Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovichning
2022-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi oʻqib-eshittirildi. Murojaatnoma avvalida, Davlatimiz rahbari oʻtgan yil yakunlarini sarhisob qilib, oʻtgan yil davomida erishgan yutuqlarimiz va yoʻl qoʻygan kamchiliklarimiz haqida soʻzlab oʻtdi.

Shuningdek, 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berishni taklif qildi.

Aytishimiz lozimki, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich  Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida, kelgusi yil uchun rivojlanishning asosiy 6 yoʻnalishini belgilab berdi.

Birinchi yoʻnalish. Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtish;

Ikkinchi yoʻnalish. Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish va buni Konstitutsiyada mustahkamlash;

Uchinchi yoʻnalish. Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilash;

Toʻrtinchi yoʻnalish. Ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotganligi;

Beshinchi yoʻnalish. Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Konstitutsiyada alohida oʻrin egallash;

Oltinchi yoʻnalish. Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni koʻpaytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilash.

Mazkur yoʻnalishlar doirasida kelajakda ushbu ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Jumladan, xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida “qoʻl boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtiladi, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytiriladi, davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi, davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinadi, barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholab boriladi.

Bundan tashqari, 2023 yil 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyiladi, har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etiladi.

Taʼkidlash joizki, Maʼmuriy sudlarga hokim qaroridan norozi boʻlib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda, yaʼni boshqa hududda ham koʻrish amaliyoti joriy qilinadi.

Tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuchaytiriladi.

Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi, ular uchun soliq stavkalari har xil boʻladi.

Muhtaram Prezidentimiz oʻz nutqi yakunida, islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotgan, barcha sinovlarni mardona yengib, oʻzining fidokorona mehnati bilan jonajon Vatanimiz ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshayotgan mard va olijanob, bagʻrikeng xalqimizdan yana bir bor minnatdorligini bildirib barchamizni, butun xalqimizni Yangi yil bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Biz ham oʻz maqolamizni yurtboshimiz aytganlaridek yakunlaymiz.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Yaratganning oʻzi barchamizni, Oʻzbekistonimizni panohida asrasin!

Ohangaron tumani adliya
boʻlimi boshligʻi                                                                    B.Joʻrayev