Янгиликлар
BOLAGA OTALIKNI BELGILASH FHDYO ORGANIDA KO‘RIB CHIQILADI
BOLAGA OTALIKNI BELGILASH FHDYO ORGANIDA KO‘RIB CHIQILADI
Nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, u holda qonuniy vakili) tomonidan birgalikda berilgan arizasi yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDYo organida amalga oshiriladi.
Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat'i nazar FHDYo organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi.
Otalikni ishonchnoma bo‘yicha belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar otalik bolaning tug‘ilganligi qayd etilgandan so‘ng belgilansa otalikni belgilash haqidagi arizaga yoki sudning ushbu masala yuzasidan qaroriga bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinadi.
Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasining mas'ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDYo organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.
Onasi vafot etganda, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud onalik huquqlaridan mahrum etilganda, uning yashash joyini belgilashning imkoni bo‘lmaganda voyaga yetmagan bolaga nisbatan otalikni belgilash vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otasining arizasiga asosan va arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Ota-onaning birgalikdagi arizasi bo‘lmagan taqdirda otalik (agar otasi yoki onasi voyaga yetmagan bo‘lsa) ota-onalardan biri yoki vasiylik va homiylik organining da'vo arizasi bo‘yicha sud tartibida belgilanishi mumkin bo‘ladi.
Foydalanilgan manba. Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qaroriga 1-ILOVA Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish QOIDALARI.
Bekobod shahar FHDYo bo‘limi mutaxassisi M.Urinboyeva