Янгиликлар
Konstitutsiya – adolat qomusi
Konstitutsiya – adolat qomusi
“Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi” Amir Temur.
Erkinlik, tenglik, adolat, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi, hokimiyatning saylov asosida vujudga kelishi, hokimiyatlar boʻlinishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud qarorisiz mahrum etib boʻlmasligi, aybsizlik prezumpsiyasi bularning barcha-barchasi demokratiyaning eng muhim belgilari boʻlib, demokratik davlatlar konstitutsiyalarining muhim prinsiplarini tashkil etadi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab davlatchilik tizimi shakllantirildi. Aynan shulardan biri “Bosh qomusimiz” boʻlgan Konstitutsiyadir.
Mustaqil Oʻzbekistonning tarixida birinchi Konstitutsiyaning qabul qilinishi haqiqiy mustaqillikka qoʻyilgan mustahkam qadamdir. Bosh qomusimizga ulkan ijodiy ruhda, rivojlangan, taraqqiy etgan davlatlarning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlariga, ularning tarixiy tajribalariga hamohang yaratilgan.
Konstitutsiya lotincha soʻz boʻlib “belgilab qoʻyaman” degan mazmunni ifoda etadi. Oʻzbek tilida “asosiy qonun”, yaʼni davlatni boshqarish, uning ichki va tashqi hududlarini idora qilish kabi manolarni anglatadi. Bu qomusiy hujjatning xalqchililligi shundaki, unda milliy urf-odatlarimiz, ananalarimiz, etiqodimiz, umuman milliy qadriyatlarimiz himoyasi va ravnaqi aniq belgilab qoʻyilgan.
Darhaqiqat jamiyat va davlat kishilik, dunyo rivojlanishi barobarida maʼlum “tartib, intizom, qadr-qimmat, yoʻnalish, tamoyil va h.k”lar majmui asosiga qurilmas ekan unda shaxs, huquq, burch, alxusus oddiy insoniylik muomalasini qoʻlga qoʻyish juda ham mushkul va bu imkonsiz. Garchi deyure-maʼlum davlatlar hududida joylashgan boʻlsada, davlatning qonun va qoidalari asosida emas, balki defakto-hozirga qadar saqlanib qolgan, davlat belgilari umuman mavjud boʻlmagan, biror bir hujjat bilan tasdiqlanmagan oʻz “qonun va qoidalari” asosida bir necha asrlardan buyon “yashab” kelayotgan ayrim qabila, guruhlarda ham ichki tartib-qoidalar mavjudki, bular insonlarning yashash tarzini belgilaydi, unga amal qilinadi.
Demak, oddiy turmush tarzi, oila, jamiyat va davlatning munosabatlarida bizga unga amal qiladigan, uni hurmat va hayotimizning asosiy mezoni sifatida qabul qilgan asosiy qomusimiz-Oʻzbekiston Konstitutsiyasi nechogʻliq muhimligi, ayniqsa hozirgi globallashuv jarayonida milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yoʻlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab olganligimizda namoyon boʻlmoqda.
“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq maʼlum boʻlgan (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan.
Jamiyatda qabul qilinayotgan qonun hamda qonun osti hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos boʻlishi zarur. Zero Konstitutsiyamizning 3-bobi 16-moddasida birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi mustahkamlangan.
Jamiyatimizda, ayniqsa 2 palatali Parlament tashkil etilgani hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “...xalqimiz islohatlar va oʻzgarishlarni bugun, hozir his qilishi zarur”ligidan kelib chiqib, inson qadri va manfaati yoʻlida qabul qilinayotgan qonun hamda qonun osti hujjatlarini qabul qilishda bunga amal qilish huquqiy demokratik davlatning muhim garovi ham shartidir.
Konstitutsiya qabul qilingan dastlabki davrdan boshlab, Adliya organlari va muassasalari Bosh Qonunimiz mohiyatini mamlakatimiz aholisiga yetkazishda munosib xizmat qildi.
Jumladan hozirgi kunda ham Adliya organlari va muassasalari tomonidan doimiy ravishda “Konstitutsiya–adolat qomusi” shiori ostida huquqiy targʻibot tadbirlari, shuningdek qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, “respublika — viloyat — tuman — mahalla” prinsipi boʻyicha huquqiy targʻibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Qisqacha aytganda, Konstitutsiya qabul qilinganidan buyon oʻtgan yillar davomidagi taraqqiyot va hayotning oʻzi baxtimiz Qomusi sifatida eʼtirof etilgan mazkur yuksak huquqiy hujjatning naqadar yetuk va ishonchli ekanligini toʻla toʻkis tasdiqladi. Zero, Oʻzbekiston xalqining huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishi, koʻp asrlik orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishi yoʻlida Konstitutsiyamiz muhim ahamiyatga ega boʻlganini faxr bilan taʼkidlashimiz joiz.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
Bosh maslahatchisi S.Uskanov