Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISHNING UMUMIY ASOSLARI


MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISHNING UMUMIY ASOSLARI

Mehnat shartnomasini bekor qilish – muayyan yuridik shart sharoitlar yuz berishi tufayli hodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat huquqiy aloqalariga barham berilishi. Mehnat shartnomasini “bekor qilish”, “barham topishi”, ”ishdan bo‘shatish”, “ishdan bo‘shash” “lavozimdan ozod qilish” kabi mehnat shartnomasining bekor qilinishini anglatuvchi tushunchalarni farqlash va ularni amaliyotda qo`llay olish mehanizmini yoritib berishdan iborat.

 

Mehnat qonunlari mehnat qilishning ixtiyoriyligi, kasb turi va ish joyini tanlashning erkinligi tamoyiliga asoslangani holda mehnat munosabatlarini bekor qilish mumkinligini ham nazarda tutadi. Mehnat shartnomasining bekor bo‘lishi muayyan yuridik shart-sharoitlar yuz berishi tufayli xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat huquqiy aloqalariga barham berilishidan iborat.

Mehnat qonunchiligidagi mehnat shartnomasi taraflari bo‘lgan xodim va ish beruvchining xohishiga bog‘liq bo‘lmagan tarzda, shartnoma tarafi sanalmaydigan shaxslar talabi yoki aralashuvi bilan mehnat shartnoma munosabatlarining to‘xtalishiga asoslar nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 97-moddasida mehnat shartnomasini bekor qilishning quyidagi asoslari nazarda tutilgan:

1. Taraflarning kelishuviga ko‘ra. Ushbu asosga binoan mehnat shartnomasining barcha turlari istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin;

2. Taraflardan birining tashabbusi bilan;

3. Muddatning tugashi bilan;

4. Taraflarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra;

5. Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra;

6. Saylov yoki tanlovdan o‘tmaganligi yohud saylov yoki tanlovda ishtirok etishni istamaganligi tufayli.

MK ning 97-modda 1-bandida ko‘rsatilgan taraflarning kelishuvi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun mustaqil asos bo‘lib hisoblanadi. Bunda har ikki tarafning mehnat shartnomasini harakatdan to‘xtatish to‘g‘risidagi istagi muhim rol o‘ynaydi. Bu ko‘rsatilgan asos o‘z navbatida mehna shartnomasini ish beruvchi yoki xodimning tashabbusiga binoan bekor qilishdan farqini ko‘rsatib beradi. Mehnat shartnomasini bekor qilishning bu guruhiga quyidagilar tegishlidir:

                birinchidan, taraflarning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuvi (MKning 97-moddasi 1-bandi). Ushbu asosga binoan mehnat shartnomasining barcha turlari, ya’ni nomuayyan muddatga tuzilgan yoki muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilgan shartnomalar istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin. Odatda, mehnat shartnomasini bekor qilishning bunday asosi muddatli mehnat shartnomalarini, shuningdek muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qo‘llaniladi.

                O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida” 1998 yil 17 apreldagi 12-son qarorining 14-bandida ta’kidlanganidek, mehnat shartnomasini MKning 97-moddasi 1-bandiga binoan bekor qilish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida haqiqatda mehnat munsabatlarini bekor qilish haqida kelishuv bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlamoq zarur. Ushbu asosga ko‘ra, shartnoma taraflar belgilangan muddatda bekor qilinadi.

                MKning 97-moddasi 1-bandi bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuvni bekor qilishga, shuningdek shu asosga ko‘ra mehnat munosabatlarini bekor qilish sanasini o‘zgartirishga xodim va ish beruvchining kelishuvi bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi;1

                ikkinchidan, muayyan muddatga yoki muayyan ishni bajarish vaqtiga tuzilgan shartnoma muddatining tugashi bilan bekor bo‘ladi (MKning 97-moddasi 3-bandi). Agar muddat tugagandan keyin ham mehnatga oid munosabatlar davom etaversa va taraflardan birortasi bir xafta davomida uning bekor qilinishini talab qilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi.

                Ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozim bo‘lgan xodimning ishda bo‘lmagan vaqtiga mo‘ljallab tuzilgan mehnat shartnomasi shu xodim ishga qaytgan kundan e’tiboran bekor qilinadi (MKning 105-moddasi). Ushbu moddaning mazmunidan kelib chiqib, mantiqan xulosa qilish mumkinki, mehnat shartnomasi 97-moddaning 3-bandiga binoan avtomatik ravishda bekor bo‘lmaydi, balki uning uchun taraflardan birortasining istagi mavjud bo‘lishi kerak. Aks holda mehnat shartnomasi, yuqorida eslatilganidek, belgilangan bir xaftalik muddat o‘tgach, u nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi. Bunday vaqtda ish beruvchining yangi muddatga mehnat shartnomasi tuzishni yoki uni nomuayyan muddatga uzaytirishni istamasligi hech qanday yuridik ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

Xodim MKning 99-moddasiga muvofiq, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ikki hafta oldin bu haqda beruvchini yozma ravishda ogohlantirib bekor qilishga haqlidir. Xodim har qachon, ya’ni ish davrida, ta’til vaqtida, komandirovkada bo‘lgan yoki kasallik davrida, shuningdek davlat hamda jamoat vazifalarini bajarayotgan paytda ish beruvchini ogohlantirishi mumkin.

                Qonunda xodimdan arizada mehnat shartnomasini bekor qilish sabablarini ko‘rsatish talab qilinmaydi. Lekin bunday sabab ko‘rsatilgan taqdirda, xodim qonunda belgilangan imtiyoz va afzalliklarga ega bo‘lishi mumkin.

                Qonunga binoan ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim ishni to‘xtatishga haqli bo‘ladi, ish beruvchi esa buyruq chiqarishi, unga mehnat daftarchasini berib, u bilan xisob-kitob qilishi kerak, aks holda xodim mehnat daftarchasini berish kechiktirilgan vaqt uchun o‘rtacha ish haqi to‘lashni talab qilishga haqli bo‘ladi (MKning 188-moddasi).

                                                                          Parxatov Mardonbek O`rta Chirchiq tuman adliya bo`limi

bosh yuriskosulti