Янгиликлар
TUG‘ILGANLIKNI QAYD ETISH QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?
TUG‘ILGANLIKNI QAYD ETISH QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?
Bolaning tug‘ilishini qayd etish majburiy bo‘lib, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat'i nazar FHDYo organi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Tug‘ilganlik haqidagi ariza bola tug‘ilgan kundan boshlab bir oy muddat mobaynida og‘zaki yoki yozma shaklda berilishi zarur.
Bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qo‘shnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin.
Belgilangan muddatning o‘tib ketganligi tug‘ilganlikning qayd etilishiga to‘sqinlik qila olmaydi.
Bunda, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilishini qayd etish uchun FHDYo organiga tug‘ilishni qayd etish muddatini o‘tkazib yuborganlik sabablari ko‘rsatilgan ariza bolaning ota-onasi, ota-onaning qonuniy nikohi mavjud bo‘lgan hollarda ulardan biri yoki ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaxs, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etiladi.
Bunday hollarda FHDYo organi tug‘ilish faktini tasdiqlovchi hujjatga qo‘shimcha ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa hujjatlarni ham talab qiladi.
16 yoshdan oshgan tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi ma'lumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.
Agar bola 16 va undan katta yoshda bo‘lsa va unga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnoma mavjud bo‘lsa, uning tug‘ilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga ko‘ra qayd etiladi.
Bekobod shahar adliya
bo‘limi boshlig‘i X.Bibayev