Янгиликлар
Pedagoglarga berilgan imtiyoz va kafolatlar.
Pedagoglarga berilgan imtiyoz va kafolatlar.
23.09.2020-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 53-moddasiga ko‘ra ta’lim tashkilotlarining xodimlarini ijtimoiy himoya qilish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi belgilanadi, haq to‘lanadigan har yilgi uzaytirilgan ta’til va boshqa imtiyozlar va kafolatlar taqdim etiladi.
Ta’lim tashkilotlarining pedagog va boshqa xodimlariga sanitariya-gigienaga oid, epidemiyaga qarshi hamda profilaktika choralari bilan amalga oshiriladigan sog‘liqni saqlash kafolatlanadi.
Ta’lim tashkilotlari mehnatga haq to‘lash uchun mavjud bo‘lgan mablag‘lar doirasida mustaqil ravishda ish haqiga, lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga va mehnatga haq to‘lash hamda uni rag‘batlantirishning turli shakllarini qo‘llashga haqli.
Shuningdek, Mehnat kodeksida quyidagi kafolatlar ham nazarda tutilgan.
Pedagoglar uchun ish vaqtining muddati haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi (MK 118-moddasi).
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 4-ilovada xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim va pedagog xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan alohida muddatlari ko‘rsatilgan.
Maktablar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik ta’til ularning mazkur o‘quv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda yozgi ta’til davrida to‘liq (48 ish kuni) beriladi (MK 143-moddasi).
Ishlab chiqarish yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga qo‘shib olib borayotgan shaxslarga doktorlik dissertatsiyasini yakunlash, shuningdek darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yozish uchun asosiy ish joyida o‘rtacha oylik ish haqi va lavozimi saqlangan holda ijodiy ta’tillar beriladi (MK 258-moddasi).
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 7-ilovada ijodiy ta’tillar berish tartibi va ularning muddati belgilangan.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning45-moddasiga ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning lavozim majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday boshqa ishga jalb qilish taqiqlanadi.
Bekobod tumani yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti: D.A.Djurayeva