Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari


Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari

 

Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar: o‘z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan bo‘lsalar; ota-onalik huquqini suiiste’mol qilayotgan bo‘lsalar; farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo‘lsalar; muttasil ichkilikbozlikka yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsalar bekor qilinishi lozim. Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf solayotgan bo‘lsa, farzandlikka olinuvchi voyaga yetganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.

Sud boshqa asoslarga ko‘ra ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir. Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega. Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yo‘l qo‘yiladi. Farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishda o‘n yoshga to‘lgan bolaning fikri hisobga olinadi. Sudning farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab sud uch kun ichida ushbu hal qiluv qaroridan ko‘chirmani farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart. Farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olinuvchi bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) o‘zaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi.

Farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi. Bolaning ota-onasi yo‘q bo‘lsa, shuningdek bolani ota-onasiga berish uning manfaatlariga zid bo‘lsa, u vasiylik va homiylik organlari qaramog‘iga beriladi. Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olinuvchining familiyasi, ismi va ota ismini saqlash-saqlanmasligi ko‘rsatilishi kerak. O‘n yoshga to‘lgan bolaning familiyasi, ismi va ota ismi faqat uning roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.

 

Ohangaron shahar Adliya

bo`limi bosh maslahatchisi                                                             O.Annakulov