Янгиликлар
Sirtqi ta’lim talabalari uchun ta’til olish tartibi
Sirtqi ta’lim talabalari uchun ta’til olish tartibi
Savol: Sirtqi ta’limda o’qiyotgan talabalarga ta’til berishning huquqiy asoslari bormi?
Javob: Mehnat kodeksining 248-258-moddalarida ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borayotgan shaxslar uchun imtiyozlar nazarda tutilgan. MK 256-moddasida oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olish munosabati bilan beriladigan ta’tillar nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qaroriga 1-ilova “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom oliy ta’lim muassasasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizom sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasi va harbiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
Mazkur Nizom 38-41-bandlariga ko’ra (https://lex.uz/docs/-3420313)
38. Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim talabalariga o‘quv sessiyasida ishtirok etish uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha oylik maoshi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi. Kursda qoldirilgan talabalarga esa haq to‘lanmaydigan taklif xabarnomasi beriladi.
39. Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim bitiruvchisiga yakuniy davlat attestatsiyalaridan o‘tish, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish uchun ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasi va jadvalida belgilangan muddatlarda ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha maoshi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi.
40. Bitiruv malakaviy ishini yakunlash davrida bitiruvchi xizmat qilayotgan muassasa unga 30 kalendar kunlik maoshi saqlanmagan qo‘shimcha ta’til berishi mumkin. Talaba ish joyidan tashkilot rahbari va buxgalteri imzosi bilan shu davr uchun haq to‘lanmaydigan ta’tilda ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani Sirtqi (maxsus sirtqi) bo‘limga taqdim etadi.
41. Bitiruv malakaviy ishining yakunlanganligi to‘g‘risida uning himoyasi belgilangan kundan bir hafta muddat avval sirtqi (maxsus sirtqi) bo‘lim boshlig‘i va mutaxassis tayyorlovchi kafedra mudiri nomiga bildirgi yoziladi va tegishli hujjatda qayd qilinadi. Bildirgi talaba yoki uning ilmiy rahbari tomonidan berilishi mumkin.