Янгиликлар
DAVLAT XIZMATLARI MARKAZLARI YOKI ONLAYN TARZDA (MASOFADAN TURIB) RASMIY AXBOROT RESURSLARI ORQALI ELEKTRON RAQAMLI IMZO KALITINI ROʻYXATGA OLISH VA ELEKTRON RAQAMLI IMZO KALITINING SERTIFIKATINI BERISH.
Davlat xizmatlari markazlari yoki onlayn tarzda (masofadan turib) rasmiy axborot resurslari orqali elektron raqamli imzo kalitini roʻyxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish.
ERI kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — murojaat etuvchilar) Davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) yoki rasmiy axborot resursi orqali elektron tarzda murojaat qiladilar.
Bunda Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali ERI kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun faqat yuridik shaxslarning rahbarlari murojaat qilishlari mumkin. Yuridik shaxslarning boshqa vakillari ERI kalitlarini va ularning sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilishga haqli.
Bevosita murojaat qilinganda Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchining nomidan soʻrovnomani toʻldiradi. Bunda Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, soʻrovnoma ariza beruvchi tomonidan daktiloskopiya orqali tasdiqlanadi Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali murojaat qilingan hollarda murojaat qiluvchi mustaqil ravishda elektron shaklda davlat xizmatlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani toʻldiradi va soʻrovnomaga elektron murojaat qiluvchining pasporti (ID-karta) nusxasi hamda pasportning asosiy sahifasi (ID-karta) bilan birgalikda selfi usulida olingan fotosurat nusxasi ilova qilinadi. Bunda ilova qilinayotgan fotosurat nusxasida murojaat qiluvchi yuz qiyofasi tiniq koʻringan hamda pasportning asosiy sahifasi (ID-karta) barcha rekvizitlari oʻqib boʻladigan sifatda boʻlishi shart.
Murojaat etuvchi ERI kalitining sertifikatini olish uchun yigʻim toʻlaydi. ERI kalitining sertifikatini olish uchun Yagona portal orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining 90 foizi undiriladi. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning oʻquvchilariga, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi sinf oʻquvchilariga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan fuqarolarga ERI kalitlari sertifikatlari bepul beriladi. Agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) boʻlsa, soʻrovnomaga ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi koʻrsatilgan hamda ushbu ERI yopiq kaliti egasiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini berish toʻgʻrisida yuridik shaxsning xati (ishonchnoma) ilova qilinadi.
Murojaat etuvchilardan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi. Davlat xizmatlari markazi ERI kalitining sertifikatini berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani qabul qilganidan soʻng yigirma daqiqa vaqt ichida undagi maʼlumotlarni Davlat xizmatlari markazi xodimining ERI bilan tasdiqlangan holda vakolatli organning axborot tizimiga idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yoʻli bilan yuboradi. ERI kalitining sertifikatini berish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali tushgan hollarda, bir ish kuni ichida undagi maʼlumotlar Davlat xizmatlari markazi xodimining ERI bilan tasdiqlangan holda vakolatli organning axborot tizimiga idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yoʻli bilan yuboriladi.
Bunda Davlat xizmatlari markazi xodimi soʻrovnomani vakolatli organga yuborishdan oldin murojaat qiluvchining shaxsini aniqlash uchun quyidagilarni amalga oshiradi:
soʻrovnomada koʻrsatilgan mobil aloqa abonent raqami murojaat qiluvchiga tegishliligini idoralararo maʼlumotlar almashish tizimi orqali tekshiradi;
-murojaat qiluvchining pasporti (ID-karta) asosiy sahifasining va selfi-foto nusxasi boʻyicha pasportning (ID-kartaning) haqiqiyligini idoralararo maʼlumotlar almashish tizimi orqali tekshiradi;
-murojaat qiluvchining STIR orqali vakolatli organ axborot tizimidagi maʼlumotlarni soʻrovnomadagi maʼlumotlar bilan idoralararo maʼlumotlar almashish tizimi orqali solishtiradi. ERI yopiq kalitining paroli vakolatli organ tomonidan soʻrovnomada koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga sms-xabar shaklida yuboriladi. ERI yopiq kaliti egasining Davlat xizmatlari markaziga bevosita qilgan murojaatiga asosan soʻrovnomada koʻrsatilgan mobil telefon raqami oʻzgartirilishi yoki ERI yopiq kalitining paroli qayta yuborilishi mumkin. Davlat xizmatlari markazi xodimi ERI kalitini va ERI kalitining sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish vaqtida quyidagilarni amalga oshiradi:
-ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport, harbiy bilet, haydovchilik guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat) asosida uning shaxsini aniqlaydi;
-tarkibida roʻyxatga olingan ERI kalitlari va elektron hujjat shaklidagi ERI kalitining sertifikati boʻlgan faylni murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan oʻzga maʼlumotlar manbaiga yozib qoʻyadi va faylning yozilganligini tekshiradi;
- ERI kalitining sertifikatini qogʻoz hujjat shaklida talab etilgan taqdirda ikki nusxada chop etiladi va har bir nusxasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan imzolanib bir nusxasi ERI yopiq kaliti egasiga beriladi.
Davlat xizmatlari markazi xodimi ERI kaliti sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish jarayonida murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan oʻzga maʼlumotlar manbaidagi maʼlumotlarga oʻzgartirish kiritishi, ulardan nusxa olishi va oʻchirishi, oʻzida saqlash hamda ERI yopiq kaliti egasidan ERI yopiq kaliti parolini soʻrab olishi taqiqlanadi. Vakolatli organ tomonidan ERI kalitining sertifikatini berishni rad etishga quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
a) Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilingan hollarda:
murojaat qiluvchi taqdim etgan soʻrovnomada notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi;
ERI kalitining sertifikatini berish uchun toʻlov amalga oshirilmaganligi, qonun hujjatlarida ERI kalitlarining sertifikatlarini bepul olish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
murojaat qiluvchining hujjatlarni zarur tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;
b) Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali elektron tarzda murojaat qilingan hollarda:
murojaat qiluvchining shaxsi tasdiqlanmagan taqdirda;
murojaat etuvchi taqdim etgan soʻrovnomada notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi (shu jumladan, soʻrovnomada koʻrsatilgan mobil aloqa abonent raqami murojaat qiluvchiga tegishli emasligi);
ERI kalitining sertifikatini berish uchun toʻlov amalga oshirilmaganligi;
murojaat etuvchining hujjatlarni zarur tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi.
Boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, ERI kalitining sertifikatini berish maqsadga muvofiq emas degan sabablar bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Vakolatli organ ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomani uning aniq asoslarini koʻrsatgan holda Davlat xizmatlari markaziga yuboradi. Agarda murojaat etuvchining soʻrovnomasi vakolatli organga toʻgʻridan-toʻgʻri Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali kelib tushgan boʻlsa, ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma murojaat etuvchining oʻziga Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali avtomatik ravishda yuboriladi. Murojaat etuvchi vakolatli organning ERI kaliti sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomasi, shuningdek vakolatli organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Angren shahar Davlat xizmatlari markazi
direktori Gʻ.Axmedov