Янгиликлар
Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari
Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari
Mehnat kodeksining 233-moddasiga ko‘ra, ayollarga tuqqunga qadar 70 kalendar kun va tuqqanidan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — 70 kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2015 yil 20 martdagi 25-son buyrug‘iga ilova “Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi 2667-sonli yo‘riqnomaning 27-28-bandlariga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi.
Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini uzaytirish uchun tug‘ruq muassasasi tomonidan yana 14 kalendar kuniga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Homiladorlikning 30-haftasidan ilgari tug‘ish holatlarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi tug‘ruq muassasasi tomonidan bola tug‘ilgan kundan boshlab quyidagi muddatlarga beriladi:
bola tirik tug‘ilganda — 126 kalendar kunga;
bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ruq muassasasidan chiqqunga qadar nobud bo‘lganda — 70 kunga.
Homiladorlikning 30-haftasidan keyin murojaat qilinganda tug‘ishga qadar necha kun qolganidan qat’i nazar, mehnatga layoqatsizlik varaqasi murojaat qilgan kundan to‘liq 126 kalendar kuniga beriladi .
Demak, Siz bola tug‘ilgandan keyin 56 (yoki 70) kun ta’tilda to‘liq bo‘lishingiz kerak. Ya’ni ishga chiqa olmaysiz. Chunki, Mehnat kodeksi 151-moddasiga ko‘ra, ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan asli holida foydalaniladi va ularni pullik kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Parxatov Mardonbek O`rta Chirchiq tuman adliya bo`limi
bosh yuriskosulti