Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Xalqqa chinakam xizmat qiluvchi ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimi shakillanadi


Xalqqa chinakam xizmat qiluvchi ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimi shakillanadi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakatimizda turli jabhalaridagi islohotlar bilan bir qatorda kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifa va muammoli masalalarga, shu jumladan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka alohida eʼtibor qaratilgan.

Murojaatnomada davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyat va javobgarligini kuchaytirish, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz kurashish, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash kelgusi yilda amalga oshiriladigan maʼmuriy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

Oʻtgan davr mobaynida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish borasida davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi tubdan takomillashtirildi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha samarali mexanizmlar joriy etildi. Davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazishning huquqiy asoslari yaratildi.

Mazkur islohotlarning izchil davomi tariqasida, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani koʻrib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan hukumat va davlat organlari, tashkilotlari tuzilmalarining ixchamlashtirish hamda qisqartirilishi nazarda tutilgan boʻlib, unga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan Vazirlar Mahkamasi aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi tizimi joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida oʻzgartirishlar, shuningdek, mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 tagacha qisqartirilishi belgilandi.

Endilikda Vazirlar Mahkamasi tizimini Investitsiyalar, sanoat va savdo, Iqtisodiyot va moliya, Togʻ-kon sanoati va geologiya, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Tabiat resurslari, Yoshlar siyosati va sport, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi, Raqamli texnologiyalar, Adliya, Transport, Madaniyat va turizm, Mudofaa, Energetika, Sogʻliqni saqlash, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklar tashkil etadi.

Bundan tashqari, 12 ta davlat boshqaruvi organlari faoliyati tugatilib, 2023-yil 1-yanvardan ularning vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, 16 ta respublika davlat boshqaruvi organlari qayta tashkil etilib, 24 ta davlat boshqaruvi organining, shu jumladan 10 ta qoʻmita, 10 ta agentlik, 3 ta inspeksiya va 1 ta boshqa organlarning tashkiliy boʻysunuvi oʻzgartirilishi nazarda tutildi.

Farmonda belgilangan vazifalar natijasida mamlakatimizda davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqarib, iqtisod qilinadigan mablagʻlar ijtimoiy soha, xususan taʼlim, sogʻliqni saqlash, infrastrukturani rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Tegishli vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan takrorlanadigan vazifa va funksiyalar qisqartirilib, amalga oshirish tartibi yoki mexanizmi mavjud boʻlmagan, shuningdek, biror-bir tuzilmaga yuklatilmagan vazifa va funksiyalar qayta koʻrib chiqiladi.

Taʼkidlash lozimki, xorijiy tajribaga koʻra koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda ixcham davlat boshqaruvi apparati (vazirliklar) shakllantirilgan. Bularga Fransiyada 18 ta, Germaniyada 14 ta, Yaponiyada 13 ta, Finlandiyada 12 ta, Niderlandiyada 11 ta, Shveysariyada 7 ta davlat organlari davlat boshqaruvida samarali faoliyat yuritishini misol qilsa boʻladi.

Bunday islohotlar orqali mablagʻlarini tejashga, ulardan toʻgʻri va oqilona foydalanishga, eng asosiysi, davlat organlari xalqqa chinakam xizmat qilishiga hamda byurokratiyani keskin kamaytirishga olib keladi.

 

 

Abdumutalib Dadajonov,

Toshkent viloyat adliya

boshqarmasi boshligʻi