Янгиликлар
Maktabgacha taʼlim sohasi uzluksiz taʼlim tizimining birlamchi boʼgʼini hisoblanib, u har tomonlama sogʼlom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktabgacha taʼlim sohasi uzluksiz taʼlim tizimining birlamchi boʼgʼini hisoblanib, u har tomonlama sogʼlom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda maktabgacha taʼlim sifati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida Nizom talablari asosida baholanadi. Jumladan, mazkur Nizomning 17-bandiga koʼra, attestatsiya jarayonida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil qilishda alohida eʼtibor berilishi lozim boʼlgan masalalar sanab oʼtilgan. Biroq, mazkur talablar maktabgacha taʼlim tashkilotlarining barcha faoliyat yoʼnalishlarini yetarlicha qamrab olmaydi.
Xorijiy mamlakatlarda maktabgacha taʼlim tashkiloti(MTT)ni baholash (ECERS Early Childhood Environment Rating Scales) reyting shkalasidan foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur baholash tizimi Rossiya Federatsiyasi, Qozogʼiston, Shvetsiya, Daniya, Germaniya, АQSh, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda amal qiladi.
Maʼlumot uchun: Mazkur shkala boʼsh joy va jihozlar, shaxsiy parvarishlash tartiblari, til va savodxonlik, oʼquv faoliyati, oʼzaro aloqalar, dastur tuzilishidan iborat.
Jumladan, boʼsh joy va jihozlar shkalasi quyidagi baholash indikatorlaridan tashkil topgan:
• xonalar uchun talablar (yorugʼlik, havo harorati, ovozni nazorat qiluvchi jihozlarning mavjudligi, xonaning tozaligi uchun texnik xizmat koʼrsatish yoʼlga qoʼyilganligi, eshiklarning kengligi va h.k);
• gʼamxoʼrlik, oʼyin va oʼrganish uchun jihozlarga qoʼyilgan talablar (mebellar bolalar oʼlchamiga mosligi, oʼyinchoqlarning sochilishi bolalarga xalaqit bermasligi va h.k);
• jihozlarning qulayligi (xonada yumshoq mebellarning mavjudligi, kamida 10 ta yumshoq oʼyinchoqlarning mavjudligi va h.k);
• bolalarning alohida shaxsiy rivojlanishi uchun moʼljallangan, nazorat qilish imkoni boʼlgan joyning mavjudligi;
• bolalar tomonidan tayyorlangan buyumlar, rasmlar uchun joy;
– motorli oʼyinchoqlar va ularni oʼynash uchun sharoitlar.
Xususan, Qozogʼistonda 2021-yil 15-martdagi Hukumat qarori bilan 2025-yilgacha sohani rivojlantirish yoʼnalishlarini belgilab beruvchi Maktabgacha taʼlim va taʼlimni rivojlantirish modeli tasdiqlangan.
Model butun dunyoda keng qamrovli baholash vositasi sifatida qoʼllaniladigan erta bolalik muhiti uchun ECERS reyting shkalasidan foydalangan holda maktabgacha taʼlim sifatining mustaqil milliy bahosini yaratish rejasini oʼz ichiga oladi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda mazkur reyting natijalari asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan ishlash yoʼnalishlari belgilanadi. Masalan, АQShda mazkur ECERSni joriy etish maktabgacha taʼlim sinfini baholash natijalari asosida oʼqituvchilarga moliyaviy ragʼbatlantirishlar berishni, bola parvarishi uchun turli darajadagi toʼlovlarni belgilashni oʼz ichiga oladi. Baʼzi shtatlarda oilalarga farzandlari uchun tanlagan maktabgacha taʼlim sinfining reytingiga koʼra taʼlim yordami beriladi.
Bundan tashqari Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash zarurati mavjud.
Qayd etish kerakki, MTTlarda tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sogʼligʼini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sogʼligʼini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi toʼgʼrisida”gi nizomda mazkur vazifalar maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha taʼlim tashkilotiga hududiy sogʼliqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq, MTT tarbiyalanuvchilarining hayoti va sogʼligʼiga, shaʼni va qadr-qimmatiga nisbatan tajovuzlar aynan mazkur xodimlarning oʼzlari tomonidan amalga oshirilishi holatlarini ham mavjud. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda respublika boʼylab MTTlarda bolalarning qarovsiz qoldirilishi natijasida sodir boʼlayotgan baxtsiz hodisalar, xodimlar tomonidan qasddan yetkazilgan jismoniy tan jarohatlari, qiynash, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʼlish, hatto ularning oʼlimiga sabab boʼlish holatlari tez-tez uchrab turibdi.
Maʼlumot uchun: Urganchda 2-sonli MTT tarbiyachisi hamda Bulungʼur tumanidagi 17-sonli MTT tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarni urgani, Samarqandda MTT tarbiyachisi bolalarning qoʼliga igna sanchgani, Namanganda bogʼchada tanasining 70 foizi qaynoq suvdan kuygan bola vafot etganligi, Toshkentdagi xususiy MTTda 3 yoshli bolaning yuzi tibbiy vositalardan kuygani, Fargʼonada MTT tarbiyachisining bolalarini tinchlantirish uchun temir qoshiqdan foydalanib, 4 yoshli bolaning bir koʼzidan ayrilishiga sababchi boʼlganligi haqidagi xabarlar yuqoridagi masalaning yanada dolzarb ekanligini tasdiqlaydi.
“Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sogʼligʼini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi toʼgʼrisida”gi nizomning 12-bandida MTTda tarbiyalanuvchilar xavfsizligini taʼminlash hamda ular uchun zarur sharoitlarni yaratilishini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv moslamalari oʼrnatilishi mumkin ekanligi belgilangan. Biroq mazkur tartib ixtiyoriy etib belgilangan.
Xorijiy davlatlarda binoni kameralar bilan jihozlash maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun majburiy talab hisoblanadi. Xususan, Janubiy Koreyada “Bolalar parvarishi toʼgʼrisida”gi qonunga muvofiq, 2015-yil 19-sentyabrdan boshlab bolalar bogʼchalarida yopiq sxemali kuzatuv kameralari oʼrnatilishi majburiy qilib belgilangan. Mazkur qonunga koʼra, har bir bolalar bogʼchasi, umumiy oʼyin xonasi, oʼyin maydonchasi, umumiy ovqatlanish, dars qilish xonalarida kamida bitta videokuzatuv moslamasi oʼrnatilishi kerak.
Isroilda 2018-yil dekabr oyida MTTlarda videokuzatuv vositalarini oʼrnatishni majburiyligini nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan. Mazkur qonun 2019-yil 1-sentyabrdan kuchga kirganligi munosabati bilan Hukumat 2020-yildan kameralar oʼrnatilish uchun subsidiyalar ajratishini maʼlum qilgan. 2020-yil sentyabridan boshlab barcha bolalar bogʼchalarida litsenziya olish uchun kamera boʼlishi talab qilinmoqda.
Yana bir asosiy masala sifatida, Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʼshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlarini koʼrsatish faoliyatini kengaytirish zarur.
Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining 2019-yil 18-yanvardagi buyrugʼi bilan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʼshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari koʼrsatish faoliyatini tashkil etish tartibi toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlangan. Mazkur nizomda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan koʼrsatiladigan qoʼshimcha pullik xizmatlar roʼyxati keltirilgan. Biroq, mazkur qoʼshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari doirasi chegaralangan va xizmatlardan foydalanuvchilar uchun moslashuvchan emas. Xususan, bolani parvarishlash, unga vaqtinchalik qarab turish, oʼqitish xizmatlari faqat dam olish kunlari yoki ish kuni yakunlangandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Xorijiy davlatlarda mazkur turdagi xizmatlar maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan ota-onalarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Masalan, Gongkongda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʼzida yoki mustaqil tarzda Bolalarni parvarish qilish markazlari (Child Care Centre) tashkil etilgan boʼlib, ular bola parvarishi bilan bogʼliq qator xizmatlarni taqdim etadi. Xususan, mazkur turdagi markazlarda vaqtinchalik (toʼliq kun, yarim kun yoki ikki soat) bolalarni parvarish qilish xizmati mavjud. Bu xizmat uyda tarbiyalanadigan bolani muayyan vaziyatlarda(ota-onalar, qonuniy vakillarning toʼsatdan ishlari chiqib qolganda) bolaga vaqtinchalik qarab turish, ovqatlantirish, boʼsh vaqtini mazmunli oʼtkazish, tibbiy yordam kabilarni ham oʼz ichiga oladi. Haq toʼlash tartibi soatbay boʼlib, belgilangan narxlar boʼyicha amalga oshiriladi.
Аvstraliyada davlat maktabgacha taʼlim muassasalari va bolalarni parvarish qilish markazlari Flexi Care (bolani vaqtincha parvarish qilish) xizmatini kerakli vaqtda va qisqa muddatda buyurtma qilish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu xizmatga boʼlgan talabni boshqarish va buyurtma berishni osonlashtirish uchun tegishli ilovalar mavjud. Mazkur ilovalar orqali ota-onalar toʼliq kun, ertalab yoki kunning ikkinchi yarmi uchun vaqtinchalik xizmatlarni buyurtma berish mumkin. Ushbu xizmatlardan foydalanayotgan bolalar MTTga doimiy roʼyxatga olingan bolalarga taqdim etiladigan barcha imtiyozlardan foydalanadilar.
Rossiya Federatsiyasining xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ham soatbay bolalarga qarash xizmatlari tashkil etilgan boʼlib, bunday maktabgacha taʼlim muassasalari kamida 11 oylik boʼlgan bolalarni qabul qiladi.
Shuningdek, Qonunchilikda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlariga koʼchirishni tartibga soluvchi normalar mavjud emas.
Oʼzbekiston Respublikasining 2019-yil 16-dekabrdagi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʼgʼrisida”gi Qonunida MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTlarga koʼchirish tartibi belgilanmagan. Xususan, mazkur Qonunning
6-bobi bevosita bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish masalalariga bagʼishlangan boʼlib, unda bolalarni boshqa MTTga koʼchirishga oid normalar mavjud emas. Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti”da ham tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga koʼchirish tartibi keltirilmagan.
Maʼlumot uchun: “Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning eski tahririda boshqa muassasalardan oʼtkazilgan bolalarni imtiyozli asosda MTTga qabul qilishga oid normalar mavjud boʼlgan. Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-sonli qarori bilan mazkur toifa chiqarib tashlangan.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda ota-ona (qonuniy vakil)larning ish joyining boshqa hududga oʼzgarishi, oʼqishga qabul qilinganligi, harbiy xizmat munosabati bilan yoki tarbiyalanuvchining xavfsizligi jihatidan boshqa hududga koʼchish holatlari uchraydi. Biroq, koʼchib oʼtilgan hududdagi MTTlarga bolalarni qabul qilish boʼyicha imtiyozli tartibning mavjud emasligi ota-ona (qonuniy vakil)lar uchun turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga koʼchirish tartibi bevosita belgilab qoʼyilgan va mazkur toifadagi bolalarni qabul qilishda ustunlik huquqi ham nazarda tutilgan. Xususan, Finlandiyaning 2018-yil 13-iyulda qabul qilingan “Erta taʼlim toʼgʼrisida”gi 540-sonli qonuniga koʼra, agar bolaning ota-onasi (qonuniy vakili) ish yoki oʼqishi munosabati bilan boshqa hududga koʼchadigan boʼlsa, bu haqda koʼchib oʼtishdan kamida 2 hafta oldin bola oʼtkaziladigan maktabgacha taʼlim muassasini belgilangan tartibda xabardor qilishi va mazkur muassasa esa bolani qabul qilish uchun tegishli choralarni koʼrishi lozim.
Litvada “Bir maktabgacha taʼlim muassasasidan boshqasiga navbatsiz qabul qilish va oʼtkazish tartibi” belgilangan boʼlib, unga koʼra, boshqa hududdagi muassasada mehnat shartnomasi boʼyicha kamida 6 oy ishlashi kutilayotgan xodimlarning farzandlari boshqa maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatciz oʼtkaziladi.
Belorus Respublikasida 2022-yil 9-avgustda Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim oluvchilarni muassasalarga qabul qilish, koʼchirish, oʼqishdan chetlashtirish va qayta tiklash toʼgʼrisida”gi 516-sonli qarori qabul qilingan boʼlib, mazkur qaror MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga koʼchirish masalalarini ham qamrab oladi.
Rossiya Federatsiyasi “Maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarini qabul qilish, koʼchirish, oʼqishdan chetlashtirish va qayta tiklash toʼgʼrisida”gi nizomda tarbiyalanuvchilarni boshqa MTTga koʼchirish tartibi toʼgʼridan toʼgʼri belgilangan. Mazkur hujjatda MTT tarbiyalanuvchilarini boshqa MTTga koʼchirish asoslari, tartibi, koʼchirishda kerak boʼladigan hujjatlar roʼyxati batafsil keltirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi takliflar ilgari suriladi:
• respublikamizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ECERS reyting shkalasidan foydalangan holda baholash amaliyotini joriy qilish;
• maktabgacha taʼlim tashkilotlarni videokuzatuv kameralari bilan jihozlash;
• davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʼshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlarini koʼrsatish faoliyatini yanada kengaytirish, MTTlarda vaqtinchalik (toʼliq kun, yarim kun yoki ikki soat) bolalarni parvarish qilish xizmatini joriy qilish;
– qonunchilikda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlariga koʼchirishni tartibga soluvchi normalarni mustahkamlash, MTT tarbiyalanuvchilarini alohida holatlarda, jumladan, ish joyining boshqa hududga oʼzgarishi, oʼqishga qabul qilinganligi, harbiy xizmat munosabati bilan yoki tarbiyalanuvchining xavfsizligi jihatidan boshqa hududdagi MTTga koʼchirishda imtiyozlarni nazarda tutish.
Jo’shqin Badalov
Quyi Chirchiq tuman adliya bo’limi boshlig’i