Янгиликлар
Mol-mulkni oʻzganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan davlat boji olinmaydi
Mol-mulkni oʻzganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan davlat boji olinmaydi
“Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–198-son, 24.08.2022-y.) qabul qilingan.
Farmonga koʻra, kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan mol-mulk sotilganda, kreditorning roziligiga koʻra, sotib oluvchi mulk qiymatini 3 yilgacha boʻlib toʻlashi mumkin.
Shuningdek, mansabdor shaxslar va xizmatchilarning quyidagi harakatlari xususiy mulk huquqini erkin amalga oshirishga aralashish va daxlsizligini buzish deb hisoblanadi hamda jinoiy javobgarlikka tortishgacha choralar qoʻllaniladi:
mulkka erkin egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etishni cheklash, taqiq qoʻyish, mulkiy huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni asossiz rad etish, mulkdor yoki uning mulkiy huquqlariga taʼsir oʻtkazish;
mulkdorning xoʻjalik faoliyatiga yoki mol-mulkdan foydalanish natijasida olinadigan hosil va mahsulotni realizatsiya qilish hamda daromadlarni tasarruf etishga aralashish;
xususiy mulk obyekti va u joylashgan hududga mulkdor ruxsatisiz kirish;
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish, foydalanishga berish yoki tasarruf etishga aralashish, bu toʻgʻrisida huquqiy hujjat qabul qilish;
mulkdorga uning ixtiyoriga zid tarzda mol-mulki bilan bogʻliq ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa davlat va jamoatchilik vazifalarini yuklash yoxud nomaqbul shartlarni qoʻyish;
mol-mulkdan mulkdorning roziligisiz va tegishli haq toʻlamasdan foydalanish;
mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanishga oid maʼlumotlarni soʻrash yoki bunday maʼlumotlarni mulkdorning ruxsatisiz ishlatish;
mulk va mulkiy huquqlardan sud qarorisiz mahrum etish yoki mulkdorga ulardan voz kechishga qaratilgan majburlov choralar qoʻllash, tazyiq oʻtkazish yoxud mol-mulkni tasarruf etishga doir asossiz talablarni qoʻyish.
Koʻchar mulk oʻzboshimchalik bilan olib qoʻyilganda mulkdor taʼqib qilish orqali uni qaytarib olishi, koʻchmas mulkka nisbatan esa unga oʻzboshimchalik bilan kirgan yoki egallab olgan shaxsni chiqarib yuborish orqali egaligini tiklashi mumkin boʻladi.
Farmonga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” instituti keng joriy etiladi. Bunda curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bogʻliq qarorlari koʻrib chiqish uchun sudga kiritiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan holatlar qisqartiriladi.
Fuqarolik sudlarida mol-mulkni oʻzganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan daʼvogarlar (davlat organlari va tashkilotlari bundan mustasno) davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.
Chinoz tumani adliya boʻlimi boshligʻi
A.A.Rashidov