Янгиликлар
Ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi
Ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi
O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘RQ-600-sonli Qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 06.12.2022 yildagi ““Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 808-son Qonuni qabul qilindi.
Qonunga muvofiq, ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi. Unga ko‘ra, endilikda davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:
- ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:
- agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 1 baravari (ilgari ko‘chmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha);
- agar ko‘chmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 50 foizi (ilgari ko‘chmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha).
- mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartishlar kiritganlik uchun:
- mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga – BHMning 10 foizi (ilgari BHMning 25 foizi);
- jismoniy shaxslar uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi);
- yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 50 foizi (ilgari BHMning 1 baravari).
- mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi).
- garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
- jismoniy shaxslar uchun – BHMning 1 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha);
- yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 2 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha).
- qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan 1 baravarigacha).
- avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:
- avtomototransport vositalari uchun – BHMning 3 baravari (ilgari transport vositasi dvigatelining quvvati, ya'ni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha);
- bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun – BHMning 25 foizi (ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 10 foizidan 50 foizigacha).
- avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, shuningdek avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
- mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga – BHMning 50 foizi;
- boshqa shaxslarga – BHMning 2 baravari (ilgari BHMning 3 baravari).
- qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish to‘g‘risidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning
50 foizi miqdorida undiriladi.
Ohangaron tumani adliya
bo`limi bosh maslahatchisi A.Xakimov