotlarni boshqalarga oshkor qilishlari, olishlari yoki foydalanishlariga yo'l qo'ymasliklari kerak, agar shunday ma'lumotlar:

- odatda butunlay yoki ma’lum darajada yoki uning tarkibiy qismlari yig'indisida noma'lum va maxfiy hisoblanadigan sirlarning odatda shu kabi ma’lumotlar bilan shug'ullanadigan shaxslarga ma’lum bo’lmasligida;

- maxfiy bo'lgani uchun tijorat qiymatiga egaligida;

- tegishli sharoitlarda qonuniy nazorat ostida bo'lgan shaxs tomonidan ma'lumotlarni sir saqlash uchun oqilona choralar ko’rilganida.[7]

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, TRIPS bitimida nazarda tutilgan insofsiz raqobatdan himoya Parij konvensiyasining 10-bis moddasida nazarda tutilgan himoyaga qo'shimcha hisoblanadi.

Xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak,

Amerika Qo'shma Shtatlarida insofsiz raqobatning aksariyat shakllari odatda shtat darajasida tartibga solinadi, garchi tovar belgilarining buzilishini tartibga soluvchi federal Lanham qonuni ko'pincha yolg'on reklama da'volarida qo'llanilsa ham. Federal insofsiz raqobat to'g'risidagi qonunlarni Lanham qonunining 43(a) bo'limida topish mumkin va bu qoidalar soxta reklama va tovar belgilarining buzilishini taqiqlashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, iste'molchilarni bunday aldamchi savdo amaliyotlaridan himoya qilish uchun Federal Savdo Komissiyasi (FTC) yaratilgan. Shtat va federal qonunlar yoki qoidalar ziddiyatli bo'lsa, federal qonunlar odatda ziddiyatli shtat qonunlaridan ustun turadi. Garchi insofsiz raqobat odatda fuqarolik qonunlari bilan tartibga solingan bo'lsa-da, federal va shtat hukumatlari muayyan huquqbuzarlarga nisbatan jinoiy jazo choralarini qo'llash huquqiga ega. Misol tariqasida, Kaliforniya shtatini oladigan bo'lsak, ushbu shtat qonuni insofsiz raqobatning bir necha turlarini tan oladi:

-Noqonuniy tadbirkorlik faoliyati yoki amaliyoti;

-Insofsiz tadbirkorlik faoliyati yoki amaliyoti;

-Firibgarlik orqali tadbirkorlik faoliyati yoki amaliyoti;

- Adolatsiz, yolg'on yoki chalg'ituvchi reklama.[8]

 

 

Rossiya Federatsiyasi fuqarolik huquqida insofsiz raqobat va intellektual mulkning o'zaro ta'siri hozirgi vaqtda Fuqarolik kodeksining 1252-moddasi 7-bandida belgilab qo'yilgan: Agar intellektual faoliyat natijasiga yoki individuallashtirish vositalariga bo'lgan mutlaq huquqning buzilishi belgilangan tartibda insofsiz raqobat deb e'tirof etilgan hollarda, buzilgan mutlaq huquqni himoya qilish ushbu Kodeksda nazarda tutilgan usullar bilan ham, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga muvofiq ham amalga oshiriladi deb belgilangan.[9]

Yaponiyada insofsiz raqobatni bostirish to'g'risidagi qonun ya'ni UWG qonuni 1934 yilda qabul qilingan. UWG qonuni ushbu huquq sohasida amaldagi tegishli xalqaro shartnomalarga muvofiq milliy iqtisodiyotni sog'lom rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida xo'jalik yurituvchi subyektlar o'rtasida halol raqobatni ta'minlashga, insofsiz raqobatning oldini olish va uning huquq egalariga yetkazilgan zararni qoplashni kafolatlashga qaratilgan.[10]

Fransiya, Italiya, Niderlandiya va boshqa bir qator davlatlarda fuqarolik huquqbuzarliklari uchun javobgarlik to'g'risidagi fuqarolik qonunchiligining umumiy qoidalari insofsiz raqobatga qarshi kurashning huquqiy asosi sifatida qo'llaniladi. (Fransiyada - Federal Fuqarolik Kodeksining 1382 va 1383-moddalari; Italiya - Fuqarolik kodeksining 2598-2601 moddalari va boshqalar.). Insofsiz raqobatga umumiy javobgarlik qoidalariga muvofiq qoplanishi shart bo'lgan zararni keltirib chiqaradigan noqonuniy xatti-harakatlar sifatida qaraladi. Ushbu mamlakatlarning sud amaliyoti alohida konsepsiya ishlab chiqdi va ayrim turdagi harakatlarni insofsiz raqobat deb belgiladi.

Shuningdek boshqa mamlakatlarda masalan, Angliya va Belgiyada noqonuniy raqobatga qarshi kurash fuqarolik va jinoiy qonunchilikning umumiy normalariga asoslanadi, biroq fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi turli xil hujjatlarda ham insofsiz raqobat to'g'risidagi maxsus qoidalar mavjud.[11]

 

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, insofsiz raqobat tushunchasining intellektual mulk huquqlarinig buzilishi bilan aynan bog'liqligini tahlil qilsak, insofsiz raqobat axloq, halollik, vijdonning axloqiy tamoyillarini, O'zbekiston Respublikasining huquqiy normalari bilan tartibga solinadigan tamoyillarni buzadi. Ko'pincha tadbirkorlar o'rtasida raqobatning keskin va salbiy tomonlariga asoslangan raqobat usullari halol raqobatni rivojlantirish va takomillashtirishga katta zarar keltiradi, boshqa tadbirkorlik subyektlarining g'oyalaridan foydalangan holda mavjud mahsulotlarga o'xshatib mahsulot chiqarish, yolg'on ma'lumotlar tarqatish va reklama qilish kabi harakatlarda ham namoyon bo'lib, ayrim hollarda bu jarayonga nazorat qiluvchi davlat organlarining aralashuvini talab qiladi.

Afsuski, “insofsiz raqobatchilar” ataylab taniqli brendlarning nomlari va logotiplaridan foydalanib, egasining mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi va dizaynini ko‘chirib, taqlid qilib, iste’molchilarni chalg‘itib, vijdonli mulkdorning mehnati bilan osongina boyib ketishadi. Ba'zan bunga mualliflik huquqini buzgan shaxsning huquqiy savodsizligi sabab bo'ladi, u kelajakda yuzaga keladigan oqibatlar, mualliflik huquqi egasi ko'radigan zararlar haqida gapirmasa ham bo'ladi.

Xususan mamlakatimizda insofsiz raqobat va intellektual mulk huquqlarning buzilishi bilan bog'liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ular bilan bog'liq qonun buzilish holatlari bilan kurashadigan tashkilotlar qatoriga:

1.O'zbekiston Respublikasining monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi;

2.Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi;

3.O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi;

4. O'zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo'mitasi;

5. O'zbekiston Respublikasi davlat soliq qo'mitasi singari tashkilotlar kiradi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, quyidagilar uchun moliyaviy jarimalar joriy etiladi:

— tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiisteʼmol qilganlik, mahsulotlar narxini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat uchun.

Prezident topshirigʻi bilan Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yangi tahrirdagi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini kiritish, unda aniq miqdorlar va moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi belgilab qoʻyilishi topshirildi.[12]

Demakki, yurtimizda insofsiz raqobat va intellektual mulk huquqlarining buzilishi bilan bog’liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda va bu kelajakda biznes egalarining va barcha tadbirkorlik faoliyati ishtirokchilarining kafolati sifatida xizmat qilib, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining oshishiga hissa qoʻshadi degan umiddamiz.

Ana endi hozirgi kunda koʻp uchrayotgan insofsiz raqobat va intellektual mulk huquqlarining buzilishiga misollardan ba’zilarini koʻrib chiqamiz:

 

Yuqoridagi misollardan ko’rib turganimizdek, ushbu mahsulotlarning barchasi tovar belgisi sifatida ro’xatdan o’tgan mashxur brendlar hisoblanadi, ya’ni: “Always Ultra” va “Naturella camomile” nomli ayollar uchun gigienik mahsulotlar, “Fairy” nomli idish yuvish uchun vosita, “Бархатные ручки” nomli qo'l kremi, “Hame” nomli pashtet kabi tovarlar iste’molda keng tarqalgan va o’z mijozi hamda obro'siga ega hisoblanadi. Ammo rasmda ko'rsatilgan ularning yonida turgan mahsulotlar esa, ushbu brendlarga o'xshatib chiqarilgan hamda qadog'idan to undagi yozuvigacha mijozlarni chalg'itishi mumkin bo'lgan belgi va ranglardan iborat bo'lgan kontrafakt mahsulotlar hisoblanadi hamda bu insofsiz raqobatning yaqqol ko'rinishlaridan biridir.

Konrafakt mahsulot o'zi nima? “Kontrafakt” atamasi har qanday shaxsning intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan har qanday mahsulotni anglatadi. Qalbaki mahsulot ishlab chiqaruvchilar qonuniy brend egasi tomonidan ishlab chiqarilmagan kontrafakt tovarlarga taniqli tovar belgilari va logotiplarni joylashtirish orqali iste'molchilarni chalg'itadi. Ushbu mahsulotlar havfsiz va originalga o'xshab ko'rinishi mumkin, ammo ularni ishlab chiqarish va sotish noqonuniy hisoblanadi.[13]

Shuningdek, ushbu masalaning qonuniy asosi O'zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari,xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'grisida” gi qonuning 27-moddasida: Tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda, O'zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'grisida” gi qonunning 62-moddasida: Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafakt nusxalardir deb belgilab qo'yilgan.[14]

Demakki, insofsiz raqobatning bir ko'rinishi sifatida kontrafakt mahsulotlarning mamlakatimiz hududida ishlab chiqarilishi va iste'molga qo'yilishi qonun bilan ta'qiqlab qo'yilgan. Ammo, afsuski bugungi kunda ham juda ko'plab bu turdagi qonun buzilishi hollari bozorlarimizda, do'konlarda va savdo rastlarida uchrab kelmoqda. Bu masala bilan kurashishning samarali yo’lidan biri iste'molchilarning mahsulot haridi vaqtida e'tiborli bo'lib, sotib olinayotgan mahsulotning tashqi ko'rinishiga va albatta narxiga ham nazar solishdir. Sababi, original mahsulot kamdan kam hollarda arzon va katta chegirmada bo'ladi.

Insofsiz raqobatning yana bir ko'rinishi bu reklama hisoblanadi :

Yuqorida ko'rishimiz mumkinki, reklama bannerlarida ikki dunyoga mashxur brendlar o’z mahsulotlarini namoyish qilgan, bulardan chap tarafdagisi “McDonald's”, o'ng tarafdagisi esa “Burger King”. Ushbu reklamada yaqqol ko'rinib turibdiki, “Burger King” o'z raqobatchisining namoyish etgan aksiyasi ustidan hazilomuz tarzda kulib, o'z brendinining mahsulotini va aksiyasini e'lon qilgan. Bu reklamaga raqobatchisi tomonidan javob berilmagandan so'ng esa, banner olib tashlanib boshqa reklama qo'yilganida ham, yana bir bor shunday tarzda raqobatchisini mag'lubiyatga uchratganini ta'kidlagan holda bannerda reklama namoyish qilmoqda. Ushbu misolda ham insofsiz raqobatning bir ko’rinishi taqdim etilgan.

Ho'sh unda raqobat qanday bo'lishi lozim? Sog’lom raqobatda o'z mahsulotini yoki brendini targ'ib qilishning yo'llari qanday? degan savollarga ikki turdagi raqobatni bir biri bilan solishtirish yo'li orqali bilib olishimiz mumkin bo'ladi.

Sog'lom va insofsiz raqobat oʻrtasidagi farqlarni ko’radigan boʻlsak,

Sog'lom raqobatda:

-mahsulot sifatining oshirilishi;

-mahsulot narxining pasaytirilishi (narxlar jangi);

-reklama;

-sotuvdan oldingi va keyingi xizmat koʻrsatish

sifatining oshirilishi;

-yangi mahsulot va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish.

 

Insofsiz raqobatda:

-iqtisodiy (sanoat) shpionaji;

-raqobatchilar mahsulotini qalbakilashtirish;

-shantaj va poraxoʻrlik;

-iste’molchilarni aldash;

-valyuta maxinatsiyalari;

-mahsulot defektlarini yashirish kabilardir.

Amaliyotda insofsiz raqobatning juda hilma xil turlari mavjud bo’lib,ularning barchasini sanab o’tish juda qiyin masala. Sababi, faoliyat turlari bir-biridan farq qilgani kabi insofsiz raqobatning ham koʻrinishlari turlichadir.   

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

                                Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

1.   O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida” gi qonuni.

2.   O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi.

3.   Raqobat huquqi:Darslik//X.T Azizov, O.Oqyulov, S.Joldasova - TDYU nashriyoti, 2018.

4.   Парижская конвенция по охране промышленной собственности/
20 марта 1883 года.

5.   Соглашение ТРИПС (ВТО): понятие "злоупотребление правом" (ст. 8) и защита от недобросовестной конкуренции/В.В. ПИРОГОВА.

6.   Недобросовестная конкуренция и интеллектуальная собственность /Еременко В.И.

7.   Недобросовестная конкуренция: проблемы и способы защиты товарного знака в Узбекистане/ Юридическая фирма GRATA International.

8.   www.lex.uz.com

9.   www.yandex.ru

10.            www.consumer.gov.uz

11.            www.xs.uz

12.            Тотьев К.Ю. Конкурентное право (правовое регулирование конкуренции)./М.: Изд-во РДЛ, 2010.

 

 

 

 

 

 

 




[1] Lex.uz-O’zbekiston Respublikasi yagona interaktiv hujjatlar portali


[2] Lex.uz-O’zbekiston Respublikasi yagona interaktiv hujjatlar portali


[3] www.zakon.ru


[4] Lex.uz-O’zbekiston Respublikasi yagona interaktiv hujjatlar portali


[5] www.e-library.namdu.uz


[6]www.rospatent.gov.ru


[7]www. wiselawyer.ru


[8] www.mandourlaw.com


[9] www.lexandbusiness.ru


[10] Heath Christopher. Der Verbraucherschutz im japanischen Kartell-, Wettbewerbs- und Warenzeichenrecht // GRUR Int. 1993. Heft 11. S. 842.


[11] Тотьев К.Ю. Конкурентное право (правовое регулирование конкуренции). - М.: Изд-во РДЛ, 2010.


[12] www.xs.uz


[13] www.consumer.gov.uz


[14] Lex.uz-O’zbekiston Respublikasi yagona interaktiv hujjatlar portali