Янгиликлар
Assalomu aleykum .Muddati tugaganligi sabali mexnat shartnomasini bekor kilish uchun xodimni ogoxlantirishim kerakmi?
Assalomu aleykum .Muddati tugaganligi sabali mexnat shartnomasini bekor kilish uchun xodimni ogoxlantirishim kerakmi?
Javob:Sizning ushbu savolingizga javob berar ekanmiz, avvalo “muddatli mehnat shartnomasi” hamda “ogohlantirish” terminlarning taʼrifini yoritib olish maqsadga muvofiqdir.
Muddatli mehnat shartnomasi nima?
Mehnat kodeksining 75-moddasiga asosan, muddatli mehnat shartnomasining ikki xil turi bor:
1. Besh yildan ortiq bo‘lmagan muayyan muddatga tuziladigan mehnat shartnomasi. Bunda ish beruvchi va xodim mehnat shartnomasi tuzilayotgan paytda uning bekor bo‘lish sanasini aniq ko‘rsatadi (masalan, 2020 yil 31 dekabr).
2. Muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuziladigan mehnat shartnomasi. Bunda ish beruvchi va xodim biror ishni bajarib tugatish muddatiga (masalan, korxonadagi qog‘oz hujjatlarni elektron bazaga kiritish uchun texnik xodim qabul qilinadi) mo‘ljallab mehnat shartnomasi tuzadi.
Ogohlantirish nima?
Mehnat kodeksining 102-moddasiga asosan, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni belgilangan muddatlarda yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart.
Ogohlantirishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri bu xodimni kelgusida boshqa ish topishi, iqtisodiy sharoitini vaziyatga moslashtirishi va boshqa rejalarni tuzib olishi uchun imkoniyat yaratishdir.
Muddatli mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin ish beruvchi xodimni ogohlantirish shartmi?
Mehnat kodeksining 105-moddasiga asosan, muddatli mehnat shartnomasi muddati tugashi bilan bekor qilinadi. Mazkur moddada ogohlatirish bilan bog‘liq tartib nazarda tutilmagan. Buning javobi oddiy yaʼni taraflar ish beruvchi va xodim mehnat shartnomasi tuzayotgan paytda uning bekor bo‘lish sanasi haqida kelishib olganlar. Har ikkala tarafga bir xil mazmundagi mehnat shartnomasi nusxalari berilgan. Sodda qilib aytganda, har ikkala tarafga shartnomaning qachon bekor bo‘lishi ayon bo‘lgan. Xulosa qilish mumkinki, muddatli mehnat shartnomasining bekor qilinishidan oldini ish beruvchi xodimni ogohlantirish shart emas.
Biroq mazkur vaziyatda bir jihatga eʼtibor qaratish kerak. Yaʼni Mehnat kodeksning 105-moddasi 2-qismiga asosan, agar muddat tugagandan keyin ham mehnatga oid munosabatlar davom etaversa va taraflardan birortasi bir hafta davomida uning bekor qilinishini talab qilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Demak ish beruvchi muddatli mehnat shartnomasining muddati tugashi bilan uni bekor qilish haqida bir to‘xtamga kelmog‘i lozim. Agar u qonunda ko‘rsatilgan bir haftalik muddat davomida mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi masalani hal qilmasa yaʼni buyruq chiqarmasa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan hisoblanadi.
Yuqori Chirchiq tumani Adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
boshyuristkonsulti M.Klichbayev