Янгиликлар
Xodim ta’til vaqtida ishlashi mumkinmi?
Xodim ta’til vaqtida ishlashi mumkinmi?
Savol: Xodim ta’til vaqtida ishlashi mumkinmi?
Javob: Bu savolga 2 xil tomondan yondashamiz. Birinchi variant. Agar xodim asosiy ish joyidan ta’tilga chiqsa, o’rindoshlik joyida ishlashi mumkin. Mehnat kodeksining 143-moddasiga ko’ra, ta'til o‘rindoshlik asosida ishlayotganlarga — asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda, o‘rindoshlik asosida ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda o’rindoshlarga ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin beriladi. E’tibor bering, xodimning xohishi asosida deyilmoqda. Ya’ni xodim asosiy ish joyidan ta’tilga chiqib, o’rindoshlik joyida ishlashi mumkin.
Ikkinchi variant. Xodim asosiy ish joyidan ta’tilga chiqsa, asosiy ish joyida ta’til davomida ishlay olmaydi. Buni quyidagicha asoslaymiz.
Mehnat kodeksi 126-moddasiga ko’ra, dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdir. E’tibor bering, mehnat vazifalarini bajarishdan xoli bo‘lgan vaqt deyilmoqda.
MK 133-moddasiga ko’ra, barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi.
E’tibor bering,dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun deyilmoqda.
Demak, xodim ta’til vaqtida ta’tilga chiqqan ish joyida ishlay olmaydi. Buning uchun xodimni ta’tildan chaqirib olish zarur. MK 147-moddasiga ko’ra ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki ushbu Kodeksning 143-moddasi beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilgan holda keyingi ish yilining ta’tiliga qo‘shib qo‘yilishi kerak.
Nurafshon shahar adliya bo’limi boshlig’i I.Xatamov