Янгиликлар
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish soddalashtiriladi
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish soddalashtiriladi
Maʼlumki, mamalakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar tizimini shakllantirish va bu borada ortiqcha maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu yoʻnalishda ischil siyosat amalga oshirilib kelmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu soha faoliyatini ishonchli himoya qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan boʻlib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan milliy qonunchilik bazasi tadbirkorlik faoliyati mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida oʻz ulushining tubdan oshishiga oʻzining ijobiy taʼsirini qoʻrsatmoqda. Bu borada yurtimizda aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2022 yil 09-noyabr 244-sonli Prezident Farmoni ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Farmon bilan tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, ayrim faoliyat turlarini litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillaridan oʻtmasdan amalga oshirish belgilandi. Xususan, Farmon bilan: 2023 yil 1 yanvardan boshlab zamonaviy texnologiyalar va yangi xizmat turlarini joriy qilish uchun qulay muhit yaratish maqsadida 5 ta (elektron tijorat, transport va logistika, sanoat ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, qurilish) sohada “Tartibga solish qumdoni” (Regulatory Sandbox) maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida tadbirkorlik subyektlariga quyidagilarga ruxsat beriladi: a) yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yoʻnalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik; b) litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillaridan oʻtmasdan faoliyatni amalga oshirish (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan litsenziya va ruxsat etish hujjatlari mustasno); Bundan tashqari tadbirkorlik subyektlariga qulayik yaratish, ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirish belgilandi. a) Farmonga koʻra, 2023 yil 1 yanvardan quyidagilar bekor qilinadi: tadbirkorlik subyekti tomonidan ustav fondini kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarini yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida eʼlon berish; yangi import avtomobillarini faqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishi; amaldagi qonunchilik hujjatida belgilangan, elektr energiyasini shartnomada belgilangan oylik hajmlardan ortiqcha isteʼmol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish; yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni
Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qoʻyish. b) 2023 yil 1 martdan boshlab: soliq toʻlovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi; axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali oʻzlarining tijoriy xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beriladi.
Boʻka tuman Davlat xizmatlari
markazi v.v.b direktori Dilfuza Axmedova