Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Qachon qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi vaqtincha cheklanadi?


Qachon qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi vaqtincha cheklanadi?

Sud hujjatlari, shuningdek qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirayotganlarida jismoniy yoki yuridik shaxslar zimmasiga pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni o‘zga shaxslarga berish yoxud ular foydasiga muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarni amalga oshirishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklash huquqi berilgan boshqa organlarning (mansabdor shaxslarning) hujjatlari majburiy ijro etilayotganda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan.

Mazkur Qonunning 421-moddasida qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash tartibi belgilab qo`yilgan.

Ushbu moddaga binoan, Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli, bundan jarima tariqasidagi jinoiy jazo bo‘yicha ijro ishini yuritish hollari mustasno.

Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur qarorning ko‘chirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga (agar uning turgan joyi ma’lum bo‘lsa), ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (boshqarmasiga) hamda Davlat chegarasini qo‘riqlash organlariga yuboriladi.

Agar ijro hujjati sud hujjati bo‘lmasa va sud hujjati asosida berilmagan bo‘lsa, undiruvchi qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni belgilash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkin.

Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashga asos bo‘lgan ijro hujjatining talablari amalda ijro etilganda yoxud u bo‘yicha ijro ishi yuritish ushbu Qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra tugatilganda yoki tamomlanganda, davlat ijrochisi keyingi kundan kechiktirmasdan qarzdor jismoniy shaxsni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.

Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, davlat ijrochisi to‘lov yoki garov shartnomasi to‘g‘risidagi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan manfaatdor shaxslarni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Bunda garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.

Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek chiqib ketishga cheklashni olib tashlash uchun aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni ta’minlash yuzasidan davlat ijrochilarining, ichki ishlar organlari va Davlat chegarasini qo‘riqlash organlarining hamkorligi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.

 

Ohangaron tumani adliya
bo`limi bosh
maslahatchisi                                                             A.Xakimov