Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

Xodimni dam olish kunida ishga jalb etish tartibi


Xodimni dam olish kunida ishga jalb etish tartibi

Savol: Xodimni dam olish yoki bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishga jalb etish tartibi qanday, xodim roziligi kerakmi?

Mehnat kodeksi 130 va 132-moddalari dam olish yoki bayram (ishlanmaydigan) kunlari (keying o’rinlarda – bunday kunlar deb yuritiladi) ishga jalb etishni cheklaydi. Bunday kunlari ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni bunday kunlarda ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Demak, bundan quyidagi xulosalarni chiqaramiz.

1. Hamma xodimlarni ham bunday kunlarda ishga jalb qilish mumkinmi?

Ayrim xodimlarnigina bunday kunlarda ishga jalb etish mumkin.

2. Kimlarni bunday ishlarga jalb qilib bo’lmaydi?

18 yoshga to‘lmagan shaxslarni tungi ishlar, ish vaqtidan tashqari ishlar va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi (MK 246-m).

3. Qanday holatlarda bunday kunlarda ishga jalb qilish mumkin?

Bunday holatlar jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.

4. Bunday kunlarda ishga jalb qilishga xodimni roziligi shartmi?

Xodimni roziligi shart emas (MK 220-moddasi 5 qismi, 228-moddasi bundan mustasno). Ko’pchilik mana shu o’rinda xodimni roziligi olinishi shart deb xato o’ylaydi. Aslida ish vaqtidan tashqari ishlarda xodimning roziligi olinadi.

Nogironlarni tungi vaqtdagi ishlarga, shuningdek ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi (MK 220-m, 5-qism).

Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi (MK 228-m).

 

5. Bunday kunlarda ishlash ish vaqtidan tashqari ish hisoblanadimi?

Dam olish yoki bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlash ish vaqtidan tashqari ish hisoblanmaydi. Demak, xodim bunday kunlarda 7 yoki 8 soat ishlashi mumkin.

6. Bunday kunlarda xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish mumkinmi?

Dam olish yoki bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishga jalb qilingan xodimni ish vaqtidan tashqari ishlarga xodimning roziligi bilangina jalb qilish mumkin. Ya’ni yanada soddaroq tushuntirsak,masalan, xodimni 1-yanvar bayram (ishlanmaydigan) kuni jamoa shartnomasida belgilangan holat bo’yicha ish beruvchining farmoyishi bilan ishga jalb etildi. Bu holatda xodimning roziligi shart emas (MK 220-moddasi 5 qismi, 228-moddasi bundan mustasno ). Lekin ish oxiriga yetmadi hamda xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish ehtiyoji tug’ildi. Bu holatda xodimni MK 124-125-moddalariga rioya qilgan holda uning roziligi bilangina ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilishimiz mumkin.

7. Bunday kunlarda ishlagan xodimga qancha haq to’lanadi?

Kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi (MK 157-moddasi).

8. Bunday kunlarda ishlagan xodim otgul olishi mumkinmi?

Ha, bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin.

 

Nurafshon shahar adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi B.Fozilbekov