Янгиликлар
Ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yoʻl qoʻyilmaydi
Ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yoʻl qoʻyilmaydi
Ommaviy axborot vositalarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining 15.01.2007-yildagi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat koʻrsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga ular mahsulotining Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
Mazkur Qonunning 5-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Eʼlon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni oʻzgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yoʻq.
Biroq, ushbu Qonunning 6-moddasiga koʻra, Ommaviy axborot vositalaridan:
Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish;
urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalarini targʻib qilish;
davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi axborot tarqatish;
agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targʻib qilish;
pornografiyani targʻib etish;
qonunga muvofiq jinoiy va oʻzga javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini eʼlon qilish, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yoʻl bilan taʼsir koʻrsatish taqiqlanadi.
Ohangaron tumani adliya
boʻlimi boshligʻi B.Joʻrayev