Янгиликлар
Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi belgilandi.
Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (699-son, 09.12.2022 y.) bilan Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi
Nizom bilan davlat davolash-profilaktika muassasalarida tibbiyot sohasida ilmni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshayotgan ilmiy darajaga ega tibbiyot xodimlariga har oylik qoʻshimcha haq toʻlash tartibi belgilandi.
Shunga koʻra, muassasalarning fan doktori (Doctor of Science), fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlgan xodimlariga asosiy ish joyi boʻyicha har oylik qoʻshimcha haq belgilanadi.
Xodimga qoʻshimcha haq uning joriy yil (kalendar yil) mobaynidagi faoliyati natijalari tahliliga asosan kelgusi yil uchun belgilanadi.
Qoʻshimcha haq miqdori xodimning egallab turgan lavozimiga mutanosib ravishda, biroq bir stavkadan ortiq boʻlmagan miqdorda har oyda hisoblanadigan lavozim maoshiga nisbatan belgilanadi.
Xodim bir nechta muassasada qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan boʻlsa, u asosiy ish joyi boʻyicha qoʻshimcha haq olish huquqiga ega boʻladi.
Qoʻshimcha haq miqdori bir oyda – fan nomzodi yoki falsafa doktori ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 30 foizidan hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 60 foizidan oshmasligi kerak.
Mazkur nizom talablari Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarining qoʻshimcha haq oladigan tibbiyot xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Chinoz tuman adliya boʻlimi
bosh maslahatchisi
D.Gamletov