Янгиликлар
Har oyda beriladigan 5 mln so‘mlik ustamani kimlar va qanday qilib olishi mumkin?
Har oyda beriladigan 5 mln so‘mlik ustamani kimlar va qanday qilib olishi mumkin?
Ayrim joylardagi mutasaddilar bu tartibni o‘qituvchilarga noto‘g‘ri tushuntirgan yoki o‘qituvchilar buni boshqacha talqin qilgan bo‘lsa kerak. Bu ustamaga maktablarda faoliyat yuritayotgan, o‘quvchilari oliy taʼlim muassasalariga yoki Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan, o‘quvchilari xalqaro yoki respublika miqyosidagi musobaqa va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlar davogarlik qilishi mumkin.
Shuni ham alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, vazir jamg‘armasi hisobidan ustama oladigan malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarning soni ham cheklangan. Yaʼni, 2023-yil uchun vazir jamg‘armasidan oylik ustama oladigan pedagoglarning soni 2000 nafar etib belgilangan va bu kvota “Boshlang‘ich taʼlim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha tuman (shahar)lar bo‘yicha taqsimlandi.
Mana shu 2000 nafar nomzodlar ham ikki bosqichli sinovlar orqali saralab olinadi. Birinchi bosqichda Davlat test markazi tomonidan “Boshlang‘ich taʼlim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari — 2022-yil 16-dekabr kuni barcha hududlarda Davlat test markazi tomonidan nomzodlarning dars beradigan umumtaʼlim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi bosqichda esa umumtaʼlim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi.
Kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, vazir jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamaga hamma ham davogarlik qilolmaydi. Uning uchun pedagog xodimlar yuqorida sanab o‘tilgan ayrim talablarga javob berishlari kerak bo‘ladi.
Bekobod Shahar adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti: F.R.Mamatov